Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Bess

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bess — axomaniylarning Baqtriya va Sugʻdiyonadagi satrapi (hokimi). Axomaniylar naslidan. Miloddan avvalgi 333 yil Aleksandr qoʻshinlari bilan Doro III qoʻshinlari oʻrtasida boʻlgan Gavgamela jangoʻda Eron otliq lashkariga qoʻmondonlik qilgan. Eron qoʻshinlari yengilgach, B. Spitamen, Oksiart, Datafarn kabi lashkarboshilar hamda Doro III bilan birgalikda Sugʻdiyonaga chekinadi va qarindoshi Doro III ni xoinona oʻldirib, oʻzini axomaniylar davlatining oliy hukmdori—Artakserks IV deb eʼlon qiladi. Aleksandr unga qarshi Ptolemey Lag boshchiligida lashkar yuboradi. Ptolemey Lag B. turgan qishloqni qurshab olib, qishloq ahlidan uni tutib topshirishni talab qiladi, aks holda barchalarini oʻldirib, qishloqning kulini koʻkka sovurajagini aytadi. Shunda mazkur qishloq ahli Ptolemey Lag lashkariga qarshilik koʻrsatmaydi. Ptolemey Lag B.ni tutib boʻyniga sirtmoq solib, qipyalangʻoch holda Aleksandr qoʻshini oʻtadigan yoʻl boʻyida qoldiradi. Aleksandr oʻsha yoʻldan ketayotib B.ga koʻzi tushadida, undan nega oʻz qarimdoshi va podshohini oʻldirganini soʻraydi. Shunda B. Doroning mulozimlari qutkuvi bilan hamda Aleksandrning koʻnglini olish uchun shunday qilganini aytadi. Aleksandr gʻazablanib, B.ning burun va quloklarini kesishni, soʻng uni Ekbatana (Hamadon)ga yuborib, oʻsha yerda midiyaliklar va forslar koʻz oldida qatl etishni buyuradi.

Baʼzi olimlarning (Sh. Kamoliddinov) fikricha, B. asir olingan joy hozirgi Qashqadaryo viloyatidagi Uzunqir qalʼasi harobasi oʻrnida boʻlgan, bu qalʼa chekinayotgan sugʻdiylarning butun armiyasini sigʻdira olgan. Amudaryodagi Shoʻrob kechuvidan Uzunqir qalʼasigacha 240 km boʻlib, oʻrta asr karvonlari uchun 8 kunlik yoʻl boʻlgan. Yunonmakedon otryadi bir necha yerda toʻxtab dam olgach, bu masofani 4 kunda bosib oʻtgan. B. oʻshanda Uzunqirdan 650 m jan.da joylashgan mahalliy hokimning qarorgohi—Sangirtepa qalʼasiga yashiringan boʻlsa kerak.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX—nachala XIII vv., T., 1996, s. 17; Arrian, Poxod Aleksandra, M.—L., 1962.