Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

At-Toiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
at-Toiy billoh
الطائع لله
Xalifa
Moʻminlar amiri

Buvayhiy hukmdor Adud ud-Davlaning xalifa at-Toiy nomi yozilgan oltin dinori
Abbosiylar xalifaligining 24-xalifasi
Saltanat 974-yil 5-avgust — 991-yil 22-noyabr
Oʻtmishdoshi al-Mutiy
Davomchisi al-Qodir
Tugʻilishi tax. 929
Bagʻdod
Vafoti 1003-yil 3-avgust (73-74 yoshda)
Bagʻdod, Iroq
Dafn etilgan joy
Bagʻdod
Turmush oʻrtogʻi Shoh Zanan bint Izz ud-Davla (turmush 977-yilda)[1][2]
Bint 'Adud al-Dawla[1]
Sulola Abbosiy
Otasi al-Mutiy
Onasi Utb
Dini Islom (Sunniylik)

Abu Bakr Abdulkarim ibn al-Faḍl (arabcha: أبو بكر عبد الكريم بن الفضل; 932 — 1003-yil 3-avgust), hukmdorlik nomi at-Toiy lilloh/billoh (arabcha: الطائع لله\بالله) bilan mashhur, 974-yildan 991-yil agʻdarilishiga qadar hokimiyatda qolgan Bagʻdod Abbosiy xalifasi. Iroqda shia buvayhiylar sulolasi hukmronligi davrida lavozimni egallagan va natijada buvayhiy amirlari qoʻl ostidagi kuchsiz hukmdor hisoblanadi. Uning davri raqib buvayhiy hukmdorlar oʻrtasidagi nizolar va Bagʻdodning tez-tez qoʻldan-qoʻlga oʻtishi bilan ajralib turardi. At-Toiyning oʻzi esa otasi al-Mutiyni taxtdan agʻdargan isyonchi turkiy sarkarda Sabuktakin tomonidan taxtga chiqarilgan. Bunday nizolar davrida at-Toiy maʼlum darajada siyosiy mustaqillikka ham erisha olgan boʻlsa-da, kuchliroq hukmdorlar davrida chetlashib qolib, amirlar Izz ud-Davla va Adud ud-Davlaning qizlariga uylanishga majbur boʻlgan. Qonuniylik uchun islomdan oldingi Fors boshqaruv modeliga murojaat qilgan Adud ud-Davla davrida xalifa at-Toiyning maqomi zarar koʻrib, Iroq Forsdan boshqariladigan oddiy viloyat maqomiga tushirilgan. At-Toiy 991-yil 22-noyabrda Baho ud-Davla tomonidan taxtdan agʻdarilib, oʻrniga amakivachchasi al-Qodir tayinlangan. Umrining qolgan qismini xalifalik saroyida oʻtkazib, 1003-yilda vafot etgan.

Abdulkarim (boʻlajak at-Toiy) 929-yil Bagʻdodda Abbosiy shahzodasi al-Fadl (xalifa al-Muqtadir) va kelib chiqishi yunon boʻlgan Utb ismli kanizakdan tugʻilgan[3][4]. Voyaga yetgan at-Toiy chechak bilan kasallangach, koʻzga koʻrinadigan darajada kattalashib ketgan burni zamondoshlarining satira obyektiga aylangan[5].

Otasi 946-yilda Bag‘dodni buvayhiylar sulolasi qo‘lga kiritgach, al-Mutiy nomi bilan taxtga o‘tirgan[6][7]. Buvayhiylarning oʻzlari shialik eʼtiqodini qoʻllab-quvvatlagan boʻlsalar-da, abbosiy xalifalarni saqlab qolish orqali boshqa musulmon hukmdorlar nazarida oʻz hokimiyatlarining qonuniyligini ta'minlashga qaror qilishgan. Shunday qilib, al-Mutiy amalda Iroqdagi hukmron buvayhiy amirning qoʻgʻirchogʻi boʻlib qolgan[8][9]. Ushbu boʻysunishning ijobiy natijasi xalifa taxtining barqarorligini taʼminlagani edi. Qisqa umr koʻrgan ajdodlaridan farqli oʻlaroq, al-Mutiy hijriy hisobda 29 yil-u toʻrt oy xalifalik qilgan. Yana bir farqli jihati xalifalik uchun juda oz sonli daʼvogar raqiblar bilan kurashishga majbur boʻlgani edi[10].

Taxtga chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

974-yil 1-avgustda turkiy sarkarda Sabuktakin Bag‘dod ustidan nazoratni buvayhiy hukmdor Izz ud-Davladan tortib olgan[3]. Toʻntarish sodir boʻlgach, al-Mutiy buvayhiy urugʻining quvgʻin aʼzolari bilan Bagʻdodni tark etgan, lekin Sabuktakin uni majburan qaytarib, oʻz saroyiga qamab qoʻygan[11]. Al-Mutiy sogʻligʻini bahona qilib taxtdan voz kechishga majbur boʻlgach, oʻrniga toʻngʻich oʻgʻli Abu Bakr Abdulkarim 974-yil 5-avgustda (hijriy 363-yil 13-zulqaʼda) at-Toiy lilloh nomi bilan xalifa etib tayinlangan[3][12][13]. Ushbu vorislik 902-yilda al-Muktafiydan keyin taxtning birinchi marta otadan oʻgʻilga oʻtishi edi[14].

At-Toiy ham otasi singari oʻrta asrlar va zamonaviy tarixchilar tomonidan tayinlov guvohnomalari va rasmiy yozishmalardagina ismi qayd etilib, haqiqiy hokimiyatga ega boʻmalgan kuchsiz shaxs deb hisoblangan[4]. Oʻz davridagi koʻplab diniy ziddiyatlarda ham hech qanday rol oʻynamagan ushbu xalifaning faoliyati toʻgʻrisida xalifalik saroy majmuasi tarkibidagi Qodhimiya masjidida tez-tez juma namozi oʻqigani[15] va masjidning asosiy eshiklaridan biri boʻlgan Bob al-hassani qayta qurganidan boshqa narsa maʼlum emas[16]. Tarixchi Xeribert Busse taʼkidlashicha, at-Toiy Bagʻdodda kamida oltita rejim oʻzgarishini oʻz ichiga olgan juda notinch davrda oʻn olti yil davomida lavozimini saqlab qolishga muvaffaq boʻlganini siyosiy ziyraklik va moslashuvchanlik sifatida baholash mumkin[17].

Yangi xalifa zudlik bilan Sabuktakinni Nosir ud-Davla sharafli unvoni bilan bosh amir (amir ul-umaro) etib tayinlagan[12][18]. Ko‘p o‘tmay, Sabuktakin at-Toiy va al-Mutiy hamrohligida Izz ud-Davla va uning amakivachchasi, Fors hukmdori Adud ud-Davla boshchiligidagi buvayhiy qo‘shinlari to‘plangan Vositga yo‘l olgan[3][19]. Sabuktakin yo‘lda vafot etib, o‘rniga boshqa turkiy g‘ulom Alptakin kelgan. Turklar 975-yil yanvarda Diyala daryosi yaqinida magʻlubiyatga uchrab, dastlab shimolga, Tikritga chekingan, soʻngra Suriyaga qochib ketishgan. Buvayhiylar esa Bagʻdodga kirishgan[19][20]. At-Toiyning turklar qo‘l ostidagi mavqei aniq emas. Xalifa Izz ud-Davlaga hokim vazifasida qilgan xatolari va kamchiliklari uchun maktublar yuborgan. Keyingi ommaviy maktublarida esa buvayhiylar laʼnatlagan. Bunda, aftidan buvayhiylar tarafdori boʻlib, taqiyyadan foydalanganini daʼvo qilgan[21]. Shunday qilib, tarixchi John Donohue „xalifalik turk qoʻzgʻolonchilari qoʻl ostida boʻlgan qisqa olti oylik mustaqillik“ haqida yozgan boʻlsa[22], Heribert Busse xalifani deyarli turklarning asiri deya taʼriflab yozgan[23].

Qanday baho berilmasin, at-Toiy tez orada oʻz mavqeini qisman boʻlsa-da tiklashga muvaffaq boʻlgan. Bunga buvayhiylarning oʻzaro janjali va qonuniylikka boʻlgan ehtiyojidan foydalangan holda erishgan. Bagʻdodda Adud ud-Davla amakivachchasini taxtdan agʻdarib, shahar boshqaruvini oʻz zimmasiga olgan. At-Toiy Tikritni tark etib, Bagʻdodga qaytib kelgan. Adud ud-Davla xalifani hurmat bilan qabul qilib, musodara qilingan mulklarini qaytarib bergan (kim musodara qilgani aniq emas. Ehtimol Izz ud-Davla boʻlishi mumkin)[3][22][24]. Uning rasmiy sarmoya uchun at-Toiy bilan amir sifatida maslahatlashgani hamda juma namozida ismi Izz ud-Davla ismidan aytilgani haqida maʼlumotlar bor. Bu voqeada Adud ud-Davla otasi, katta buvayhiy amiri Rukn ud-Davlaning Iroqni tark etib, Izz ud-Davla boshqaruvi ostidagi alohida amirlik boʻlishga ruxsat berish borasidagi bosimiga bosh eggan[25][26].

Izz ud-Davla boshqaruvida

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Map of the Middle East with countries and cities shown, and the Buyid domains highlighted in light blue
Buvayhiylar domenlari va Oʻrta Sharqdagi boshqa davlatlar (tax. 970)

Adud ud-Davla ketganidan keyin Izz ud-Davla o‘z rejimini mustahkamlash va amakivachchasining gegemonlik ambitsiyalariga qarshi ittifoqchilar to‘plashga harakat qilgan. Bu sa’y-harakatlar at-To’iyning manfaatlariga ham mos tushib, xalifa va Izz ud-Davlaning vaziri Ibn Boqiyyaning ud-Davla qo’shimchasi boʻlgan bir qator faxriy unvonlar bilan ta’minlanishini qamrab olgan[27].

Rukn ud-Davla 976-yil sentabrida vafot etgach, Adud ud-Davla buvayhiylar saltanatining sharqiy qismini nazorat ostiga olgan. Izz ud-Davla esa Iroqda oʻzini de-fakto mustaqil boʻlib olgan. At-Toiy ikki amakivachcha oʻrtasidagi kelishmovchilikni chuqurlashtirish imkoniyatidan foydalanib, shuhratparast Izz ud-Davlaga yuqori imtiyozlar berib, Adud ud-Davla bilan tenglashtirib qoʻygan. Jumladan, Ibn Boqiyya Izz ud-Davla va xalifaning qo‘shma vaziri etib tayinlangan, Izz ud-Davlaning unvonlari oshirilgan va nihoyat xalifaning o‘zi buvayhiy amirining qiziga uylangan[28]. Rukn ud-Davlaning vorisi sifatida oʻz hokimiyatidan koʻngli toʻlmay, eʼtiroz bildirgan Adud ud-Davla amakivachchasiga qarshi harakat qilgan. Muvaffaqiyatli kechikishdan soʻng, oʻz mustaqilligini namoyish qilish maqsadida at-Toiy Izz ud-Davla Xuzistondagi qarorgohiga borib, u tarafiga oʻtishini bildirgan va Adud ud-Davlaga tinchlik taklifi bilan xat yuborgan. Taklif rad etilib, Adud ud-Davla amakivachchasi ustiga yurish qilgach, oʻz mustaqilligini ramziy daʼvo qilgan xalifa lagerni tark etib, Bagʻdodga qaytib kelgan. Adud ud-Davla 977-yil iyulida Izz ud-Davla ustidan gʻalaba qozonib, 23-dekabrda Bagʻdodga kirgan[29].

Adud ud-Davla boshqaruvida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rasmiy marosimda at-Toiydan amir ul-umaro unvonini qabul qilgan Adud ud-Davla tantanali ravishda yangi unvonlarga sazovor boʻlgan[30]. Unga toj va zargarlik buyumlari bilan bezatilgan boʻyinbogʻ, faxriy Toj al-Milla („Musulmonlar jamoasi toji“), shuningdek, oʻzi va merosxoʻri uchun bayroq berilgan[3]. Adud ud-Davla oʻziga xalifaning tinglovchilar xonasiga otda kirishiga ruxsat berish va xalifaning oldida sajda qilganidagi boʻysunish ishorasini hamrohlari koʻrmasligi uchun parda oʻrnatish kabi ikkita maxsus imtiyoz ham soʻragan[31]. Xalifa bu talablarni keskin rad etib, hatto tinglovlar xonasi oldiga to‘siq ham o‘rnatgan. Shunda buvayhiy hukmdori otdan tushib, piyoda kirishdan boshqa chorasi qolmagan[32]. Biroq, At-Toiy marosimga qadimgi fors protokoliga mos baʼzi tafsilotlarni qoʻshishga rozi boʻlgan. Bu buvayhiy tarafdorlariga goʻyo xalifa Adud ud-Davlaga shohlik tojini kiydirgandek tuyulgan. At-Toiy bu oʻzgarishlarning ahamiyatini bilgan yoki bilmagani aniq emas[33][34]. At-Toiy shuningdek, 978-yil may oyida Samarrada Izz ud-Davla qoʻshinlarining qoldiqlarini magʻlub etgan Adud ud-Davlaga hamrohlik qilishga rozi boʻlgan. Shundan soʻng Bagʻdodga qaytib kelgan[35].

Toj kiyish epizodidan maʼlum boʻlishicha, Adud ud-Davla va umuman buvayhiylar oʻz pozitsiyalarini mustahkamlash va qonuniylikning mustaqil manbasiga daʼvo qilish uchun islomgacha boʻlgan davr fors anʼanalari, marosimlari va unvonlariga tobora koʻproq tayana boshlagan[36][37][38]. C. E. Bosvortning fikricha, buvayhiylar hukmdori „xalifalik va monarxiya oʻrtasida hokimiyatni boʻlish, cherkov va imperiya haqidagi oʻrta asrlar Yevropa nazariyalariga teng keladigan“ at-Toiy dunyoqarashiga esa mutlaqo yot tushunchani maqsad qilgan[39]. Oʻzining Iroq ustidan hukmronligi tan olinishi uchun xalifalik eʼtirozlariga boʻysunishga majbur boʻlgan Adud ud-Davla dastlab at-Toiyga hurmat bilan munosabatda boʻlib[34], uning barcha imtiyozlarini tiklagan va xalifa saroyini taʼmirlash uchun toʻlov qilgan[39].

Izz ud-Davla va uning Yuqori Mesopotamiyadagi Hamdoniy ittifoqchilari magʻlubiyatga uchragan zahoti, Adud ud-Davla xalifaning yaqin atrofidagilarga qarshi tozalash ishlarini boshlab yuborib, vazir Ibrohim as-Sabiy, bosh qozi Ibn Maʼruf va Bagʻdod hukumatidagi boshqa yuqori martabalilarni qamoqqa tashlagan[40]. Ayniqsa, Ibn Ma’rufning lavozimidan chetlatilishi buvayhiylar hukmronligi davrida xalifaning qolgan asosiy huquqi, ya’ni Bag‘dod va Iroq bosh qozisini tayinlashni buzish edi[41][42]. Iroqning vazir va bosh qozisi lavozimlari boʻshagach, ushbu lavozimlarga buvayhiylar poytaxti Fors viloyatidan tayinlovlar amalga oshirilgan. Shunday qilib, Iroq yangi markazdan boshqariladigan buvayhiylar imperiyasining muntazam viloyatiga aylantirilgan[36][43]. Adud ud-Davla hatto xalifalik mansabining soʻnggi ramziy jihatlarini, yaʼni amaldorlar va hokimlarni uning nomidan tavsiya qilishni ham tortib olgan[44].

980-yilda Adud ud-Davla sharqqa yurishlaridan soʻng Bagʻdodga qaytgach, at-Toiy shaxsan buvayhiy amirini shaharga boshlab kirgan. Bu misli koʻrilmagan voqea boʻlsa-da, Bosvortning taʼkidlashicha, „xalifa yana bir bor oʻzi ishtirok etgan marosimning ahamiyatini anglay olmagan koʻrinadi“[45]. Xalifani oʻziga yanada yaqinlashtirish harakat qilgan Adud ud-Davla 980-yilning ikkinchi yarmida oʻz qizlaridan birini at-Toiyga turmushga berishni rejalashtirgan. Agar Adud ud-Davla, zamonaviy tarixchi Miskavayh aytganidek, bu ittifoqning avlodlari bir kun kelib Abbosiylar xalifaligini buvayhiylar saltanati bilan birlashtiradi, deb umid qilgan bo‘lsa, bu umidlar amalga oshmagan. At-Toiy bu nikohni eng yomon holatda oʻzini majburlash, eng yaxshisi, buvayhiy amiriga nisbatan ajralib turish va iltifot belgisi deb koʻrib, uni yakunlashda qatʼiyan bosh tortgan[45][46]. Bu at-To'iy va Adud ud-Davla oʻrtasidagi soʻnggi uzilishga olib kelgan. Adud ud-Davla hatto Iroqqa ham oʻz tangalari yozuvlariga shahanshoh („Podshohlar qiroli“) degan provokatsion, forsdan kelib chiqqan va mutlaqo noislomiy unvonni kiritgan[31][47].

Adud ud-Davlaning vorislari boshqaruvida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adud ud-Davla 983-yil 26-martda 49 yoshida vafot etgan. Undan katta, ammo mustahkamlanmagan imperiya va tartibga solinmagan meros qolgan[48]. Buvayhiy sarkardalari dastlab Adud ud-Davlaning ikkinchi o‘g‘li Marzubonga Samsam ud-Davla nomi bilan bay’at berishgan. At-Toiy vorislikni tan olib, Samsam ud-Davlaga Shams ul-Milla unvonini bergan[3][49]. Adud ud-Davlaning Sharaf ud-Davla nomi bilan tanilgan toʻngʻich oʻgʻli Shirdil vorislikni tan olishdan bosh tortib, Forsni egallab olgan. Shu tariqa Samsam ud-Davla Iroq bilan cheklanib qolgan, lekin u yerda ham raqiblarga duch kelgan. Jumladan, Yuqori Mesopotamiya Kurd Badxga boy berilgan. Adud ud-Davlaning ikkita kichik oʻgʻli esa Xuziston va Basrani egallagan. Ayni paytda buvayhiylar saltanatining sharqiy hududlarida ularning amakisi Faxr ud-Davla vorislikka daʼvo qilib, oʻzi uchun shahanshoh unvonini talab qilgan[50].

Buvayhiylar oʻrtasidagi oʻzaro janjallar Toiy uchun ham imkoniyatlar yaratgan. Jumladan, Adud ad-Davla davrida quvilgan amaldorlar qayta tiklangan, buvayhiy amirlaridan biriga qarashli alohida siyosiy birlikka aylangan Iroqning boshqa hududdan boshqariladigan viloyatga aylanish xavfi vaqtincha tugatilgan[51]. Samsam ud-Davlaning nomiga boʻlsa-da, barcha tayinlovlarni rasman „Amirul moʻmininning buyrugʻi bilan“" amalga oshirishga qaytgan[52]. Buvayhiylarning tarqoqligi xalifaga janjallashayotgan amirlar oʻrtasida hakam vazifasida siyosiy rol oʻynash imkonini berardi[53]. tax. 985-yilda xalifa somoniylarga islom chegaralarini himoya qilish uchun mablagʻ ajratgan[54], Sharaf ud-Davla Xuziston va Basrani bosib olgandan keyin Samsam ud-Davla va Sharaf ud-Davla oʻrtasidagi tinchlik bitimiga vositachilik qilgan. 986-yil iyun oyida tuzilgan shartnomaga binoan Sharaf ud-Davla bosh amir deya tan olinib, uning nomi Bag‘doddagi juma xutbasiga kiritilgan. Ikkala tomon ham xalifaning rasmiy hokimiyatini tan olgan[55][56]. Sharaf ud-Davla Bag‘doddagi daylamiylar va turklar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni bahona qilib tez orada kelishuvdan voz kechgan va shaharga yurish qilib, 987-yil yanvarda ukasini qo‘lga olib, qamoqqa tashlagan. 987-yil may oyida xalifa uni bosh amir deya eʼtirof etgan[56][57].

Sharaf ud-Davla qisqa hukmronlik qilib, 988-yil 7-sentyabrda vafot etgan[56][58]. Ikki oʻgʻli voyaga yetmagani uchun uning oʻrniga Baho ud-Davla nisbasini qabul qilgan ukasi Abu Nasr Firuz oʻtirgan. At-Toiy vorislikni tan olib, Baho ud-Davlaga Diya al-Milla unvonini bergan[3][56]. Baho ud-Davla tezda Faxr ud-Davla hujumiga uchragan. Biroq, ikki buvayhiy amirlari tezda kelishib olgan. Bu kelishuvga ham xalifa hakamlik qilgan. Amirlar bir-birlarini oʻz mulklari ustidan hukmdor deb tan olishgan[58].

Agʻdarilishi va vorislik masalasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buvayhiy amirining qoʻshinni saqlash uchun mablagʻi yoʻq boʻlib, xalifalik xazinasini qoʻlga kiritish maqsadida qudratli hukumat boshligʻi Abul Hasan ibn al-Muallim maslahatiga amal qilib, at-Toiyni taxtdan agʻdargan[3][4][59]. 991-yil 22-noyabrda (381-hijriy 12-ramazon) tinglovchilar niqobi ostidagi Baho ud-Davlaning odamlari xalifani qo‘lga olishgan. Xalifa saroyi talon-taroj qilinayotganda xalifa choponga o‘rab, amir qarorgohiga olib kelinib, u yerda qamoqqa olingan[3][4]. Uning o‘rniga amakivachchasi Abul Abbos Ahmad al-Qodir nomi bilan taxtga oʻtirgan[4][60].

At-Toiyning amakivachchasi bilan munosabatlari keskinlashgan edi. 988-yilda uning oʻgay singlisi, ehtimol, meros boʻyicha kelishmovchilik tufayli, at-Toiyning oʻrniga amakivachchasining xalifa boʻlishini xohlayotgani haqida xabar bergan. Ahmad qo‘lga tushishdan qutulish uchun bir muddat yashirinib yurgan. Taxminan uch yil Basra yaqinidagi Batiha botqog‘i hokimi Muhazzib ud-Davladan panohida boʻlgan[61][60]. Ahmad u yerdan at-Toiyga qarshi fitna uyushtirgan. Oʻzining buvayhiylarga sodiqligi haqida gapirib, at-Toiyni turklar taxtga chiqarganiga qarshilik koʻrsatgan[60].

At-Toiy 992-yil sentyabrda xalifalik saroyiga koʻchib oʻtishga ruxsat berilgunga qadar hibsda qolgan. Oldingi kelishmovchiliklariga qaramay, al-Qodir unga yaxshi munosabatda boʻlgan[4]. At-Toiy avvalgi taxtdan tushirilgan xalifalar kabi koʻr qilinmagan. Unga hukmron xalifa tufayli muomala qilingan[62]. At-Toiy 1003-yil 3-avgust kuni saroyda vafot etgan. Rusafa shahrida otasi al-Mutiy va katta buvisi, al-Muqtadirning onasi Shagʻab qabri qarshisidagi maqbaraga dafn qilingan[4][5][63].

At-Toiyning taxtdan tushirilishi oqibatlari uzoq davom etgan. Al-Qodirni buvayhiylarning qoʻgʻirchogʻi deb hisoblagan sharqdagi Somoniylar va Gʻaznaviylar sulolalari 999/1000-yilgacha merosxoʻrlikni tan olishdan bosh tortib, juma namozi va shu vaqtgacha zarb etilgan tangalarda At-Toiy nomidan foydalanishda davom etishgan[4][5][64]. Bundan tashqari, taxtdan agʻdarilgan xalifaning qarindoshi Abdulloh ibn Jaʼfar Bagʻdoddagi qamoqxonadan qochishga muvaffaq boʻlgan. U Gilonga qochib borib, u yerda oʻzini at-Toiy deb tanishtirgan va mahalliy hukmdorni ham bunga ishontirgan. Bagʻdod bu daʼvogardan xabar topgandan keyingina uning haqiqiy shaxsi oshkor boʻlgan[64].

  1. 1,0 1,1 Rudainy, Al; Saud, Reem „The Role of Women in the Būyid and Saljūq Periods of the Abbasid Caliphate (339-447/9501055&447-547/1055-1152): The Case of Iraq“. University of Exeter (2015-yil 12-iyun). Qaraldi: 2024-yil 14-aprel.
  2. El-Azhari, T.. Queens, Eunuchs and Concubines in Islamic History, 661-1257, Edinburgh Studies in Classical Islamic History and Culture. Edinburgh University Press, 2019 — 85-bet. ISBN 978-1-4744-2319-9. 
  3. 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 Demircan 2010, s. 447.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 4,6 4,7 Zetterstéen & Bosworth 2000, s. 115.
  5. 5,0 5,1 5,2 Demircan 2010, s. 448.
  6. Donohue 2003, ss. 13–15, 18.
  7. Busse 2004, ss. 27, 153.
  8. Kennedy 2004, ss. 216, 239.
  9. Donohue 2003, s. 266.
  10. Donohue 2003, ss. 18, 263.
  11. Busse 2004, ss. 143–144.
  12. 12,0 12,1 Donohue 2003, s. 270.
  13. Busse 2004, ss. 44, 143–144.
  14. Busse 2004, s. 153.
  15. Busse 2004, ss. 137–138.
  16. Busse 2004, s. 191.
  17. Busse 2004, ss. 47–48.
  18. Busse 2004, s. 44.
  19. 19,0 19,1 Kennedy 2004, s. 224.
  20. Busse 2004, ss. 44–45, 144.
  21. Donohue 2003, ss. 271–272.
  22. 22,0 22,1 Donohue 2003, s. 271.
  23. Busse 2004, s. 144.
  24. Busse 2004, ss. 48, 144, 151.
  25. Busse 2004, ss. 44–46, 48.
  26. Donohue 2003, s. 273.
  27. Busse 2004, ss. 47–49, 251.
  28. Busse 2004, ss. 49, 51.
  29. Busse 2004, ss. 51–52, 58, 144.
  30. Busse 2004, s. 52.
  31. 31,0 31,1 Bosworth 1975, s. 275.
  32. Bosworth 1975, ss. 275–276.
  33. Bosworth 1975, s. 276.
  34. 34,0 34,1 Busse 2004, s. 58.
  35. Busse 2004, ss. 52, 58, 144.
  36. 36,0 36,1 Bürgel & Mottahedeh 1988, ss. 265–269.
  37. Bosworth 1975, ss. 274–277.
  38. Busse 2004, ss. 174–179.
  39. 39,0 39,1 Bosworth 1975, s. 277.
  40. Busse 2004, ss. 58–59.
  41. Busse 2004, ss. 59, 136.
  42. Donohue 2003, s. 121.
  43. Busse 2004, s. 59.
  44. Busse 2004, ss. 135–136.
  45. 45,0 45,1 Bosworth 1975, s. 278.
  46. Busse 2004, ss. 59–60.
  47. Busse 2004, ss. 60, 176.
  48. Busse 2004, s. 61.
  49. Bosworth 1975, s. 289.
  50. Bosworth 1975, ss. 289–291.
  51. Busse 2004, s. 68.
  52. Busse 2004, s. 136.
  53. Busse 2004, ss. 68–69.
  54. Busse 2004, s. 147.
  55. Busse 2004, ss. 65–66, 136.
  56. 56,0 56,1 56,2 56,3 Bosworth 1975, s. 291.
  57. Busse 2004, s. 66.
  58. 58,0 58,1 Busse 2004, s. 67.
  59. Busse 2004, ss. 69, 304.
  60. 60,0 60,1 60,2 Busse 2004, s. 69.
  61. Küçükaşcı 2001, s. 127.
  62. Busse 2004, ss. 157–159.
  63. Busse 2004, s. 200.
  64. 64,0 64,1 Busse 2004, s. 70.
at-Toiy
Tavalludi: 929 Vafoti: 1003-yil 3-avgust
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Abbosiylar xalifaligi xalifasi
974 — 991
Keyingisi