Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Abdurahmon Oftobachi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdurahmon oftobachi (taxminan 1844 - 1884, Orenburg) – Qoʻqon xonligida oftobachi, soʻngra parvonachi, ming-boshi bo`lgan. Qoʻqon xonligining janubiy qismidagi togʻli viloyatlarda yashovchi qirgʻizlar va qipchoqlarning bir qismi tomonidan Xudoyorxoning zulmiga, xususan soliq siyosatiga qarshi boshlangan qoʻzgʻolon rahbarlaridan. Ularga oʻzbek va tojiklar qoʻshilib umumxalq harakatiga aylanib ketgan (qarang Poʻlatxon qoʻzgʻoloni).

Xudoyorxon qoʻzgʻolonni bostirish uchun Abdurahmon oftobachi va Isa avliyo boshchiligida qoʻshin joʻnatgan, biroq ular qoʻzgʻolonchilar tomoniga oʻtgan. Qoʻzgʻolonchilar Oʻsh, Namangan, Andijon va Asakani olganlar. Xon qoʻzgʻolonni bostirish uchun Turkiston general-gubernatorligidan yordam soʻragan va uni kutmay Toshkentga qochgan. M. D. Skobelev boshchiligidagi jazo qoʻshini Qoʻqonga 1875-yil 13-iyulda yetib kelgan. Qoʻzgʻolonchilar 1873-yildayoq Poʻlatxonni xon deb e’lon qilganlariga qaramay Abdurahmon oftobachi Xudoyorxon qochib ketgandan soʻng taxtga Xudoyorxonning katta oʻgʻli Nasriddinbekni oʻtqazadi. Abdurahmon oftobachi qoʻzgʻolonchilar safini yangi kuchlar bilan toʻldirib, qipchoqlar va oddiy jangchilarga dahboshi, ellikboshi kabi unvonlar berib, ularni yangidan tuzilayotgan qoʻshinlarga boshliq etib tayinlagan. 1875-yil 22-avgustda Mahram jangi boʻlib, unda qoʻzgʻolonchilar yomon qurollanganliklari, harbiy mahorat yoʻqligi tufayli yengilganlar. 8–9-sentabrda Abdurahmon oftobachining 5 ming kishilik lashkari M. D. Skobelev qoʻshini bilan Mingtepa qishlogʻida jang qilib magʻlubiyatga uchragan. Abdurahmon oftobachi 25 yigiti bilan Oʻzganga qochgan. Bu janglarda Poʻlatxon Abdurahmon oftobachiga yordam bermagan. Abdurahmon oftobachi va Poʻlatxonlarning oʻzaro raqobatidan foydalangan rus qoʻshinlari Qoʻqon, Margʻilon va Oʻshni jangsiz egallaydi. M. D. Skobelev Abdurahmon chopiq boshchiligidagi qipchoqlarga uzil-kesil zarba berish uchun qipchoqlarning Norin bilan Qoradaryo oraligʻidagi qishlov yeriga 1876-yil qishida harbiy ekspedisiya uyushtirgan. Qoʻzgʻolonchilar bundan xabar topib rus qoʻshinini Andijonda kutib olganlar. 1876-yil 8-yanvardagi jangda qoʻzgʻolonchilar yana magʻlubiyatga uchraganlar. 18-yanvarda Abdurahmon chopiq boshchiligidagi lashkar Asakada yengilib, shaharni tashlab chiqqan. 19-yanvarda Poʻlatxon sulh taklif etib Xoʻjandga K. P. Kaufman huzuriga elchilarini yuborgan. Bundan Abdurahmon chopiqni rus aygʻoqchilari ogoh etadilar. Abdurahmon chopiq oʻz hayotini saqlab qolish va mavqega ega boʻlish ilinjida 1876-yil 20-yanvarda taslim boʻlishi haqida muzokaralar olib borish uchun ishonchli kishilarini joʻnatgan, 24-yanvarda general M. D. Skobelev bilan shaxsan uchrashganidan soʻng oʻz safdoshlari (26 safdoshi va 400 jangchi) bilan taslim boʻlgan. Abdurahmon chopiq oʻz tasarrufidagi qoʻzgʻolonchilarni tarqatib yuborgan, bu bilan qoʻzgʻolon magʻlubiyatga mahkum etilgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Bobobekov H. N., Qoʻqon tari-xi, T., 1996; Bobobekov H. N., Poʻlatxon qoʻzgʻoloni, T., 1996.Haydarbek Bobobekov.