Ardabil
Ardabil forscha: اردبیل | |
---|---|
Shahar | |
Yuqoridan pastga: Shaharning yuqoridan koʻrinishi, Shayx Safiyuddin Ardabiliy ziyoratgohi, Shoh Ismoil Safaviy haykali, Aminiddin Jabroil maqbarasi, Shorabil koʻli, Yettikoʻz koʻprigi. | |
38°15′06″N 48°17′51″E / 38.25167°N 48.29750°E | |
Mamlakat | Eron |
uston | Ardabil |
shahriston | Ardabil |
baxsh | Markaziy tuman |
Hukumat | |
• Hokim | Mahmud Safariy[1] |
Maydon | 18.011 km2 (6.954 kv mi) |
Markazi balandligi | 1351 m |
Rasmiy til(lar)i | fors tili |
Aholisi (2016) |
529 374[2] |
Vaqt mintaqasi | UTC+3:30 |
Telefon kodi | +98 45 |
Pochta indeks(lar)i | 56131-56491 |
|
Ardabil (forscha: اردبیل Ardabīl) — Eronning shimoli-sharqidagi shahar. Aholisi 290 ming kishi atrofida. Avtomobil yoʻllari tuguni. Aeroport bor. Ardabilda qadimdan gilam toʻqiladi. Shaharda Ozarbayjon meʼmorchiliginining 14-17-asrlarga oid noyob obidalari namunasi saqlangan. Ardabil yaqinida mineral buloqlar bor. Ardabilning qachon bunyod etilgani maʼlum emas. Shahar haqida dastlabki maʼlumot sosoniylarning soʻnggi vakillari davriga mansub adabiyotlarda uchraydi. Oʻrta asrlarda, ayniqsa 9 — 10-asrlarda Ozarbayjonning yirik savdo — hunarmandchilik va madaniyat markazi edi; ayrim davrlarda kichikroq, mustaqil xonliklar poytaxti boʻlgan. 1220-yilda moʻgʻul bosqinchilari tomonidan vayron qilingan.
13-asr oxiriga kelib Ardabilda Safaviylar darveshlik tariqati vujudga kelgan. Safaviylarning Ardabil shayxligi Safaviylar davlatining vujudga kelishiga asos boʻldi. Ardabilda mahobatli shayx Safiyuddin Ardabiliy maqbarasi meʼmoriy majmuasi (16 — 17-asrlar) saqlangan: katta bogʻga (uzunligi 120 m) peshtoqli darvoza (1648, ardabillik Ismoil tomonidan ishlangan) orqali kiriladi; kichik hovli, undan 8 burchakli masjidi bor (13-asr) katta hovliga oʻtiladi va toʻgʻri burchakli ziyoratgoh masjidi, unga silindrik gumbazli, uzluksiz naqshinkor shayx Safi maqbarasi va 8 burchakli Chinnixona binosi tutashib ketgan.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ardabil nomi avestocha artavil yoki artavila soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, „muqaddas joy“ degan maʼnoni bildiradi[3].
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ardabil Baliqli choy daryosida, Kaspiy dengizidan (Xazar) taxminan 70 km (43 mi) va Tabriz shahridan 210 km (130 mi) uzoqlikda joylashgan. Uning oʻrtacha balandligi 1,263 metr (4,144 ft) va umumiy maydoni 18.011 km2 (6.954 kv mi) ni tashkil qiladi. Kaspiy dengiziga qoʻshni. U tarixan, ayniqsa Kavkaz mintaqasida katta siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan. Dengiz sathidan 1,500 metr (4,900 ft) balandlikdagi ochiq tekislikda, Sabalan togʻidan (4811 m) sharqda joylashgan boʻlib, u yerda bahor oxirigacha sovuq havo kuzatiladi.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]2006-yilgi Milliy aholini roʻyxatga olish vaqtida shahar aholisi 32 386 xonadonda yashovchi 412 669 kishini tashkil qilgan[4]. 2011-yilgi aholini roʻyxatga olishda 134 715 ta xonadondan iborat 482 632 kishi bor edi[5]. 2016-yilgi aholini roʻyxatga olish vaqtida 158 627 ta xonadonga boʻlingan 529 374 kishi istiqomat qilgan[2].
Shahardagi asosiy koʻpchilik etnik Eron ozarbayjonlari va asosiy til ozarbayjon tilidir.
Bozori
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shaharning qoq markazida milodiy 4-asr tarixchilari xoch shaklida tasvirlagan qadimiy bozor joylashgan boʻlib, toʻrt tomonga choʻzilgan oddiygina ishlangan gumbazlari bor. Bozorning aksariyat qismlari Safaviylar va Zandlar davrida qurilgan va taʼmirlangan[6].
Ziyoratgohi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Eron shimoli-gʻarbidagi Ardabil shahrining diqqatga sazovor joylaridan biri 1334-yilda vafot etgan Shayx Safiiddin Ardabiliy ziyoratgohidir. Shayx soʻfiylar yetakchisi boʻlib, oʻz izdoshlarini islomiy tasavvufga oʻrgatgan. Uning oʻlimidan keyin uning izdoshlari tobora kuchayib borayotgan oilasiga sodiq qolishdi.
1501-yilda uning avlodlaridan biri Shoh Ismoil siyosiy hokimiyatni egalladi. U bir necha asrlarda birinchi marta Eronni birlashtirdi va islomning shia mazhabini davlat dini sifatida oʻrnatdi. Ismoil shayx Safiiddin nomi bilan atalgan Safaviylar sulolasining asoschisi edi.
1722-yilgacha uzluksiz, soʻngra 1757-yilgacha oraliq hukmronlik qilgan Safaviylar Shayx ziyoratgohini muqaddas qadamjoga aylantirdilar.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „محمود صفری شهردار اردبیل شد“ (fa). Irna. Qaraldi: 2024-yil 14-fevral.
- ↑ 2,0 2,1 „Census of the Islamic Republic of Iran, 1395 (2016)“ (fa) (Excel). AMAR. The Statistical Center of Iran. 2019-yil 22-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-dekabr.
- ↑ Everett-Heath, John (2020). "Ardabīl". Concise Oxford Dictionary of World Place Names (6 nashri). Oxford University Press. ISBN 978-0-19-190563-6. https://www.oxfordreference.com/view/10.1093/acref/9780191905636.001.0001/acref-9780191905636-e-10573?rskey=K9pVJS&result=2.
- ↑ „Census of the Islamic Republic of Iran, 1385 (2006)“ (fa) (Excel). AMAR. The Statistical Center of Iran. 2011-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-sentyabr.
- ↑ „Census of the Islamic Republic of Iran, 1390 (2011)“ (fa) (Excel). Syracuse University. The Statistical Center of Iran. 2023-yil 15-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-dekabr.
- ↑ „Ardabil Bazaar in Ardebil , [Iran Tourism & Touring Organization“]. itto.org.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Salamzoda A. V., Arxitektura Azerbaydjana XVI — XIX vv., Baku, 1964
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |