Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Entomofaglar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Entomofaglar (yun. — hasharot, — yeb qoʻyuvchi) — hasharotlar bilan oziqlanuvchi parazit va yirtqich mikro yoki makroorganizmlar. E.ning eng muhim guruhlari: hasharotlar; mikroorganizmlar (bakteriyalar, zamburugʻlar va viruslar); eng sodda hayvonlarga mansub bir hujayrali organizmlar (1200 ga yaqin tur). Bulardan tashqari E.ga zararkunanda hasharotlar bilan oziqlanadigan suvda ham quruqda yashovchilar, sudralib yuruvchilar va qushlar kiradi. E.ning juda kam turlari zararkunanda hasharotlar epizootiyasini qoʻzgʻatishi, nasl berishni kamaytirishi yoki ularning kasallik qoʻzgʻatuvchilarga, insektitsidlar taʼsiriga nisbatan sezgirligini oshirishi mumkin. Shunday E.ga sporoviklar va knidosporidiylar, shuningdek, kamdankam xivchinlilar hamda gaplosporidiylar sinfining vakillari kiradi. Chala oʻzgarish bilan rivojlanuvchi (ninachilar, beshiktervatlar, bahorgi kapalaklar, toʻgʻriqanotlilar, quloqqazgichlar, qandalalar, tripslar) va toʻliq oʻzgarish bilan rivojlanadigan (qoʻngʻizlar, toʻrqanotlilar, tuyaboʻyinlar, buloqchilar, tangaqanotlilar, pardaqanotlilar va ikki qanotlilar) hasharotlar yirtqichlik bilan hayot kechiradi. Entomofagkanalarning koʻpchiligi fitoseyidlar oilasining vakillaridir, baʼzilarigina bdellid, stigimeid, xeyletid, gemisarkoptid va boshqalar oilaga mansub. Hasharotlar paraziti 5 turkum: qoʻngizlar, tengqanotlilar, tangaqanotlilar, pardaqanotlilar va ikki qanotlilar vakillari orasida uchraydi. Oʻsimliklarni biologik himoya usulida pardaqanotlilar va ikki qanotlilar turkumiga mansub turlar katta ahamiyatga ega (qarang Parazitizm).

Xoʻjayinga ixtisoslashiga koʻra, E. 3 biologik guruhga: monofaglar (bir yoki ikki tur xoʻjayinni zararlaydi), oligofaglar (bir oiladagi bir necha uruqqa mansub turlar hisobiga yashaydi) va polifaglarga (har xil turkumga mansub koʻpgina turlarni zararlaydi) boʻlinadi. Organizmlararo munosabatning yana bir shakli — antibioz yoki organizmlararo antagonistik oʻzaro munosabat (mikroorganizmlar yoki yuksak oʻsimliklarning boshqa organizmlar rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi yoki uni nobud qiladigan moddalar ajratishi) farqlanadi. Dehqonchilik biotsenozida E.dan xonqizi qoʻngʻizlari, oltinkoʻzlar, taxin pashshalar, sirfidlar, sassiqqoʻngʻizlar va boshqalar katta ahamiyatga ega. Oʻsimliklarni biologik himoya usulida E.dan trixogramma va gabrobrakondan foydalaniladi (yana qarang Foydali hasharotlar).