Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Anafora

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Anafora (takror) – sheʼr yoki banddagi misra, gaplarning boshidagi soʻz yoki soʻz birikmasining boshqa misralar boshida aynan takrorlanib kelishi.

Misol:

Endi odam quldek sotilmas,
Endi odam oʻtga otilmas,
Endi unga qafas boʻlmas jon,
Endi dunyo boʻlmaydi zindon.

(Hamid Olimjon „Zaynab va Omon“dagi Sobir gapi)

Ushbu badiiy sanʼat usuli misra, matn boshidagi soʻzning parallel holda takroridan iborat bo’lib, nutq figurasi termini bilan ham qoʻllanib kelinmoqda. Ayrim manbalarda esa anafora boshlangʻich so’z takrori deb ham qoʻllanadi. Boshlangʻich so’z takrori so’zlovchining hayajoni va diqqati qaratilgan tushunchani ko’rsatadi va ifodalilikni oshiradi, parallelizmni mustahkamlaydi.

Anafora termin sifatida ham bir qator tilshunos olimlarning ham diqqatini oʻziga qaratgan va ular bu soʻzni yuqoridagi maʼlumotlarga qarama-qarshi boʻlmagan izohlar bilan taʼriflashgan. Jumladan, A.Hojiyevning anaforaga bergan taʼrifiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, u quyidagicha: „Anafora (yun.anaphora – yuqoriga chiqarish). Parallel tuzilgan nutq parchalari (mas., misralar) boshida aynan bir unsurning takrorlanishidan iborat uslubiy qo’llanish. Zid. Epifora“. „Anafora – sheʼriy misralarning boshida yoki nasriy asardagi gaplarning oldida bir xil jaranglagan tovush, ohangdosh so’z va iboralarning takrorlanib kelishi“. Bundan tashqari, yana bir olim U.Tо'ychiyev anafora (boshlangʻich so’z takrori)ning fonetik, leksik, sintaktik, strofik kabi turlarini bir-biridan farqlaydi. Ushbu tahlillar bilan cheklanib qolmaslik uchun ularning qatorini yana quyidagi talqin bilan to’ldirilishi maqsadga muvofiq: „Anafora (gr. anaphora-yuqoriga chiqarish so’zidan) – stilistik figuralardan biri bo’lib, misralarning boshida yoki prozaik badiiy asarlardagi gaplarning oldida bir xil jaranglagan tovush, ohangdosh so’z yoki iboralarning takrorlanib kelishi“. Shunday qilib, anafora misralar boshidagi yoki nasriy asarlarda jumlalar oldidagi tovush, so’z va so’z birikmasi takroridir[1].

Qoʻllanilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Anafora badiiy sanʼatining qoʻllanilishining asosiy sababi agar nazmda boʻlsa, yaʼniki sheʼrda qoʻllanadigan boʻlsa, u quyidagi vazifalarni bajarishi mumkin.

  • sheʼriy matnning aniqligi va ritmini koʻtaradi
  • ohangdorlik va ifodalilik darajasini oshiradi
  • taʼsirchanligini oshiradi
  • sheʼrning yod olinishi va qoʻllanilish holatlarini oson qiladi.

Anofara sheʼriy matn, qolaversa, badiiy asarlar yaʼni dostonlar, qissalar, hikoyalar, romanlarda ham qoʻllanishi mumkin. Anaforaning badiiy asarda qoʻllanilishi, asarga quyidagicha mazmun bagʻishlashi mumkin:

  • asarning leytmotivi boʻlib xizmat qiladi;
  • muallifning oʻziga xos yozish uslubiyatini namoyon qiladi;
  • asarning eng mazmunli, oʻquvchi uchun asar mohiyatini ochishga koʻmak beradigan qismini yorituvchi boʻlib koʻrinadigan fikrlar taʼkidlanadi.

Demak, anafora nafaqat sheʼriy nutqda, balki jumlalarning qismlari paragraflar boshida takrorlanganda, uslubiy vositani nasrda ham topish mumkin ekan. Nasriy asarlardagi anaforaga To'g'ay Murodning qator asarlarida duch kelishimiz mumkin.[2]

Yana shuni taʼkidlab oʻtishimiz kerakki, anafora omonim termin hisoblanib, shaklan oʻxshash boʻlgan terminni tilshunoslikda ham kuzatishimiz mumkin. Bu ikki hodisa bir-biridan tubdan farq qiladi. Tilshunoslikdagi anafora bu olmoshlar bilan bogʻliq boʻlib, pragmalingvistika darsliklarida, qolaversa, maqola va ayrim tilshunoslik kitoblari orqali maʼlumotga ega boʻlishimiz mumkin.

  1. Shofroqov, Abdishukur „Anaforarticlea va uning uslubiy xususiyatlari“. https://t.me/ares_uz. Academic Research in Educational Sciences (2023-yil mart). Qaraldi: 3-may 2024-yil.
  2. Mirzayeva, D.I „Ingliz va o'zbek tilida anaforani ifodalaovchi vositalarning lingvopragmatik va limgvokultural tahlili“. www.iupr.ru/. "Экономика и социум" №5(108)-1 2023. Qaraldi: 3-may 2024-yil.
  • Yo’ldoshev M. Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari. -T.: Fan, 2007. -B. 123.
  • Karimov S. Badiiy uslub va tilning ifoda tasvir vositalari. – Samarqand: SamDU, 1994. – B. 140.
  • Rixsiyeva G. She‟riyatdagi gaplarning aktual bo’linishida anaforalar o’rni: Filol. fanlari nomzodi … diss. avtoref. – T., 1999. – B. 22.
  • To’ychiyev U. O"zbek adabiyotida badiiylik mezonlari va ularning maromlari. – T.:Yangi asr avlodi, 2011.