Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Dashnaksutyun

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
bayroq
Armaniston bayrogʻi yonida „Dashnaktsutyun“ bayrogʻi

Dashnaksutyun (armancha: Հայ Յեղափոխական Դաշնակցութիւն) – arman millatchilari partiyasi. 1890 yilda Tiflisda tuzilgan. Turkistonda mahalliy aholiga qarshi qirgʻinlar uyushtirgan (1918—19). Aʼzolari oʻzlarini „dashnoqlar“ deb atashgan. Dastlab „Dashnaksutyun“ dasturida terror va qurolli harakat yoʻli bilan Buyuk Armaniston davlatini barpo etish koʻzda tutilgan. 20-asr boshlarida Kavkazda armanlar bilan turkiy xalqlarni birbiriga qarshi qoʻzgʻatib, milliy nizolarni kuchaytirishda mashʼum rol oʻynagan. Turk-arman qirgʻini (1915) sababchilaridan biri boʻlgan. Shu qirgʻindan soʻng dashnoqlarning bir qismi Turkistonga kelib oʻrnashgan. 1917 y.gi keskin siyosiy oʻzgarishlardan keyin „Dashnaksutyun“ Armanistonda hokimiyatni egalladi (1918 y. may – 1920 y. noyabr). Kare viloyati va Erivan gubernyasida musulmonlarni ommaviy qirgʻin qildi (1920 y. sent.).

Bolsheviklar Turkistonda zoʻravonlik bilan sovet rejimini oʻrnatgach, „Dashnaksutyun“ partiyasining qurolli drujinalaridan oʻlkadagi milliy kuchlarga qarshi kurashda foydalandi. Dashnoklar 1918 y. fevralda qizil askarlar bilan birgalikda Qoʻqon sh.da ommaviy qirgʻin oʻtkazdi (qarang Turkiston muxtoriyati). Umuman 1918—19 yillar davomida Fargʻona vodiysida istiqlolchilarga qarshi kurash niqobi ostida tinch aholidan 35000 kishini qirib tashlab, molmulkini talontaroj etdi. Turor Risqulov, Saʼdulla Tursunxoʻjayev, Nizomiddin Xoʻjayev kabi rahbar xodimlarning qatʼiy talabi natijasidagina Turkiston MIK 1919 y. 16 iyuldagi buyrugʻi bilan „Dashnaksutyun“ partiyasini tarqatib yubordi va dashnoq drujinalarini qurolsizlantirdi (yana q. Istiqlolchilik harakati). „Dashnaksutyun“ Armanistonning oʻzida ham taqiqlandi (1921), ammo xorijda oʻz faoliyatini davom ettirdi. 1990-yilardan „Dashnaksutyun“ Armanistonda oshkora faoliyat koʻrsata boshladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti [Kollektiv avtorov], T., 2000.

Qahramon Rajabov.