Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                

Kogon tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Kogon tumani viloyatning Buxoro tumani, shimolida qisqa masofada Vobkent tumani hamda Shimoli-sharqda Amu-Buxoro mashina kanalining oʻzani orqali Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,50 ming km². Aholisi 75,8 ming kishi (2018). Tumanda 2 shaharcha (Sarayonobod, Tutikunda) va 9 qishloq fuqarolar yigʻini (Beklar, Sariyon, Bahouddin Naqshband, Kogon, Tutikunda, Siyozipoyon, Xoʻja Yakshanba, Yangi Hayot, Ubachoʻli) bor. Markazi — Kogon shahri

Kogon tumani
Каганский район
tuman
Tarkibida Buxoro viloyati
Maʼmuriy markazi Kogon
Asos solingan sanasi 1930-yil
Hokimi Otabek Qazoqov[1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Kogon tumani xaritada
39°43′12″N 64°33′0″E / 39.72000°N 64.55000°E / 39.72000; 64.55000

Tabiati

tahrir

Tuman relyefi tekislikdan iborat. Yer yuzasining oʻrtacha balandligi 222 m. Quyimozor platosining eng baland joyi 252 m (Olchin tepaligi), Kogon shahridan janubidagi pastqam joylarning balandligi 215 m gacha (Kunjakoʻl pastqamligi). Iqlimi kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 15,G, yanvarniki 0°, iyulniki 29°. Minimal temperatura —25° (yanvar da), maksimal temperatura 46° (iyulda). Vegetatsiya davri 214 kun. Yiliga oʻrtacha 125-140 mm yogʻin toʻshadi. Yogʻinning koʻp qismi qish va bahorda yogʻadi.

Tuman Amu-Buxoro mashina kanali orqali suv bilan taʼminlanadi. Kanalning 10 km qismi tuman hududining shimoli-sharqiy chegarasidan oʻtadi. Quyimozor suv omboridan boshlangan kanalning bir qismi tuman hududini janubidan kesib oʻtadi. Choʻl zonasida qorakoʻlchilik bilan bogʻliq chorva mollarining suv taʼminoti sizot va artezian quduqlar suvi yordamida amalga oshiriladi. Tumanning sugʻoriladigan yerlari Bu-xoro vohasiga tegishli boʻlib, u joylarda koʻp tarmoqli zovurlar sistemasi barpo qilingan. Ortiqcha suvlar zovurlar orqali jan.ga — Dengizkoʻlga yoʻnaltirilgan. Kuyimozor platosi (qirlari) va pastqam shoʻrxok, gips-qum-shagʻalli joylardan yaylov sifatida foydalaniladi.

Tuprogʻi och qoʻngʻir, qumoq choʻl tuprogʻi va shoʻrxok. Sugʻoriladigan yerlarda begona oʻtlarning yuzdan ortiq turi uchraydi. Choʻl zonasida gipsli toshloq yerlarda achchiqmiya, gulsapsar, shuvoq, astragal, tuyatovon, karrak, isiriq keng tarqalgan. Shoʻrxok yerlarda shoʻrajriq, yulgʻun, qamish va boshqa mavjud. Qumoq joylarda yaltirbosh, arpagon, iloq va choʻlyalpiz qabilar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiya-boʻri, jayran va jayra, qushlardan soʻfitoʻrgʻay, chumchuq, zargʻaldoq, sudraluvchilardan gekkon kaltakesak, toshbaqa, sariq ilon, echkemar; kemiruvchilardan koʻrsichqon, kichik qoʻshoyoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush va boshqa uchraydi.

Aholisi

tahrir

Aholisi, asosan oʻzbeklar (92,5%), shuningdek, turkman, tojik, qozoq, rus, tatar, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km² ga oʻrtacha 106,8 kishi.

Xoʻjaligi

tahrir
 

Kogon tumani xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Tumanda paxta tozalash, yogʻ, gʻisht zavodlari, parrandachilik fabrikasi, 2 avtokorxona mavjud. Quyimozorda yigʻmatemir beton zavodi ishlab turibdi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan agrosanoat tarmoqlari, 150 dan ziyod xususiy firma va korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Sanoat korxonalarining aksari qismi Kogon shahrida joylashgan.

Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi — paxtachilik. Jami ekin maydoni 16,1 ming ga, shu jumladan 8,4 ming ga yerga paxta, 5,6 ming ga yerga donli ekinlar, 0,5 ming ga yerga sabzavot, 1,3 ming ga yerga ozuqabop ekinlar ekiladi, 448 ga yer bogʻdan iborat.

Kogon tumanida 12 shirkat xoʻjaligi, 1 jamoa, 4 paychilik, 244 fermer, 156 dehqon xoʻjaligi bor. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 26,3 ming qoramol, 27,4 ming qoʻy va echki, 27,1 ming parranda mavjud (2002). Asalari boqiladi.

Kogon tumanidan (Kogon shahri orqali) qoʻshni mamlakatlarga boriladigan xalqaro temir yoʻl oʻtgan. Avtomobil transporti tumanni viloyat markazi Buxoro shahri hamda qoʻshni tuman markazlari va boshqa shaharlar bilan bogʻlaydi. Avtomobil yoʻllarining oʻz. 230 km dan ortiq. Tumanda 22 umumiy taʼlim maktabi bo'lib 2023 yilda yana 2 ta yangi maktab ochilib umumiy hisobda 24 ta bo'ldi, gimnaziya, 7 madaniyat uyi, 20 jamoat kutubxonasi, 28 sport inshooti, kasalxona (230 oʻrin), amboʻlatoriya, poliklinikalar mavjud.

Tarixiy-meʼmoriy yodgorliklardan Kogon shahridagi tarixiy obidalar, Yangi hayot qishlogʻidagi Sayid Amir Kulol, Qasri Orifon (Naqshband) qishlogʻidagi Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmualari (14-asr) saqlangan.

Kogon tumanida „Mehnat bayrogʻi“ gaz. chop etiladi (adadi 1180 nusxa).[2]

Manbalar

tahrir
  1. „Kogon tumani hokimi o‘zgardi“. kun.uz (2024-yil 13-mart). Qaraldi: 2024-yil 11-may.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil