Igna
Igna, nina — 1) tikuvchilik, trikotaj ishlab chiqarish, matbaa va boshqa maqsadlarda keng ishlatiladigan tikuv quroli. Tikuvchilik ignasining qoʻlda va mashinada tikadigan xillari bor; qoʻlda tikadigan igna xilma-xil yoʻgʻonlikdagi poʻlat simdan suyri, oʻtkir, ip oʻtkaziladigan teshikli qilib yasaladi. Ular uzunligi va diametriga qarab raqamlarga boʻlinadi (masalan 1 dan 9-raqamgacha boʻlgan ignaning yoʻgʻonligi 0,6 dan 1,0 mm gacha, uzunligi 30 dan 50 mm gacha). Kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak va hokazo tikishda ishlatiladi. Katta-kichikligi va yoʻgʻon-ingichkaligiga qarab, chok ignasi (chok tikish uchun), qaviq ignasi (qavish uchun), palak ignasi (palak tikish uchun), soʻzan ignasi (hurjun, toʻrva, etik, mahsi va hokazo tikish uchun), mashina ignasi (tikuv mashinalari uchun) kabi xillarga boʻlinadi. Igna yuzdan bir mm larda ifodalangan raqamlar (№60 — 0,60 mm, №120 — 1,2 mm) boʻyicha birbiridan farq qiladi. Trikotaj ignasi trikotaj mashinasining izma (petlya) hosil qiluvchi qismi. Ilgakli, tilli va oʻyikli xillari koʻp tarqalgan;
2) tibbiyotda: jarrohlik operatsiyalarida yaralarni tikish uchun ishlatiladigan qurol; katta-kichik va turli yoʻgʻonlikdagi ignalar boʻladi. Shuningdek, shprits ignalari ham bor;
3) matbaa ignasi: yogʻoch dastaga mahkamlangan, uchi kesik konus yoki kurakcha koʻrinishidagi ingichka poʻlat sterjen; odatdagi tikuvchilik ignasiga oʻxshash boʻladi. Ofort (naqsh) va gravyuralar hosil qilishda qoʻllanadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |