Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Avliyo Ioann Baptist cherkovi

Koordinatalari: 39°38′48″N 66°57′19″E / 39.646610937367306°N 66.95538924097032°E / 39.646610937367306; 66.95538924097032
Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Avliyo Ioann Baptist cherkovi
ruscha: Церковь Святого Иоанна Крестителя
Umumiy maʼlumot
Maqomi tarixiy obida
Turi cherkov
Manzili Mahmud Qoshgʻariy koʻchasi, 86
Shahar Samarqand
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 39°38′48″N 66°57′19″E / 39.646610937367306°N 66.95538924097032°E / 39.646610937367306; 66.95538924097032
Qurilishi boshlangan 1915-yil
Qurilishi tugagan 1916-yil
Egasi Oʻzbekiston Apostollar idorasi
Texnik holati
Material pishiq gʻisht
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Y. Nelle
Map
Avliyo Ioann Baptist cherkovi xaritada
Avliyo Ioann Baptist cherkovi

Avliyo Ioann Baptist cherkovi (ruscha: Церковь Святого Иоанна Крестителя) — Oʻzbekistonning Samarqand shahrida joylashgan Rim-katolik cherkovi. 1915—1916-yillarda qurilgan. Manzili — Samarqand shahri, Mahmud Qoshgʻariy koʻchasi, 86. Oʻzbekistonning Samarqanddagi apostollar idorasi tarkibiga kiradi[1]. Bugungi kunda „Avliyo Ioann Baptist“ cherkovida nemis, ingliz va rus tillarida messa amali bajariladi[2].

XIX asr oxirlarida Samarqandga rus askarlari, yevropalik savdogarlar, davlat amaldorlari qatorida katolik diniga eʼtiqod qiluvchilar ham kela boshlashdi. Yillar mobaynida Turkiston oʻlkasiga, xususan Samarqandga keluvchi katoliklar soni ortib boradi. 1905-yilda Samarqandga kelgan katoliklar jamoati Samarqand shahar maʼmuriyatiga va Turkiston yeparxiyasiga katolik cherkovi qurish talabi bilan murojaat qiladilar. Ammo ularning bu talabi inkor qilinadi[1].

1915-yil Birinchi jahon urushida asir olingan polshalik, avstriyalik, vengriyalik va germaniyalik harbiylar Turkistonga olib kelinishi sababli, oʻlkada katoliklar soni yanada ortadi. Samarqandga kelgan harbiy asirlar orasida arxitektorlar, musiqachilar, injenerlar, quruvchilar, rassomlar va haykaltaroshlar bor edi[2]. Bundan foydalangan faollar maʼmuriyatga yana cherkov qurish taklifi bilan murojaat qilishadi. Maʼmuriyat tomonidan bu murojaat qondiriladi[3][1].

1915-yil maʼmuriyat tomonidan hozirda Mahmud Qoshgʻariy deb nomlanuvchi koʻchadan cherkov qurilishi uchun joy ajratiladi va 1915—1916-yillarda arxitektor Y. Nelle loyihasi asosida cherkov qurib bitkaziladi[3][1].

1917-yil Oktabr inqilobi oqibatida hokimiyatga sovetlar kelishi ortidan cherkov yopiladi va bino davlat hisobiga oʻtkaziladi. Binodagi barcha diniy ramzlar olib tashlanadi va undan sport zali sifatida foydalaniladi[1].

1988-yil binoni taʼmirlab, unda organ oʻrnatish va uni qayta cherkovga aylantirish uchun harakatlar boshlanadi, barcha kerakli hujjatlar toʻplanadi. Lekin Sovet ittifoqi parchalanishi sababli harakatlar besamar yakunlanadi[1].

1995-yilda ruhoniy Ivan Rollof tashabbusi bilan Samarqand shahar maʼmuriyatida katolik prixod (qavm) roʻyxatga olindi[1].

1997-yilda Vatikanning Markaziy Osiyo boʻyicha elchisi Marian Oleś Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashib, ushbu binoni xristianlarga topshirish haqida kelishuvga erishgan va shundan keyin Samarqanddagi katolik prixodiga „Avliyo Ioann Baptist“ cherkovi binosi topshirildi[2].

1999-yil 27-mart kuni cherkov binosi xristian anʼanalariga binoan poklantirildi[2].

Cherkov xizmatchilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ivan Rollofdan keyin prixodni Tadeush Glusets, Fransisk Stopkovich, Lyutsian Shimanskiy boshqarganlar[2].

Arxitekturasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arxitekturasi klassitsizm, gotika va barokko uslublari qorishmasidan iborat. Cherkov koʻrinishi klassik bir qavatli bino boʻlib, derazalarining tepa qismi yoysimon. Baland qoʻngʻiroqxonasining tomi qirrali[4]. Cherkovning ichki qismi keng zaldan iborat, zalda ibodatga kelganlar oʻtirishlari uchun bir necha qator oʻrindiqlar joylashtirilgan. Zal toʻrida mehrob va uning ortida katta xoch tasviri, Iso Masih va Bibi Maryam haykallari joylashgan[2].

Kapital taʼmirlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2021-yilda cherkov kapital taʼmirlangan. Taʼmirga qadar och olovrang boʻlgan ichki devorlar och moviy rangga boʻyalgan. Iliq pol tizimi oʻrnatilgan, shift va derazalar yangilangan. Polshadan organ olib kelingan[5].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 „Церковь Святого Иоанна Крестителя в Самарканде“ (ruscha). tourister.ru. Туристер (2020-yil 27-noyabr). Qaraldi: 21-sentabr 2022-yil.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 „Церковь Святого Иоанна Крестителя в Самарканде — островок христианства в мусульманской стране“ (ruscha). Proreligiu.club. Club ПроРелигию. Информационный портал о религиях и служении Богу. 2022-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 25-sentabr 2022-yil.
  3. 3,0 3,1 „Римско-католический приход святого Иоанна Крестителя в Самарканде“ (ruscha). elmundotour.com. Welcome Uzbekistan. Qaraldi: 21-sentabr 2022-yil.
  4. „Церковь Святого Иоанна Крестителя в Самарканде“ (ruscha). Tonkosti.ru. Тонкости туризма. Qaraldi: 25-sentabr 2022-yil.
  5. „Самарқанддаги Муқаддас Иоанн Креститель черкови (Церковь Святого Иоанна Крестителя)“. tarjumon.uz. Tarjumon.uz (2022-yil 8-iyun). Qaraldi: 15-oktabr 2022-yil.
Ushbu maqolani tinglang (4 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 13-oktyabr, 2022-yil(2022-10-13) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.