Korrupsiya
Korrupsiya (lotincha: corrumpō – aynish, poraga sotilish) – mansabdor shaxsning oʻz mansabi boʻyicha berilgan huquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiisteʼmol qilishidan iborat amaliyot. Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham Korrupsiya deyiladi. Korrupsiya davlat apparati va parlament faoliyatida ayniqsa, avj oladi. Saylanadigan lavozimlarga nomzodlar saylov kampaniyasini oʻtkazish harajatlarini koʻtarish Korrupsiya koʻrinishlaridan biridir (saylangan kishi turli imtiyozlar, yordam, xizmatlar koʻrsatib „oʻz qarzini“ qaytaradi). Aksariyat Korrupsiya lobbizm (monopoliyalarning qonunchilik organlari va amaldorlarga tazyiq oʻtkazish bilan shugʻullanadigan muassasa va agentlari tizimi) bilan bogʻlangan. Xalqaro darajada 1970-yillarda Yaponiyaga samolyotlar sotishda kompaniya tomonidan oliy davlat amaldorlarini sotib olish boʻyicha „Lokxid ishi“ eng yirik Korrupsiya koʻrinishlariga misol boʻladi. Porani xaspoʻshlash uchun yirik bitishuvlarda koʻproq „xizmat haqi“ toʻlash amaliyotidan foydalaniladi[1]. Makroiqtisodiy tadqiqotlarga binoan, korrupsiya iqtisodiy oʻsish va taraqqiyotga xalal beruvchi eng katta omildir[2][3].
Kelib chiqish
[edit | edit source]Korrupsiya (lot. Corrumpere – buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini koʻzlab qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
Koʻp hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya koʻplab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida taʼqib qilinadi.
Korrupsiyaning tarixiy oʻzaklari juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada maʼlum mavqega ega boʻlish uchun qabila sardorlariga sovgʻalar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. Oʻsha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta toʻsiq ekanligini koʻrsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxoʻrligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan maʼlum. Chunki bu holat davlatning obroʻsiga juda qattiq putur yetkazardi. Dunyoning yetakchi dinlarida ham birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxoʻrligi qattiq qoralanadi. Jumaladan, Injilda „Sovgʻalarni qabul qilma, chunki sovgʻa koʻrni koʻradigan qiladi va haqiqatni oʻzgartiradi“ deyilgan boʻlsa, Qu’roni Karimda „Boshqalarning mulkini nohaq yoʻl bilan olmangiz va boshqalarga tegishli boʻlgan narsalarni olish uchun oʻz mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar“ deyilgan.
XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib jamiyat davlat boshqaruv apparatining ish sifatiga tobora koʻproq taʼsir koʻrsata boshladi. Bu oʻsha davrda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlarida oʻz aksini topgan. Jumladan, 1787-yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish AQSh prezidentini impechmentga tortish mumkin boʻlgan ikki jinoyatning biri sifatida koʻrsatib oʻtilgan. Siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va ularning mamlakat hayotidagi oʻrnining oshib borishi XIX-XX asrlarda rivojlangan davlatlarda korrupsiyaning dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan ancha kamayishiga olib keldi.
Ushbu illatni tadqiq qilgan bir qator yirik mutaxassislar quyidagi faktorlarni korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar sifatida koʻrsatadi.Ikki xil maʼnoni anglatuvchi qonunlar – ushbu vaziyat huquqni qoʻllovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qoʻllash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat, maʼmuriy qonunchilikdagi „vilka“ sanksiyalarni ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan. Yaʼni, sanksiyaning aniq miqdori yoʻqligi sudyada uni oʻz xohishiga qarab qoʻllashga sharoit yaratib beradi. Aholi huquqiy savodxonligining pastligi – aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga oʻzining shaxsiy manfaati yoʻlida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.
Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning notinchligi – mamlakatdagi notinchlik birinchi navbatda aholi ongida hayotda yuksak turmush darajasiga erishishning asosiy usuli qonunga xilof faoliyat bilan bogʻliq, degan mutlaqo axloqqa zid nuqtai nazar shakllanishiga olib keladi. Bu esa oʻz navbatida korrupsiyaga qulay sharoit yaratadi.
Ijro hokimiyatining birligi tamoyilinining buzilishi – aynan bitta faoliyatning turli instansiyalar tomonidan tartibga solinishi:
aholining davlatni nazorat qilishdagi sust ishtiroki;
davlat sektoridagi xizmat qilayotgan xizmatchilar daromadlarining xususiy sektorda topish mumkin boʻlgan daromadlardan kamligi;
iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi;
inflyasiyaning yuqori darajasi;
mamlakat yuqori boshqaruv organlarining aholidan uzilib qolganligi;
mamlakatdagi diniy va axloq qoidalari.
Jahon mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashning quyidagi usullari mavjud.
Ichki nazorat —bu usul boshqaruv apparatining oʻzida nazoratni kuchaytiruvchi tuzilmalar (har xil ichki inspeksiyalar va boshqa nazorat organlari tuzish orqali) yaratishni taqazo etadi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir. Hozirgi kunda bizning yurtimizda ham bir qator huquqni muhofaza qilish organlarida aynan shu vazifani bajaruvchi ichki tuzilmalar yaratilgan.
Tashqi nazorat – bu usulda ijro apparatidan mustaqil tuzilmalarning mustaqilligini oshirish nazarda tutilib, aynan ushbu tuzilmalar orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. Yaʼni, sud hokimiyatining maksimal darajada mustaqilligiga erishish ommaviy axborot vositalariga koʻproq erkinlik berish va hokazo.
Saylov tizimi orqali kurashish – demokratik davlatlarda saylangan vakillarni korrupsiya uchun jazolashning asosiy usullaridan biri keyingi saylovlarda unga ovoz bermaslik hisoblanadi. Korrupsiyaga saylovlar orqali taʼsir oʻtkazish eng samarali usul hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini oʻrganish shuni koʻrsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim oʻrin egallaydi.
Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Yaʼni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin boʻlgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past boʻlgan davlatlar qatoriga olib chiqqan.
Manbalar
[edit | edit source]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Bardhan P. Corruption and development // Journal of Economic Literature. – 1997. – Vol. 25. – P. 1320. [1] (Wayback Machine saytida 2009-09-20 sanasida arxivlangan)(ingl.)
- ↑ Tanzi, V. Corruption, Governmental Activities and Markets // IMF Working Paper 94/99. – International Monetary Fund, Washington, DC. – 1994. [2](ingl.)
Havolalar
[edit | edit source]- Korrupsiya —taraqqiyotga toʻsiq (Wayback Machine saytida 2016-03-04 sanasida arxivlangan), Inson va Qonun
- Korrupsiya, uning oldini olishda antikorrupsiyaviy ekspertizaning oʻrni (Wayback Machine saytida 2013-08-31 sanasida arxivlangan), huquqburch.uz
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |