Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Dermatitlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dermatitlar — terining yalligʻlanishi. Tashqi muhit taʼsirotlari: terining ishqalanib shilinishi, ezilishi, kuyishi, sovuq urishi, unga nur (rentgen, radioaktiv va quyosh nurlari), turli dorilar (sulfanilamidlar, antibiotiklar) va kimyoviy moddalar taʼsir etishi, bit, burga, kandala, chivin, kana chaqishi, shuningdek, baʼzi oʻtlar (mas, qichitqi oʻt) D.ga sabab boʻladi. Shartsiz taʼsirotlar (mas, qaynagan suv) tufayli roʻy bergan D.da yalligʻlanish taʼsirot tekkan joyning oʻzida birdaniga vujudga keladi. Uning bu turi kontakt D. deyiladi. U ham oʻz navbatida oddiy yoki sunʼiy xillarga ajratiladi. Shartli, qitiqlovchi omillar taʼsirida paydo boʻlgan D. faqat shu omillarga nisbatan, sezuvchanligi yuqori boʻlgan organizmda kuzatiladi va u allergik D. deb ataladi. Belgilari: teri qizarib, shishadi, qichishadi, achishadi va qiziydi. Yalligʻlangan joyda katta-kichik pufakchalar koʻzga tashlanadi, ular yorilib, ichidan suyuklik chiqadi. Yalligʻlanish koʻpincha yuza boʻladi. D.ni qoʻzgʻatadigan omil uzoq taʼsir etea, terining ostki qavatlari ham yalligʻlanib, yara boʻlishi mumkin. Namlanib turgan joylar astasekin quriydi, qoraqoʻtir boʻladi yoki kulrang tangachalar bilan qoplanadi, ular ham tezda tushib, oʻrnida dogʻ qoladi va keyinchalik yoʻqolib ketadi. Terining sezuvchanligi ham-mada har xil; bir kishining terisiga hech qanday taʼsir etmagan omil (mas, tuxum, baliq, qazi, qulupnay yeganda) ikkinchi kishida D. paydo kilishi mumkin. D.ningoldi ni olish uchun uy-joy va korxonalarni ozoda saqlash, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, korjoma, rezina qoʻlqop kiyish, yuzga oftobdan saqlaydigan surtma yoki krem surtish kerak. Davo asosan D.ning xiliga va belgilariga qarab tayinlanadi. Hayvonlarda oddiy soʻgalli, vezikulyoz yoki pufakchali va gangrenali D. uchraydi. Baʼzi ozuqalar (tarkibida solonin koʻp boʻlgan kartoshka bardasi, chiqindilari va b.) toshmaga, ekzantemaga sabab boʻladi. Dorivor moddalarni teriga surtganda, ichirilganda ham D. rivojlanishi mumkin. Koʻpgina D. biologik preparatlar — tuberkulin, mallein, saramas, kuydirgi antigenlari, zamburugʻlar (dermatomikozlar), ektoparazitozlar (qoʻtir, mallofagoz, gematopinidoz va b.), endoparazitozlar (gipodermatoz, demodenoz va b.) taʼsirida paydo boʻladi. Qon zardobi, qichitqi oʻt (krapiva) allergik D. keltirib chiqarishi mumkin. Hayvonlar jarohatlanganda kelib chiqadigan D.da jun qatlami qisman yoki toʻliq tushib ketadi, teri qizaradi, shishadi, katta-kichik pufakchalar hosil boʻladi. Keyinchalik yorilib, suyuklik chiqadi. Yalligʻlanish kuchliroq boʻlsa, terining ostki qavatlari ham kasallanib, yara boʻlishi mumkin. Yara yuzasi asta-sekin quriydi, qoraqoʻtir boʻlib, keyinchalik yoʻqoladi. Soʻgalli D. koʻpincha otlarda uchraydi. Shikastlangan joy qalinlashadi, oʻsimta hosil boʻladi, yoriladi, qoʻlansa hidli suyuklik ajratadi. VezikulyozD. koʻpincha qoramol va otlarda uchraydi. Qoramollarda D. uzoq vaqt barda bilan boqish natijasida kelib chiqadi. Gangrenoz D.da teri kizaradi, shishadi, junlari toʻkiladi, qichima va pufakchalar paydo boʻladi, baʼzan teri va teri osti toʻqimalari yaralanadi.

Davolash: oʻtkir D.da kasallik sabablarini aniklab, qotiruvchi preparatlar qoʻllanadi. Primochka yoki brilliant yashili, malaxit yashili, metilen koʻki, pioktaninning spirtdagi eritmasi surtiladi. Vishnevskiy mazi, sintomitsin emulsiyasi va b. bilan himoya bogʻlami (povyazka) qoʻyiladi.

Ad: Arifov S, Eshboyev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997.

Saidqosim Arifov, Ahror Roʻzimurodov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil