Aviatsiya
Aviatsiya (fransuzcha: „aviation“, lotincha: „avis“ – qush) – havodan ogʻir uchish apparatlarida yer atrofidagi havo boʻshligʻi atmosferada parvoz qilish bilan bogʻliq tushuncha. Aviatsiyada samolyotlar, vertolyotlar, planyorlar ishlatiladi. Shu apparatlardan parvoz qilish (uchish) uchun foydalanadigan tashkilot (xizmat) ham aviatsiya deb ataladi.
Aviatsiya fuqaro va harbiy aviatsiyaga boʻlinadi. Fuqaro aviatsiyasi yoʻlovchilar va yuklarni tashishda ishlatiladi. Uning transport, sanitariya xizmatiga, oʻquv-sport va maxsus ishlarga moʻljallangan (qishloq xoʻjaligida, aloqada, geologiya-qidiruv ishlarida, baliq ovlash va boshqalarda ishlatiladigan) xillari bor. Yoʻlovchilar va yuklarni doimo tashishni taʼminlash uchun fuqaro aviatsiyasi tarkibiga samolyotlar va vertolyotlar saroyi, uchishni taʼminlay-digan turli xizmatlar, aerodrom va aeroport kiradi. Harbiy aviatsiya esa quruklikdagi qoʻshinlar, harbiy-dengiz kuchlari, havo hujumidan mudofaa qilish qoʻshinlari bilan birgalikda harakat qiladi hamda mustaqil vazifalarni bajaradi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Fuqaro aviatsiya sohasida Leonardoda Vinchi havodan ogʻir apparatlarda uchish mumkinligini birinchi boʻlib asoslashga urindi. U qushlarning uchishini kuzatib, havodan ogʻir apparatlarda uchish mumkinligi toʻgʻrisidagi gʻoyani ilgari surdi. Mixail Lomonosov jahonda birinchi boʻlib vertolyot modelini yaratdi: dvigatel vazifasini oʻtovchi prujina taʼsirida vintlar aylanganda model yuqoriga koʻtarildi. Dmitriy Mendeleyev hayotining oxirigacha aerodinamika va aviatsiya masalalari bilan shugʻullandi. U 1887-yil aerostatda mustaqil uchib, 3350 m balandga koʻtarildi. A. G. Eyfel vertolyot vintlarining koʻtarish kuchini oʻrganishga oid tajribalar oʻtkazdi. Aleksandr Lodigin uchish apparatlariga elektr dvigatellari oʻrnatish gʻoyasini ilgari surdi. Aleksandr Mojayskiy bir necha samolyot modelini qurdi, bu modellarni sinovdan oʻtkazib, 1881-yil samolyoti uchun patent oldi. Aleksandr Mojayskiy oʻz samolyotiga quvvati 30 (kattasiniki 20 va kichiginiki 10) ot kuchiga teng boʻlgan ikkita bugʻ dvigateli oʻrnatdi. Bu samolyot monoplan tipida boʻlgan. XIX asr 90-yillarida rus ixtirochisi V. V. Kotov planyorlarning baʼzi modellarini ishlab chiqdi. 1894-yilda Konstantin Siolkovskiyning „Aeroplan“, yaʼni „qush nusxa uchish mashinasi“ degan asari bosilib chiqdi. Siolkovskiy bu asarida suyri shaklli monoplan loyihasini, uning uchish nazariyasi va hisobini berdi. 1892-yilda ingliz konstruktori Filippe aeroplani bir necha sekundgina havoga koʻtarildi. 1898-yilda muhandis Xiram Maksimning samolyoti sinab koʻrildi, ammo bu samolyot havoga sal koʻtarilgach, yerga quladi. Amerika professor Lengli benzin bilan ishlaydigan, quvvati 50 ot kuchi ga teng motor oʻrnatilgan samolyot qurdi, bu samolyot katapulta yordamida uchirib sinalayotganda havoga koʻtarildi-yu, shu zahoti agʻdarilib tushdi. Fransuz konstruktori Kleman Ader koʻrshapalak shaklidagi uchish apparati („Avion“)ni qurdi (1897), u 300 m uchib borib, yerga agʻdarildi. Nemis muhandisi Otto Lili-yental 1891–96 yillarda oʻzi loyihalagan planerlarda juda koʻp marta uchdi va 1896-yil 9-avgustda 20 m balandlikdan planerda yerga qulab, halok boʻldi. AQShda aka-uka Vilbur va Orvil Raytlar planerda uchishni oʻrganib olganlaridan keyin samolyot qurdilar. Orvil Rayt bu samolyotda 1903-yil uchib koʻrdi. Bu samolyotga quvvati 16 ot kuchiga teng dvigatel oʻrnatilgan edi. Birinchi uchishda samolyot 32 m gacha parvoz qildi, uchish 3,5 sek. davom etdi. Aviatsiyaning rivojlanishida N. Ye. Jukovskiy va S. A. Chapligin asarlari muhim rol oʻynadi: Jukovskiy samolyot qanotlariga taʼsir qiluvchi kuchlar hisobini berdi, bir qancha qanot shakllarini yaratdi va ularni sinovdan oʻtkazish usullarini koʻrsatdi, Chapligin katta tezliklar aerodinamikasiga asos soldi. Aviatsiya 20-asr boshidan tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi, 1908-yil uchish uzoqligi boʻyicha qoʻyilgan rekord 2 soat 18 min.ni, 1912-yil 13 soat 17 min.ni, tez uchish rekordi esa 1909-yil 80 km/soatni, 1912-yil 170 km/soatni tashkil etdi. Samolyotda 1909-yil atigi 510 m balandda uchilgan boʻlsa, 1913-yil 5610 m balandda uchildi. 1909-yilda fransuz konstruktor-uchuvchisi L. Blerio „Blerio-XI“ nomli samolyotida Lamansh boʻgʻozi orqali Fransiyadan Angliyaga uchib oʻtdi. Shu yili bir qancha mamlakatlarda dastlabki aviatsiya zavodlari qurildi. Akademik. B. N. Yurev 1910-yil bir vintli vertolyot loyihasini tuzdi va shu loyiha asosida vertolyot qurdi (1912). Moskvada tashkil etilgan xalqaro koʻrgazmada vertolyot uchun Yurev oltin medal bilan mukofotlandi. Rus muhandisi Ya. M. Gakkel 1910-yil qoʻsh qanotli samolyot qurdi. 1911-yil koʻp yuk koʻtara oladigan va uzoq, ma-sofaga qoʻnmay ucha oladigan samolyot loyihalanib, sinab koʻrildi. Shu yili rus ixtirochisi I. I. Sikorskiy 4 mo-torli „Ilya Muromes“ samolyotini qurdi. 1914-yil AQShda „Kertiss“ sa-molyoti, 1915-yil Germaniyada „Simens Shukker“ samolyoti qurildi. 1914-yil rus konstruktori V. A. Slesaryov „Svyato-gor“ samolyoti loyihasini tuzdi, bu sa-molyot ikki motorli, qoʻsh qanotli edi. Rus konstruktori D. P. Grigorovichning M-5 (1915) va M-9 (1916) markali uchar qayiqlari oʻsha davrda eng yaxshi gidro-samolyot hisoblangan. Aviatsiya texnikasining rivojlanishi bilan bir qatorda dunyo olimlari aerodinamika va samolyotning mustahkamligi sohasida nazariy izlanishlar va tajribalar oʻtkazdilar, samo-lyot va havo vinti nazariyasi, samolyotlarning tezligi va uchish balandligi ustida ishladilar.20-yillar boshlarida aviatsiya sanoatida metall konstruksiyali samolyotlar qurilishi tez rivojlana boshladi. A. N. Tupolev 1923-yil ANT-1, soʻngra ikki oʻrinli ANT-2 samolyotini yaratdi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-3 („Proletariy“) samolyotida 1926-yil uchuvchi M. M. Gromov Yevropani aylanib uchib oʻtdi. Amerikaning „Rayan“ firmasida tayerlangan samoletda 1927-yilda uchuvchi Ch. Lindberg birinchi marta AQShdan Atlantika okeani orqali Yevropaga uchib oʻtdi. 1928-yilda „Bremen“ W-33 (Germaniya) samolyotida birinchi marta Yevro-padan Atlantika okeani orqali Shimo-liy Amerikaga uchib oʻtdi. Amerikaning „Duglas“ firmasi tayyorlagan DS-3 va S-47 samolyotlaridan koʻp yillar davo-mida dunyoning koʻpgina mamlakatlarida foydalanildi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-4 (TB-1) samolyotida 1929-yil uchuvchi S. A. Shestakov Mo-skvadan koʻtarilib, Sibir, Tinch okean orqali 20000 km parvoz qilib, Nyu-Yorkka qoʻndi. 1928-yil ANT-9, keyin ANT-25 (RD) samolyotlari yaratildi. 1937-yil 18–20-iyunda uchuvchilar V. P. Chkalov, G. F. Baydukov va shturman A. B. Belyakovlar ANT-25 samolyotida Moskva–Shimoliy qutb–Vankuver (AQSh) marshruti boʻyicha 8504 km masofani 63 soatu 16 min.da qoʻnmay uchib oʻtishdi. 30-yillardan boshlab biplanlan monoplanga oʻtildi. Bu esa aerodinamika, qurilish mexanikasi va dvigatel qurilishidagi yutuqlarga bogʻliq edi. Mustahkamlikka hisoblashning aniq usullari yaratildi. Samolyotlar gʻildiraklarini tormozlashni ishlab chiqish hamda qanotni mexanizatsiyalash qanotlarga tushadigan kuchlarni oshirishga imkon berdi va shu bilan chish tezligi oshirildi. 1915-yilda „Fokker“ (Germaniya) samolyoti uchish tezligi 150 km/soat, uchish balandligi 5000 m boʻlgan boʻlsa, 1920-yilda bu koʻrsatkich „Fokker“ D-VII, „Fokker“ D-VIII (Germaniya), „Balilla“ A-1, „Ansaldo“ SVA-10 (Italiya)da 200 km/soat, 7000 m ga, 1940-yilda esa Xauker „Xarrikeyn“, „Spit-fayer“, Mk-1 (Angliya), „Brusten“ F2A-1, „Kertiss“ R-36A, „Boum“ V-150 (AQSh) samolyotlarida 660 km/soat, 12000 m ga etdi. Shu bilan birga samolyotlarning uchish uzoqligi ham ortib bordi. 1915-yilda bu koʻrsatkich 400 km boʻlgan boʻlsa, 1940-yilga kelib 4000 km ga etdi. Seriyalab ishlab chiqariladigan dvigatellarning quvvati 700 o. k.dan 2000 o. k.gacha etkazildi. Rossiya, Angliya, Germaniya, Italiya va AQShda reaktiv dvigatel yaratish borasida qizgʻin ish olib borildi. 1943–50-yillarda Angliyaning De Xevillend va Komitem Brabazen aviatsiya firmasi 40 yoʻlovchiga moʻljallangan „Komet-1“ reaktiv samolyotini ishlab chiqdi va sinovdan oʻtkazdi. Uning uchish tezligi 800 km/soat, uchish balandligi 12 km, uchish uzoqligi 1650 km. 1952-yilda uning „Komet-2“, „Komet-ZV“ va „Komet-4“ zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarila boshlandi. 1955-yil A. N. Tupolev rahbarligida TU-104 reaktiv samolyoti qurildi. Bu samolyot soatiga 800 km tezlik bilan 8000–10000 m balandlikda 3000 km masofani qoʻnmay uchib oʻta olgan. 1958-yilda AQShda birinchi „Boing-707-120“ reaktiv samolyoti qurildi. 120 yoʻlovchiga moʻljallangan bu samolyotning uchish tezligi 845 km/soat, uchish balandligi 11 km, uchish uzoqligi 6000 km. 1959-yilda Fransiyada „Karavella“ samolyoti qurildi. Reaktiv yoʻlovchi samolyotlarning tejamsizligi tufayli turbovintli dvigatel (TVD) oʻrnatilgan samolyotlar ishlab chiqarishga oʻtildi. 1952-yilda ingliz konstruktorlari ana shunday konstruksiyali „Bristol-175“ („Britaniya“) samolyotini yaratdilar (63–79 oʻrindiqli, toʻrt dvigatelli, uchish tezligi 570 km/soat, uchish uzoqligi 8600 km boʻlgan). 1957-yil turbovintli Il-18 samolyoti qurildi. 1956-yil O. K. Antonov rahbarligida 2 ta turbovintli dvigatel oʻrnatilgan 40 oʻrinli AN-24 samolyoti, shundan keyin 4 ta turbovintli dvigatel oʻrnatilgan 84 oʻrinli AN-10 samolyoti qurildi. Keyinchalik 1959-yilda „Elektra“ (AQSh) samolyoti ishlab chikarila boshlandi. Soʻngra S. V. Ilyushinning 186 oʻrinli IL-62 yoʻlovchi samolyoti, 350 oʻrinli IL-86 aerobusi yaratildi. Rus ixtirochisi I. P. Bratuxin ikkita dvigatel oʻrnatilgan „Omega“ vertolyotini va ikki motorli B-11 vertolyotini kurdi. 1961-yil turbovintli V-2 hamda V-8, V-12 vertolyotlari qurildi. 1966-yilda Fransiya, Germaniya, Angliya, Niderlandiya va Ispaniyadagi aviatsiya firmalari birgalikda Yevropada yangi Eyrbas Indastri konsernini tuzdi. Shu yili AQShdagi Lokxid, Boing, Duglas firmalari va Eyrbas Indastri konserni keng fyuzelyajli samolyotlar – aerobuslar yaratishga kirishdi. Shundan soʻng AQShdagi firmalar L-1011 „Trister“, „Boing-747“ va DC-10 aerobuslarini, Eyrbas Indastri konserni esa A-300 samolyotlari ni koʻplab ishlab chiqara boshladi. 500 yoʻlovchiga moʻljallangan „Boing-747“ samolyotining uchish tezligi 935 km/soat, uchish uzoqligi 10000 km dan ortiq. Keyingi yillarda bu samolyotning bir necha zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarildi: 500 yoʻlovchiga moʻljallangan „Boing-747-100“, 516 yoʻlovchiga moʻljallangan „Boing-747-200V“, 670 yoʻlovchiga moʻljallangan „Boing-747SR“ va boshqa A-300 samolyotlari 280–345 yoʻlovchiga moʻljallangan ikki dvigatelli, uchish tezligi 917 km/soat, uchish uzoqligi 2600–3900 km. 1983-yilda bu samolyotning keyingi avlodlaridan A-300–600 ucha boshladi. Keyinchalik „Boing-747“ aerobusi bilan raqobatlashadigan A-310, A-320, A-330, A-321, A-340 va boshqa ishlab chiqarildi. Koʻp mamlakatlarda 1960-yil oxiridan boshlab tovushdan tezuchar samolyotlar yaratish ustida qizgʻin ish olib borilmoqda. Rossiyada Tu-144, Angliya va Fransiyada „Konkord“, samolyotlari yaratildi. Bular soatiga 2500–3000 km tezlik bilan bir necha ming km masofaga qoʻnmay ucha oladi. Harbiy samolyotlar 30 km balandlikda 10000 km masofaga qoʻnmay uchadi. Harbiy aviatsiya Qadimda Xitoy va boshqa baʼzi mamlakatlarda harbiy maqsadlarda varrakdan foydalanilgan. Harbiy aviatsiya har qaysi mamlakatda turli vaqtlarda paydo boʻlgan. 1910-yil Fransiyada birinchi marta samolyotlar manyovrda ishtirok etib, razvedka vazifalarini bajardi. 1911 – 12 yillarda Tripolitaniya jangida (Italiya bilan Turkiya oʻrtasida boʻlgan urushda) harbiy aviatsiya birinchi sinovdan oʻtdi. 1913-yil Bolqon urushida ham aviatsiyadan foydalanildi. 1913-yil „Ilya Muromes“ samolyotiga 4 ta pulemyot va bomba tashlash uchun maxsus asboblar oʻrnatildi. Oʻsha yili bomba tashlash tajribasi asosida yangi aeroballistika faniga asos solindi. Birinchi jahon urushi boshlanganida Rossiyaning harbiy aviatsiyasida 263 ta, Germaniyada 232 ta, Fransiyada 156 ta, Avstriya-Vengriyada 65 ta, Angliyada 30 ta, AQShda 30 ta, Italiyada 30 ta samolyot boʻlgan. l-jahon urushi paytida qiruvchi samolyotlar yaratildi. Qiruvchi samoletlarning uchish tezligi razvedka samolyotlarinikidan yuqori boʻlgan. 1915-yil maxsus bombardimonchi samolyotlar ixtiro qilinadi. Xuddi oʻsha paytlarda dengiz samolyotlari ham paydo boʻldi, ular dengizda razvedka qilish, dushman kemalariga, obʼektlarga bomba tashlash vazifasini bajardi. Oʻz ustida 5–7 ta samolyotni olib yura oladigan avianoseslar paydo boʻldi. Birinchi jahon urushidan keyin aviatsiya alohida va mustaqil qoʻshin turi boʻlib qoldi. 1-va 2-jahon urushlari oʻrtasida aviatsiya sohasida katta siljish boʻldi. 1920-yil Rossiyada quvvati 200 o.k.ga teng dvigatelli samolyot ishlab chiqarildi. 30-yillar boshida A. N. Tupolev TB-1 hamda TB-3 markali ogʻir bombardimonchi samolyotlarni, 1935-yil uzun qanotli bir motorli TsAGI-25 samolyotini yaratdi. Bu samolyotda Moskvadan Shimoliy qutb orqali Amerikaga qoʻnmasdan uchib oʻtildi. S. V. Ilyushin ikki motorli bombardimonchi RB-3 samolyotini, A. S. Yakovlev eng yengil va tez uchadigan qiruvchi YaK-1 samolyotini yaratdi. Urush yillarida Yakovlev yana boshqa koʻplab qiruvchi samolyotlarni ixtiro qildi. 1940-yil A. I. Mikoyan bilan N. G. Gurevich 7–8 km balandlikda 600 km tezlik bilan uchadigan MIG-3 samolyotini ishlab chiqdilar. V. M. Petlyakov uzoqqa ucha oladigan bombardimonchi samolyot yaratdi. Ikkinchi jahon urushida Angliyada „Tayfun“, „Moskito“, „Lankester“, „Galifaks“ nomli yangi bombardimonchi samolyotlar ishlab chiqara boshlandi, AQShda toʻrt motorli, oʻta tezuchar qalʼa B-29, „Eyrkobra“, „Boing-17“ bombardimonchi samolyotlari yaratildi. 1940–42 yillarda birinchi reaktiv dvigatelli samolyot „Kompini-Kaproni“, KK-1, KK-2 (Italiya), „Gloster“ (Angliya), „Erkomet“ (AQSh)lar uchdi. 1942-yilda turboreaktiv dvigatelli Me-262, Me-263 (Germaniya), „Meteor“ (Angliya) samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. 1945-yilda „Gloster Meteor-VI“ samolyotida uchish tezligi boʻyicha jahon rekordi oʻrnatildi (969,9 km/soat), 1947–48 yillarda sobiq Ittifoqda La-15 va MiG15 reaktiv samolyotlari, YaK-23 reaktivqiruvchi, IL-28 va Tu-14 bombardimonchi samolyotlar yaratildi. 50–60-yillarda aerodinamika fanidagi yutuqlar, yuqori quvvatli dvigatellarning yaratilishi „tovush tezligi“dan tez uchadigan samolyotlarni yaratishga imkon berdi. Ular boshqariladigan raketalar bilan qurollantirildi. Yadro quroli va turli raketalar bilan qurollangan qiruvchi samolyotlar, razvedkachi, bombardimonchi, transport samolyotlari reaktiv hamda turbovintli motorlar bilan taʼminlandi. 80–90-yillarda Mig, Yak, Su markali samoletlarning turli zamonaviylashtirilgan modellari, AQShda „Fantom“ F-4, F-111, SR-71, Fransiyada „Miraj III“, „Miraj-IV“, Angliyada „Xarrier“ samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. Qurolli kuchlar ixtiyorida boʻlgan aviatsiya oʻz vazifasiga koʻra jangovar harbiy dengiz, havo hujumiga qarshi mudofaa hamda transport Aviatsiyalariga, harbiy samolyotlar oʻz taktik-texnik koʻrsatkichlari jihatidan ogʻir strategik, oʻrta strategik, engil taktik bombardimonchi, qiruvchi, razvedkachi, havoda samoletlarning benzin olishiga imkon beradigan samolyotlar va transport samolyotlariga boʻlinadi. Oʻzbekiston ham samolyotsozlik rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda samolyotlar ishlab chiqarish 40-yillar boshiga toʻgʻri keladi. 1941-yil Ximki shahri (Moskva viloyati)dan Toshkentga koʻchirib keltirilgan V. P. Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi negizida barpo qilingan Toshkent aviatsiya zavodi (1996-yildan „Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi“ davlat aksiyadorlik jamiyati)da dastlab jangovar samolyotlar tayyorlangan. Urushdan keyingi yillarda IL-14, 1958-yildan transport samolyotlari AN-10, AN-8, AN-12, 1966-yildan AN-22 „Antey“ samolyotlari, 1973-yilda 40 t yuk koʻtaradigan birinchi superlayner Il-76 ishlab chiqarildi. Il-76 samolyotning uchish tezligi 850 km/soat, uchish balandligi 12,1 km, uchish uzoqligi 8 ming km. 90-yillarda zavodning asosiy mahsuloti IL-76 MF transport samolyotlari boʻldi. 1992-yilda birlashma oʻzining birinchi yangi Il-114 samolyotini qurdi. 1995-yil bu samolyot Jukovskiy shahrida oʻtkazilgan koʻrgazmaga qoʻyildi. 1997-yilda avgustda Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasining Aviaregistri tomonidan Il-114 samolyotiga uchishga yaroqli degan sertifikat berildi. Bu samolyot (64 oʻrinli, ikki dvigatelli) S. V. Ilyushin nomidagi konstruktorlik byurosida yaratilgan boʻlib, ekologik jihatdan toza, shovqinsiz, tejamli, qulayligi bilan ajralib turadi; engil boshqariladi, betonli va gruntli yoʻlkadan uchib chiqadi va qoʻnadi. Uning maksimal tezligi 530 km/soat, uchish balandligi 7800 m, uchish uzoqligi 1000 km. Dvigateli Rossiya va Kanada mamlakatlarida ishlab chiqariladi. 1997-yilda S. Ilyushin nomidagi aviatsiya kompaniyasi (Rossiya) Il-114 samolyotini ishlab chiqarish va Il-76 MF samolyotini taʼmirlash huquqini beradigan xalqaro sertifikatlarni Toshkent aviasozlariga topshirdi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Vinogradov R. I., Ponomarev A. N., Razvitie samolyotov mira, M., 1991
- Ruzmetov A. G., Krilya nezavisimogo Uzbekistana, T., 1999.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |