Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Eron Markaziy banki

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Eron Markaziy banki
Turi davlat markaziy banki
Status Bank
Qachon asos solingan 1960
Hududiy xizmati Eron bayrogʻi Eron
Rahbar Muhammadrizo Farzin
Vebsayti www.cbi.ir
Til(lar)i fors

Eron Markaziy banki (CBI; forscha: بانک مرکزی جمهوری اسلامی ايران; SWIFT kodi: BMJIIRTH) Eron Islom Respublikasining markaziy banki va mamlakat bank tizimi regulyatori.

1960-yildagi Eron Bank va valyuta faoliyati qonuni asosida tashkil etilgan boʻlib, u Eron hukumati bankiri sifatida xizmat qiladi va mamlakatda banknot va tanga chiqarish boʻyicha mutlaq huquqqa ega. Markaziy bank Eron riali qiymatini saqlab qolish va banklar va kredit tashkilotlarini nazorat qilish vazifasini bajaradi. U Eron milliy javohirlari, shuningdek, valyuta va oltin zaxiralarining saqlovchisi sifatida faoliyat olib boradi[1]. Bank Osiyo kliring ittifoqining taʼsischi aʼzosi ham hisoblanadi, xorijdagi oltin va kapital oqimlarini nazorat qiladi, Xalqaro valyuta jamgʻarmasida (XVJ) Eronni tamsil qiladi va xalqaro miqyosda Eron va boshqa davlatlar oʻrtasida toʻlov bitimlarini tuzadi[1].

2022-yil 21-sentyabr kuni Anonymous xakerlar guruhi tomonidan Eron Islom Respublikasining veb-saytiga DoS hujumlar amalga oshirildi va buning natijasida hozirda saytga kirish imkoniyati mavjud emas. Xakerlik hujumi Mahso Aminiyning oʻlimi munosabati bilan oʻtkazilgan norozilik belgisi boʻlgan.

Eronda qogʻoz pullarni muomalaga kiritishga birinchi urinish milodiy 13-asrda moʻgʻul Elxoniylar davrida amalga oshgan. Xitoyning Song sulolasi davridagi innovatsiya Eronda tadbiq etilmagan va qogʻoz valyuta bir necha asrlar davomida Eronga hech bir shaklda qaytish imkoniyatiga ega boʻlmagan[2].

Zamonaviy davr

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Eron Shahanshoh banki, Tehron, 1902-yil

1889-yilda Britaniya egalik qiladigan Eron Shahanshoh banki tashkil topdi va unga Eronda banknotlarni chiqarish uchun mutlaq huquq berildi. 1890-yilda bank Eronda 1 dan 1000 tumangacha boʻlgan birinchi banknotlarni muomalaga kiritdi[3]. Bank Eron kapital shakllanishini kuchaytirish yoki Eronning oʻsha paytdagi valyutasi qironni qoʻllab-quvvatlash uchun tayinli ish qilmadi[3].

Britan banki bilan raqobat qilish uchun Rossiya imperiyasining Rossiya kredit va taraqqiyot banki mamlakatda oʻz faoliyatini boshladi[4]. Rossiyalik yahudiy tadbirkor Polyakovning Esteqrazi banki 1898-yilda Chor Rossiyasi tomonidan sotib olindi va keyinchalik 1920-yilda shartnoma bilan Eron hukumati qoʻliga oʻtdi[5]

1927-yilda Eron hukumati tomonidan birinchi davlat banki Eron Milliy banki tashkil etildi[6]. 1930-yil 30-mayda u Eronning markaziy banki sifatida faoliyat yuritish masʼuliyatini oʻz zimmasiga oldi va 200 000 funt sterling evaziga Shahanshoh bankka tegishli boʻlgan huquqlarni sotib oldi, bundan tashqari bir vaqtning oʻzida tijorat banki sifatida ham faoliyat yuritishni davom ettirdi[1]. Bankning asosiy maqsadi hukumatning moliyaviy operatsiyalarini osonlashtirish va Eron valyutasini (rial va tuman) emissiya qilish va tarqatish edi. Oʻttiz yildan koʻproq vaqt davomida Eron Milliy banki markaziy bank vazifasini bajargan va Eron rialining qiymatini saqlash masʼuliyatini oʻz zimmasiga olgan. 1955-yilda bank zimmasiga mamlakat bank tizimini nazorat qilish vazifasi yuklatildi[1].

1960-yil avgust oyida hukumati Eron Markaziy bankini tashkil qildi va markaziy bankka tegishli barcha majburiyatlarni Milliy bankdan ajratib, uni yangi tashkil etilgan markaziy bankka yukladi[1]. Eron Islom Respublikasi Markaziy banki (MB) doirasi va vazifalari Eronning Bank va valyuta faoliyati qonunida (1960) belgilangan[1].

Islom inqilobidan keyin Eron Markaziy banki nomi „Eron Islom Respublikasi Markaziy banki“ deb oʻzgartirildi va 1983-yilda mamlakat bank tizimiga foizli daromad topish yoki toʻlashni taqiqlovchi yangi islomiy qoidalar amal qila boshladi[1].

Markaziy bank Eronning sobiq qirollariga tegishli boʻlgan va ular tomonidan foydalanilgan tarixiy va qadimiy zargarlik buyumlari muzeyiga egalik qiladi. Ushbu muzeyda Eron milliy javohirlari joylashgan va mamlakatning eng jozibali sayyohlik nuqtalaridan biri hisoblanadi.

Markaziy bank minorasi, Eron Markaziy bankining bosh ofisi

Pul va kredit kengashi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron Markaziy bankining bank siyosatini ishlab chiquvchi oliy organi Pul va kredit kengashi (PKK) hisoblanadi. Uning doimiy aʼzolariga Markaziy bank rahbari, Eron moliya va iqtisod vaziri, Eron davlat hayʼati (mamlakat hukumati) tomonidan tayinlangan ikkita vazir, Savdo-sanoat palatasi rahbari, Bosh prokuror va ikkita parlament deputati kiradi[7].

Har yili hukumatning yillik budjeti tasdiqlangandan soʻng, Markaziy bank tasdiqlash uchun Pul va kredit kengashiga pul va kredit siyosatining batafsil sharhini taqdim etadi. Keyinchalik, ushbu siyosatning asosiy elementlari besh yillik iqtisodiy rivojlanish rejasiga kiritiladi[8]. PKK har chorakda yigʻiladi.

Amalda, bank tizimining pul yaratish qobiliyati naqdsiz pullar (talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar va chek daftarchalari) uchun zaxira saqlash zarurati bilan cheklanmaydi. Yaʼni aksariyat banklar avval kredit beradi va keyin esa zaxiralarni qidiradi. Mamlakatning parlament tadqiqotlari markaziga koʻra, Eron Markaziy banki inflatsiyaga qarshi kurashish uchun hukumatdan koʻproq mustaqil boʻlishga muhtoj. 2010-yil holatiga koʻra, Eron Markaziy banki „faol“ pul-kredit siyosatini olib borishga qodir emas (masalan, obligatsiyalarni chiqarishdan oldin u Majlis roziligini olishi kerak) va hukumatning fiskal siyosati ustidan nazoratga ega emas[9].

Bosh Assambleya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Markaziy bank direktorlar kengashining amaldagi tuzilmasi tarkibiga mamlakat prezidenti, Iqtisodiyot va Savdo vazirlari, Prezidentning strategik rejalashtirish boʻyicha oʻrinbosari va hukumat tomonidan tayinlanadigan vazir kiradi[10].

„Islohot“ taklifi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2010-yilda Majlis tomonidan taklif qilingan yangi qonunga koʻra, kamida 15 yillik ish tajribasiga ega yetti nafar iqtisodchi Bosh assambleyaga aʼzo boʻlishi kerak edi, bu esa Markaziy bankni qaror qabul qilish jarayonida davlat hukmronligidan xususiy sektor koʻproq soʻz yuritadigan organga aylantirishi kerak edi. Assambleya aʼzolari 10 yil muddatga va faqat bir marta saylanadi[11][12]. Oʻshanda prezident Mahmud Ahmadinajod ushbu taklifni tanqid qilib, Eron Markaziy banki xususiy nazorat ostiga tushmasligi muhimligini, chunki „uzoq muddatda bu Eron xalqiga foyda keltirmasligini“ aytdi. 

Markaziy bank rahbari Eron prezidenti taklifiga koʻra Bosh assambleya tomonidan saylanadi va prezident farmoni bilan tasdiqlanadi[11].

Maqsadlari va vazifalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron Islom Respublikasi Markaziy bankining nizomi va Eronning Bank va valyuta faoliyati qonunining 10-boʻlimiga[13] muvofiq maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • Milliy valyuta barqarorligini saqlash;
  • Toʻlov balansida muvozanatini saqlash;
  • Savdo bilan bogʻliq moliyaviy operatsiyalarni osonlashtirish;
  • Mamlakatning iqtisodiy oʻsish salohiyatini oshirish.

Qonunchilikda koʻrsatilgan maqsadlarga erishish uchun Markaziy bankka quyidagi funksiyalarni bajarish masʼuliyati yuklangan[14]:

  • Banknotlar va tangalarni muomalaga kiritish;
  • Banklar va kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish;
  • Xorijiy valyuta siyosati va operatsiyalarini shakllantirish va tartibga solish;
  • Oltin operatsiyalarini tartibga solish;
  • Milliy valyutaning kirib kelishi/chiqib ketishi hamda undagi tranzaksiyalarni shakllantirish va tartibga solish.

Islom bankchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron inqilobidan keyin Markaziy bank islom bankchilik qonunini yaratishiga toʻgʻri keldi. 1983-yilda Eron Majlisi tomonidan Islomiy bank faoliyati qonuni qabul qilindi[15]. Ushbu qonun shaʼriy tijorat qonunlarining forsiy shia versiyasini tavsiflaydi va ruxsat beradi (kamroq „liberal“ sunniy versiyasidan farq qiladi)[16]. Ushbu qonunga koʻra, Eron banklari faqat foizsiz islomiy operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin (chunki foizlar sudxoʻrlik yoki „ribo“ hisoblanadi va Islom va Qurʼoni Karim tomonidan taqiqlangan). Ushbu operatsiyalar Mubodala deb nomlangan „vaqtinchalik foyda“ ulushi evaziga tovarlar va xizmatlar almashinuvini oʻz ichiga olgan tijorat operatsiyalari hisoblanadi.

Amalda, Eron rasman „vaqtinchalik“ deb ataladigan foiz stavkalaridan foydalanadi, chunki omonatchilarga toʻlanadigan yoki qarzdorlardan olingan stavkalar biznesning foydasi yoki zararini aks ettirishi kerak[17]. Ushbu qoidalarga koʻra, „dividendlar“ deb ataladigan omonat stavkalari nazariy jihatdan bankning rentabelligi bilan bogʻliq. Yaʼni bank koʻproq foyda olsa, koʻproq dividend toʻlashi, kamroq foyda olsa, kamroq dividend toʻlashi, zararga kirsa, omonatchilar ham zararga sherik boʻlishi kerak. Biroq amalda bu dividendlar qatʼiy belgilangan daromad stavkalariga aylangan – omonatchilar banklar koʻradigan zarari natijasida hech qachon oʻz jamgʻarmalarini yoʻqotmagan va deyarli hech qachon vaqtinchalik oldingi foyda stavkalaridan koʻproq daromad ololmagan. Kreditlar boʻyicha hisoblangan foizlar „toʻlovlar“ yoki korporativ foydaning ulushi sifatida taqdim etiladi[18]. Bu kabi barcha operatsiyalar Muzoraba, Forush Agʻsati, Joala, Salaf va Qarz hasana kabi 12 ta Islomiy shartnomalar orqali amalga oshiriladi. Ushbu shartnomalar va tegishli amaliyotlar tafsilotlari Eronning Foizsiz bank qonunchiligi va uning koʻrsatmalarida keltirilgan. Bunga misollar:

  1. Qarz hasana: Bank tomonidan jismoniy yoki yuridik shaxsga maʼlum muddatga beriladigan foizsiz, notijorat krediti (anʼanaviy bank ishidagi talab qilib olinguncha omonatlarga oʻxshash).
  2. Joala: Bir tomonning (jael, bank yoki ish beruvchi) shartnoma shartlariga muvofiq belgilangan xizmatni koʻrsatish evaziga boshqa tomonga maʼlum pul (joal) toʻlash majburiyati. Xizmat koʻrsatuvchi tomon „Amel“ (agent yoki pudratchi) deb nomlanadi.
  3. Mosaqat: Bogʻ yoki bogʻ egasining boshqa taraf (Amel yoki Agent) bilan bogʻ yoki bogʻ hosilini yigʻish va uni belgilangan nisbatda ikki tomon oʻrtasida taqsimlash maqsadida tuzilgan shartnoma. Oʻrim-yigʻim bogʻ yoki bogʻdagi oʻsimliklarning mevalari, barglari, gullari va boshqalar boʻlishi mumkin.
  4. Muzora: Bank (Muzor) yerni dehqonchilik qilish va hosilni ikki tomon oʻrtasida belgilangan nisbatda taqsimlash uchun maʼlum bir muddatga boshqa tomonga (Amel yoki Agent) topshiradigan shartnoma.
  5. Muzoraba: Bank naqd kapitalni taqdim etish majburiyatini olgan shartnoma va boshqa tomon (Amel yoki Avent) kapitalni tijorat maqsadlarida ishlatish va foydani amal qilish muddati oxirida ikki tomon oʻrtasida maʼlum nisbatda taqsimlash majburiyatini oladigan shartnoma shakli.

Standard & Poor’s reyting agentligi maʼlumotlariga koʻra, shariy halol aktivlar miqdori dunyo boʻylab qariyb 400 milliard dollarga yetgan va potentsial bozor 4 trillion dollarni tashkil etadi[19][20]. Eron, Saudiya Arabistoni va Malayziya eng yirik shaʼriy halol aktivlarga egalik qiladi[21].

XVJ maʼlumotlariga koʻra, islom banki sof monetar chayqovchilikni taqiqlaydi va bitimlar real iqtisodiy faoliyatga asoslangan boʻlishi kerakligini taʼkidlaydi va shuning uchun moliyaviy tizimlar barqarorligi uchun anʼanaviy bankdan koʻra kamroq risk tugʻdiradi[22].

Tanqidchilarning fikricha, Eronning foizsiz bank qonuni sudxo‘rlik yoki riboni qonuniylashtirish uchun sharoit yaratgan. Amaliyotda barcha banklar oʻz qarz oluvchilardan yiliga kamida bir marta Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan foiz stavkasi boʻyicha oldindan belgilangan miqdorda komissiya undiradi. Ushbu shartnomalar doirasida hech qanday tovar yoki xizmatlar almashtirilmaydi va banklar kamdan-kam hollarda tijorat riskini oʻz zimmalariga oladi. Koʻchmas mulk, qimmatli qogʻozlar, bank kafolatlari va asbob-uskunalar kabi yuqori qiymatli garov taʼminoti vositalari bilan har qanday risk xavfi yoʻqoladi. Qarzdor toʻlovni toʻlamagan yoki bankrot boʻlgan taqdirda, asosiy qarz, kutilayotgan foizlar va kechiktirilgan toʻlovlar garov taʼminotiga egalik qilish yoki sotish orqali undiriladi[18].

Toʻlov tizimlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2005-yilda hukumat Markaziy bank va tijorat banklariga, asosan davlatga tegishli boʻlgan banklarga mart oyigacha mamlakatda elektron pullar muomalasini amalga oshirish uchun barcha zarur infratuzilmalarni (tartibga solish, apparat, dasturiy taʼminot) yaratish boʻyicha topshiriq berdi. Ushbu reja hali toʻliq amalga oshmagan boʻlsa-da, mahalliy debet kartalari endi odatiy holga aylandi va milliy miqyosda elektron tijoratning oʻsishi, shuningdek, elektron hukumat tashabbuslarini toʻliq amalga oshirish yoʻlidagi asosiy toʻsiqni olib tashladi[23]. Biroq, Eron hamon naqd pulga asoslangan iqtisodiyot boʻlib qolmoqda.

Markaziy bank Eron banklarining rialdagi operatsiyalarini hisob-kitob qilish uchun asosiy markaz sifatida Real vaqt rejimidagi yalpi hisob-kitob tizimini (SATNA) ishlab chiqdi. 2006/07-yillarda ushbu tizimning birinchi va ikkinchi bosqichlarini amalga oshirish natijasida hisobot yilida banklararo maʼlumotlarni uzatish tarmogʻi (Shitob bank tizimi) va banklararo kliring markazi orqali real vaqt rejimida hisob-kitoblar boshlandi. 2007/08-yildan boshlab bankdan bankka va mijozdan mijozga oʻtkaziladigan toʻlovlar ham SATNA orqali amalga oshirila boshlandi. 2006/07-yil oxirida qiymati kichik boʻlgan katta hajmdagi toʻlovlarni real vaqt rejimida oʻtkazish uchun Chakana pul mablagʻlarini oʻtkazish tizimi (SAHAB) ishga tushirildi va 2007/08-yillarda yanada rivojlantirildi. Bundan tashqari, Eronning Shitob tizimini boshqa mamlakatlarning axborot uzatish tarmoqlariga ulash rejalari ham bor.

2011-yilda ikkita yangi toʻlov tizimi ishga tushirildi. Ulardan biri Qimmatli qogʻozlar boʻyicha naqd pulsiz hisob-kitob tizimi (TABA) bo'lib, u turli qimmatli qogʻozlarni, xususan hukumat va Markaziy bank obligatsiyalarini joylashtirish va hisob-kitob qilish uchun elektron infratuzilma vazifasini bajaradi. Individual va koʻp martalik toʻlov topshiriqlarini qayta ishlash, xalqaro bank kartalarini qabul qilishi uchun Eronning banklararo maʼlumot uzatish tarmogʻini (Shitob) boshqa bankomat va POS-kommutator tizimlariga ulash, POSlarni markazlashtirish va qayta tashkil etish tizimi elektron karta toʻlovlar tizimini loyihalashtirish (SHAPARAK) maqsadida avtomatlashtirilgan hisob-kitob markazi (PAYA) ishga tushirildi[24].

Raqamli valyuta

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2018-yilda AKT vazirligining maʼlumotlariga koʻra, Eron Pochta banki blokcheyn texnologiyasi asosida mamlakatning birinchi raqamli valyutasini muomalaga chiqardi. Texnologiya blokcheyn tranzaksiyalar uchun hech qanday kliring banki talab qilinmasligi tufayli Eronga qarshi sanksiyalar ostida ishlash mobaynida afzallik beradi[25].

Bundan tashqari, Eronning ulkan neft va gaz zaxiralarini hisobga olib, Eron riali neft va gaz bilan paritet oʻrnatilsa, zaxira valyutasiga aylanishi mumkin[26]. Masalan, oʻtmishda AQSh dollari va oltin oʻrtasida boʻlgan paritet yoki Venesuelaning yangi „Petro“ kriptovalyutasi bilan boʻlayotgan paritet kabi[27].

Finnotech.ir – Eronning birinchi bank API provayderi va Informatics Services Corporation (ISC, Axborot xizmatlari korporatsiyasi) bank sanoati (xususan Shitob) uchun axborot tizimlarining yetakchi operatori hisoblanadi[28]. 2016-yil holatiga koʻra, Eronda fintex yoʻnalishi boʻyicha 50 ta kompaniya faoliyat yuritadi[29]. Markaziy bank fintex kompaniyalarning Eron moliya sektoridagi rolini cheklaydi, chunki ular pul yaratish, valyuta ayirboshlash, toʻlov vositalarini taklif qilish (masalan, kartalar) va depozitlarni jalb qilish bilan shugʻullanishi mumkin emas[30].

2010-yil 21-yanvardan boshlab bank hisobvaraqlar egalari tijorat banklaridan 15 000 AQSh dollaridan ortiq mablagʻni yechib olishlari taqiqlandi, biroq ular hali ham kattaroq summaga chek yozib berishlari mumkin. Hukumat odamlarning naqd pul operatsiyalari oʻrniga cheklar va elektron bank tizimlaridan foydalanishni xohlaydi. 

2009-yilda cheklarning 10,7 foizi banklar tomonidan qabul qilinmangan[31].

Debet/kredit kartalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2007-yilda Tetra-Tech IT kompaniyasi eronliklar va chet ellik sayyohlar savdo markazlari, mehmonxonalar, restoranlar va sayyohlik agentliklaridagi Eron elektron karta terminallarida onlayn sotuvlar uchun Visa va MasterCard kartalaridan foydalanishlari mumkinligini eʼlon qildi[32]. Eronning elektron tijorati 2009-yilning mart oyigacha 10 trillion rialga (1 milliard dollar) yetishi kutilgan edi. Baʼzi badavlat odamlarning bank kartalari bor, biroq xalqaro sanksiyalar tufayli hozirda MasterCard yoki Visa Eronda faoliyat yuritmayapti va mamlakatda bir nechta xorijiy banklar qolgan[33]. 20 foizdan kamroq aholisidan bank kartalari boʻlgan Misrdan farqli eronliklarning qariyb 94 foizi bank kartasiga ega (2015)[34].

2016-yilda Eron Sukuk tamoyillariga asoslangan oʻzining ichki kredit karta tizimini taqdim qildi va MasterCard (va boshqa xalqaro toʻlov operatorlari) bilan mamlakatda faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyish uchun muzokaralar olib borilganligini maʼlum qildi[35].

Yaqin Sharq va boshqa musulmon mamlakatlarida keng tarqalgan norasmiy pul oʻtkazmalari tizimi boʻlgan havola tizimidan Eronda ham koʻplab korxonalari va jismoniy shaxslari foydalanadi. AQSh va BMT tomonidan Eronga nisbatan kiritilgan oxirgi moliyaviy sanksiyalardan beri eronliklar tomonidan havoladan foydalanish koʻpaygan<[36].

Pul yuvishga qarshi qonun

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron Markaziy banki ehtimoliy jinoyatlarning oldini olish uchun pul yuvishga qarshi qonunga[37] rioya qilinishini taʼminlaydi. Pul yuvishga qarshi kurashish boʻyicha maxsus qoʻmita aʼzolari orasida Eron Razvedka vaziri, Markaziy bank rahbari va boshqa bir qancha vazirlar bor. 2008-yilda Parijda joylashgan Moliyaviy harakatlar boʻyicha maxsus guruh (FATF) tashkiloti Eronning pul yuvishga qarshi kurashini olqishlagan. 34 aʼzodan iborat moliyaviy nazorat tashkiloti Tehronni pul yuvish boʻshliqlarini yopish majburiyatini olgani bilan tabrikladi. Biroq, 2010-yilda FATF Ekvador va Eronni pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi xalqaro qoidalarga rioya qilmayotgan davlatlar roʻyxatiga kiritdi. Oʻsha vaqtdagi Eron prezidenti Hasan Ruhoniy FATFga qiziqish bildirayotganiga qaramay, prezident va oliy yetakchi Ali Xomanaiy tarafdorlari oʻrtasida katta kelishmovchiliklar kelib chiqqan. FATFga qarshi boʻlgan shaxslar orasida taniqlilari Mutaxassislar assambleyasi raisi va Qoʻriqchilar kengashi kotibi Ahmad Jannatiy va Eron sobiq tashqi ishlar vaziri va Oliy rahbarining tashqi aloqalar boʻyicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy edi[38]. Ushbu kelishmovchiliklar va FATFning Eron parlamenti tomonidan tasdiqlanmaganligi FATF ijrosini toʻxtatishga olib keldi[38].

Eron hukumati tomonidan 2015-yildagi hisob-kitoblarga koʻra, Eronda giyohvand moddalar savdosidan tushgan harom pullar yiliga 10 trillion tumanni (1 tuman 10 rialga teng). Ushbu pullarning bir qismi mamlakat siyosatiga taʼsir qilish uchun „saylovlar va ovozlarni sotib olish“ga yoʻl topmoqda[39].

Xorijiy zaxiralar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oltin zaxiralari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2010-yil oktyabr oyida Eron zaxiralarining oltindagi qismi „rekord darajaga“ yetdi, chunki Markaziy bank Gʻarb davlatlari aktivlarini muzlatib qoʻymaslik uchun „profilaktika choralarini“ koʻrdi[43]. IRNA nashri Markaziy bank rahbari Mahmud Bahmaniydan iqtibos keltirgan holda mamlakat 2009-yilda oltin narxi oʻrtacha bir unsiya uchun 656 dollar boʻlgan paytda, „bir necha yuz tonna“ oltin import qilingani haqida yozgan. „Hozirda bir unsiya oltin narxi 1230 dollarni tashkil qilmoqda. Natijada milliy zaxiralar qiymati bir necha milliard dollarga oshdi“, deydi Markaziy bank rahbari. Eron zaxiralarining 15 foizini oltinga diversifikatsiya qildi, chunki Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlarda bu raqam 1,7 foizni tashkil qiladi. 

2012-yil yanvar oyida Tehron Savdo palatasi rahbari Eronda 907 tonna oltin borligini, bir unsiya oʻrtacha 600 dollardan sotib olingani va hozirgi narxda 54 milliard dollarga baholangani haqida xabar berdi[44][45]. Lekin Markaziy bank rahbari bor-yoʻgʻi 500 tonna (yaʼni oltin zaxiralari) borligini maʼlum qildi[46]. Tafovut tushuntirilmagan, ammo 907 tonnaligi (xato) aytilayotgan zaxiralar tarkibida yer ostidagi oltin zaxiralari (2012-yil holatiga koʻra 320 metrik tonna) va ehtimol, Eron hududidagi xususiy qoʻllardagi oltin (taxminan 100 tonna miqdorida tanga yoki oltin quyma koʻrinishida) ham hisobga olingan boʻlishi mumkin[47]. 2014-yilda Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, oltin zaxiralari bor-yoʻgʻi 90 tonnani tashkil etgan, qolgan qismi sanksiyalardan soʻng barter savdosida ishlatilgan[47] [48].

inflatsiya va pul-kredit siyosati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Eron Markaziy bankining Firdavsiy binosi

Ikki xonali inflatsiya darajasi soʻnggi 20 yil davomida Eronda hayot tarziga aylanib boʻldi. 2002-yildan 2006-yilgacha Eronda inflatsiya darajasi 12 va 16 foiz oraligʻida oʻzgarib turdi[49].

Erondagi pul-kredit siyosati Eronning besh yillik rivojlanish rejalarida belgilangan inflatsiya va pul-kredit siyosati maqsadlarga erishisha olmadi, buning sababi, asosan, davlatning neftdan olingan daromadlari hisobidan xarajatlarining pul-kredit siyosatiga taʼsir koʻrsatgani boʻldi. Soʻnggi paytlarda inflatsion targetlash koʻrsatkichlariga erishish biroz yaxshilangan boʻlsa-da, bir xonali darajaga bosqichma-bosqich pasaytirib borish maqsadiga erishilmadi. Bundan tashqari, pul-kredit siyosatining bilvosita oraliq maqsadi – pul oʻsishi muntazam ravishda oʻtkazib yuborildi[50].

Markaziy bank Eron hukumatining davomi boʻlib, shu sababli u hukumatdan mustaqil ishlamaydi. Foiz stavkasi odatda pul maqsadlariga emas, balki siyosiy ustuvorliklar asosida belgilanadi. Fiskal va pul-kredit siyosati oʻrtasida juda kam muvofiqlik mavjud.

Markaziy bank inflatsiya darajasini Eronning shahar hududlaridagi 395 ta mahsulot va xizmatlar narxlari hisobidan aniqlaydi[51].

Inflatsiyaning yuqori darajasi Erondagi pul massasining oʻsishi bilan ham bogʻliq. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, pul massasi har yili taxminan 40 foizga oʻsmoqda. Pul massasining yuqori sur’atlarda oʻsishi banklar tomonidan taklif qilingan 12% stavkadagi qarz kapitalini olish uchun yuzaga kelgan yuqori talablardan kelib chiqqan boʻlib, ushbu stavka hukumat tomonidan oʻrtacha eronliklar va kichik tadbirkorlar uchun kredit olish imkoniyatini yaratish uchun oʻrnatilgan. Biroq, bu koʻrsatkich inflatsiya darajasidan past. Bu, inflatsiya darajasi va investitsiya riskidan kelib chiqqan holda, kredit qiymatining talab va taklif tomonidan belgilanadigan erkin bozor qiymatidan past boʻlishiga olib keladi[52].

Toʻgʻridan-toʻgʻri vositalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Bank foydasi stavkalari – 2010-yildan boshlab banklar oʻrtasida olinadigan foiz stavkasi (yaʼni banklararo stavka) Eron hukumati tomonidan belgilanadi[53].
  • Kredit chegarasi – Markaziy bank banklarni cheklash, mablagʻlardan foydalanish mexanizmlarini belgilash va har bir sektorda kreditlar va kreditlar chegarasini belgilash orqali pul va bank ishlariga aralashishi va nazorat qilishi mumkin.

Bilvosita vositalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Majburiy zaxiralar stavkasi– Eronning Bank va pul faoliyati qonunining 14-moddasiga muvofiq[54], Markaziy bank banklar majburiyatlari tarkibi va faoliyat sohasiga qarab 10 dan 30 foizgacha boʻlgan majburiy zaxira normasini belgilash vakolatiga ega.
  • Markaziy bank obligatsiyalari – Markaziy bank obligatsiyalar chiqarish uchun Majlis (parlament)dan ruxsat olishi kerak<[36].
  • Ochiq depozit hisobvaragʻi: banklarning ortiqcha resurslarini oʻzlashtirish orqali likvidlikni nazorat qiladi. Markaziy bank ushbu depozitlarga maxsus qoidalar asosida „foyda“ toʻlaydi[55].

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) maʼlumotlariga koʻra, 2001-yilda pul massasi tarkibida naqd pullar va talab qilib olinguncha depozitlar (odatda M1 deb ataladi) 71,7 mlrd dollarga teng boʻlgan. Oʻsha yili M2 – M1 plyus jamgʻarma depozitlari, kichik muddatli depozitlar va pul bozorining investitsiya fondlari yigʻindisiga teng boʻlgan agregat – 153,6 milliard dollarni tashkil etgan. Eron Markaziy banki maʼlumotlariga koʻra, mamlakatning likvidligi 2008-yil aprelida taxminan 174 milliard dollarni[56], 2009-yil oktyabrida 197 milliard dollarni va 2011-yilda 300 milliard dollardan ortiqni tashkil etgan. Hisob-kitoblarga koʻra, 2012-yilda Eron bozorida suzayotgan kapital miqdori 254 milliard dollarni tashkil qilgan. 

2020-yil mart oyida muomaladagi pullar 700 milliard dollarga yetdi (2017-yilgi devalvatsiyadan oldingi kurs boʻyicha)[57]. O'sha yilning sentyabr oyida Eronning monetar bazasi 3 721,46 trillion rialga (deyarli 12 milliard dollar) yetdi, M2 esa 95 milliard dollarga yetdi (yaʼni bir yil ichida mos ravishda 26% va 36.2%ga oʻsgan), pul multiplikatori effekti (bu monetar baza qancha miqdorda yangi pul yaratishi mumkinligini koʻrsatadi) eng yuqori darajaga yetdi) va bu soʻnggi yillarda inflatsiyaning oʻsishini (40%) va Eron rialining tushishini tushuntirdi. Eron riali 2018-yil boshidan buyon deyarli besh baravar arzonlashdi. Oʻz navbatida, Markaziy bank keng jamoatchilik va kompaniyalar tomonidan AQSh dollariga boʻlgan talabni qondirish va import uchun toʻlovni amalga oshirish uchun bozorda valyuta inervensiyasini amalga oshirmoqda. Eron milliy valyutasi barqarorligini taʼminlashga qaratilgan ushbu operatisyalar tufayli mamlakat valyuta zaxiralari kamayib ketdi[57].

Oʻz navbatida, buning sabablaridan biri Eronda samarasiz soliqqa tortish va soliq yigʻishga (xususan, soliq toʻlashdan boʻyin tovlash) ham bogʻliq. Inflatsiya (yoki xarid qobiliyatini yoʻqotish) – bu Eron aholisining quyi qatlamlariga eng koʻp salbiy taʼsir koʻrsatadigan, aholi uchun umumiy yashirin soliqqa aylandi(agar ish haqi va mahsuldorlikning oshishi bilan qoplanmasa)[58].

Buxgalteriya balansi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Manba: Xalqaro valyuta jamgʻarmasi[59] (mlrd rial; boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa) Dastlabki 2008/09 Prognoz 2009/10
Sof xorijiy aktivlar (NFA) 703 329 789 498
Million AQSh dollarida 72 381 77 050
 – Xorijiy aktivla 773 352 863 336
Million AQSh dollarida 79 587 84 257
-Xorijiy majburiyatlar 1/ 70 023 73 839
Million AQSh dollarida 7206 7206
Sof mahalliy aktivlar (NDA) -139 843 -225 654
Sof mahalliy kredit -5,141 21 083
-Markaziy hukumat, sof -283 735 -228 046
Daʼvolar 74 779 74 779
Depozitlar 358 514 302 824
-banklar boʻyicha daʼvolar 239 758 206 409
 – Notijorat davlat tashkilotlar (NDT) boʻyicha daʼvolar 38 836 42 719
 – Markaziy bankning obligatsiyalaridan boshqa obyektlar, sof -134 701 -246 737
Asosiy pul 556 925 556 925
Valyuta 206 352 200 745
 – muomaladagi pul miqdori 157 764 153 478
 – Kassalardagi naqd pullar 48 588 47 268
Zaxiralar 334 495 338 445
 – Majburiy zaxiralar 225,228 307 757
 – Ortiqcha zaxiralar 109 267 30 688
NDT va munitsipalitetlarning depozitlari 16 078 17 734
Boshqa majburiyatlar 6,561 6,919
-Markaziy bank obligatsiyalari 0 0
-NDT va munitsipalitetlarning xorijiy valyutadagi depozitlari 6,561 6,919
Memorandum elementlari:



Davr oxiridagi oʻzgarish (asosiy pulning foizida)
 – Asosiy pul 45.4 0,0
-Sof xorijiy aktivlar 13.4 15.5
-Sof mahalliy aktivlar (boshqa majburiyatlarni hisobga olmaganda) 32.0 -15.5

Davlat va xususiy sektor qarzlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2019-yil dekabr holatiga koʻra, davlatning banklar oldidagi qarzi 3 880 000 milliard rialga yetdi (taxminan 30 milliard dollar, ushbu qarz Hasan Ruhoniy prezident sifatida ish boshlagan 2013-yildan beri 3,5 foizga oʻsdi). Yaʼni, hukumat Eronda davlat nazorati ostidagi banklarga beriladigan pullarni emissiya qiladi va keyin bu banklardan foiz evaziga qarz oladi. 2019-yil 20-dekabrda yakunlangan oʻn ikki oylik davrda xususiy sektorning banklar oldidagi qarzi 14 400 000 milliard rial yoki 110 milliard dollardan ortiqni tashkil qildi[58].

Tashqi aloqalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron Islom Taraqqiyot Bankining aʼzosi hisoblanadi. 2006-yil avgust holatiga koʻra Jahon banki mamlakatdagi umumiy qiymati 3 413 mln. dollarlik 48 ta rivojlanish loyihasini moliyalashtirgan[60]. Jahon bankining Eronga kreditlari faqat Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) tomonidan beriladi. Eron Jahon bankining Investitsiyalarni koʻp tomonlama kafolatlash agentligi (MIGA) aʼzosi hisoblanadi[61]. Eron 1945-yil 29-dekabrda Xalqaro valyuta jamgʻarmasiga (XVF) aʼzo boʻlgan[62]. Markaziy bank rahbarlari XVJ kengashining Eron boʻyicha muhokamalarida hukumat nomidan qatnashadi. Ushbu uchrashuvlar odatda yiliga bir marta Vashingtonda oʻtkaziladi[63]. Eron Markaziy banki Shveysariyaning Bazel shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro hisob-kitoblar bankining (BIS) yillik yigʻilishlarida kuzatuvchi maqomiga ega.

Xorijiy taʼsir va operatsiyalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Eronning tashqi qarzi : 2010-yilda 22,07 milliard dollar (qisqa muddatli qarzlar $10,6 mlrd va oʻrta va uzoq muddatli qarzlar $11,4 mlrd)[64].
  • Eronning xorijiy banklardagi omonatlari: 35 milliard dollarni tashkil etadi, uning majburiyatlari esa 25 milliard dollarni tashkil etadi (2007). 2007-yilda Eronning xorijda 62 milliard dollarlik aktivlari bor edi[65]. Xalqaro hisob-kitoblar banki maʼlumotlariga koʻra, Eronning 39 ta jahon banklaridagi omonatlari 2012-yil mart oyi oxirida 15,44 milliard dollarga yetgan, uning majburiyatlari esa 10,088 milliard dollarni tashkil qilgan[66]. Bundan tashqari, 2011-yilda xorijiy kompaniyalar Eronga toʻlovlar bilan bogʻliq muammolar sabab mamlakatdagi xorijiy banklarda 10–20 milliard dollar miqdoridagi mablagʻ saqlagani xabar qilingan[67][68]. Yevropa Ittifoqi manbalariga koʻra, Yevropa sanksiyalariga qaramay, Eron hali ham Germaniya, Italiya, Malta, Ispaniya, Gretsiya va Shveysariyadagi hisob raqamlariga „bir necha milliard yevro“ omonatlar qoʻygan (2012)[69]. 2013-yil holatiga koʻra, xalqaro sanksiyalar tufayli uning valyuta zaxiralarining atigi 30-50 milliard dollari (yaʼni umumiy summaning taxminan 50 foizi) foydalanish mumkin[70]. Eron ommaviy axborot vositalari xorijda yangi sanksiyalar muhokama qilinayotgan bir paytda nega aktivlar va xorijiy zaxiralar[71] mamlakatga qaytarilmagan (yoki oltinga aylantirilmagan) degan savol bilan chiqmoqda.
  • Tranzaksiyalar: 2000—2007-yillar oraligʻida Eron bilan 150 milliard dollarga teng boʻlgan xorijiy tranzaksiyalar amalga oshirildi. Yirik shartnomalar ham xususiy ham davlat kredit liniyalarini tashkil etdi[72]. Xalqaro hisob-kitoblar banki maʼlumotlariga koʻra, 2008-yilning uchinchi choragida Eronning xorijiy banklar va moliya institutlaridagi valyuta operatsiyalari balansi 24,3 milliard dollardan oshgan[73].

AQSh sanksiyalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

AQSh Moliya vazirligi ham Eron bilan xorijiy sarmoya va savdoni moliyalashtirishni cheklashga urinishlarini kuchaytirgan. 2006-yil yanvar oyida Shveysariyaning UBS va Credit Suisse kabi banklari alohida-alohida Erondagi faoliyatini toʻxtatganliklarini eʼlon qildi. 2006-yilning sentyabrida Moliya vazirligi Eron Soderot bankining AQSh moliya tizimi bilan barcha operatsiyalarini taqiqladi, 2007-yilning yanvarida esa Sepa banki va uning Britaniyadagi shoʻbasi Sepah bank Internationalni qora roʻyxatga kiritdi. 2007-yil oktyabr oyida AQSh Moliya vazirligi Eron Milliy banki va Xalq bankini qora roʻyxatga kiritdi.

2007-yil sentyabr oyi boshidan beri AQSh bosimi ostida Xitoyning 12 banki Eron banklari bilan aloqalarini qisqartirdi, biroq ulardan beshtasi 2008-yil yanvar oyi oʻrtalarida tijoriy aloqalarini tikladi. 2008-yil fevral oyi oʻrtalarida AQSh Moliya vazirligi Eron Markaziy banki qora roʻyxatga kiritilgan banklarga tranzaksiyalar oʻtkazish orqali AQSh sanksiyalaridan qochishga yordam berganini daʼvo qildi[74].

Barter savdosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Markaziy bank xalqaro sanksiyalar va pul mablagʻlarini mamlakatga va undan tashqariga oʻtkazishdagi muammolar tufayli cheklangan xorijiy naqd zaxiralariga ega. 2012-yilda AQSh sanksiyalarni bir tomonlama kengaytirdi, bu esa Markaziy bank bilan hamkorlikda ishlovchi xorijiy firmalarni AQSh moliya tizimidan uzib qoʻydi[75]. Eron xalqaro sanksiyalarni chetlab oʻtish uchun oʻz savdo hamkorlarining barter savdosi, naqd pul kontrabandasi, oltin va mahalliy valyutalaridan tobora koʻproq foydalanayotgani xabar qilinmoqda[76]. Markaziy bank Eron yadroviy dasturidagi ishtiroki tufayli AQSh hukumati tomonidan qora roʻyxatga kiritilgan va shu tufayli 2012-yilning mart oyidan beri SWIFT tizimidan foydalanishi bloklangan[77].

Eron Markaziy banki umumiy va ixtisoslashgan auditoriya uchun turli davriy nashrlarni, jumladan Iqtisodiy tendensiyalar, byulleten, yillik sharh, iqtisodiy hisobot va balans kabilarni taqdim etadi. Shuningdek, bukletlar, monografiyalar va broshyuralar ham nashr qilib turiladi. Ushbu hujjatlarning aksariyati ingliz tilida ham mavjud[78].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Yeganeh 1988
  2. Clawson & Rubin 2005, s. 168
  3. 3,0 3,1 Basseer, Clawson & Floor 1988
  4. Clawson & Rubin 2005.
  5. „History of Banking in Iran“. Parstimes.com. 2012-yil 4-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 11-noyabr.
  6. Clawson & Rubin 2005, s. 55
  7. „Iran Today-Iran's Banking System-12-14-2010-(Part1)“. YouTube. 2013-yil 19-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-yanvar.
  8. „About this Collection - Country Studies - Digital Collections - Library of Congress“. Library of Congress. 2019-yil 27-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 25-yanvar.
  9. „Iran's Central Bank Lacks Independence, Parliament Study Says“. Bloomberg (2010-yil 2-iyul). 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 6-mart.
  10. „Iran's Central Banker Threatens To Quit In Protest“. Payvand.com. 2011-yil 29-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-yanvar.
  11. 11,0 11,1 „No. 3854 | Domestic Economy | Page 4“. Irandaily. 2012-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-yanvar.
  12. „Archived copy“. 2011-yil 9-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 1-fevral.
  13. „Monetary and Banking Law of Iran“. 2019-yil 16-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-aprel.
  14. „General Information“. Cbi.ir (2011-yil 19-sentyabr). 2012-yil 6-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-yanvar.
  15. „Iran's interest-free banking law“. Central Bank of Iran. 2007-yil 3-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 11-mart.
  16. „Guide to Iranian Market“. www.irtp.com. 2009-yil 30-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 11-yanvar.
  17. „Iran Daily – Domestic Economy – 04/19/09“. 2009-yil 21-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 8-avgust.
  18. 18,0 18,1 Iran Financial Services Forecast, Economist Intelligence Unit, August 18, 2008
  19. „Iran Daily – Economic Focus – 06/06/07“. 2007-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 9-avgust.
  20. „Iran, biggest Shariah-compliant market: The Banker“. Payvand.com. 2012-yil 9-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-yanvar.
  21. „Iran 2nd in Islamic Banking Assets“. Zawya (2009-yil 11-dekabr). 2013-yil 5-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-yanvar.
  22. „CBI's Fiqh Council Reopening With New Mandate“. Financial Tribune (2015-yil 6-iyul). 2019-yil 26-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 25-yanvar.
  23. Commission. „Information and communications technology (ICT) to Iran“. www.austrade.gov.au. 2008-yil 19-aprelda asl nusxadan arxivlangan.
  24. „Annual Review for 1389(2010/11)“. www.cbi.ir. 2012-yil 16-avgustda asl nusxadan arxivlangan.
  25. Jafari. „Post Bank of Iran Plans to Launch the Country's First Digital Currency“. techrasa.com (2018-yil 25-fevral). 2018-yil 12-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 6-iyul.
  26. „Sanctions Buster? Iran Eyes Cryptocurrency To Blunt U.S. Deterrents“. www.payvand.com. 2018-yil 8-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 29-avgust.
  27. Todd White. „Central Bank of Iran Working on Cryptocurrency, Press TV Reports“. www.bloomberg.com (2018-yil 26-iyul). 2018-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 27-iyul.
  28. „Iran's 1st Open Banking API Launched“. Financial Tribune (2017-yil 6-yanvar). 2017-yil 8-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 7-yanvar.
  29. „Banking Reform Blueprint Unveiled“. Financial Tribune (2017-yil 2-yanvar). 2017-yil 4-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 6-iyul.
  30. „Centeral Bank of Iran to Establish Fintech Regulatory Body“. Financial Tribune (2016-yil 19-dekabr). 2016-yil 21-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-aprel.
  31. „Iranians Lose Faith in Cheques: More and more cheques bounce as economy struggles“. Payvand.com. 2012-yil 14-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-yanvar.
  32. „VISA and MasterCard usage possible in Iran“. Payvand.com. 2018-yil 14-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-yanvar.
  33. Fitch, Asa; Parasie, Nicolas. „Western Companies See Potential in Reaching Iran's Consumers After Nuclear Deal“. The Wall Street Journal (2015-yil 6-aprel). 2016-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 6-mart.
  34. Moshinsky. „This ex-Deutsche Bank tech expert quit his job to risk everything on Iran's coming economic boom“. Business Insider. 2019-yil 2-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 25-yanvar.
  35. „CBI Talking to Int'l Payments Technology Companies“. Financial Tribune (2016-yil 18-noyabr). 2016-yil 19-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 19-noyabr.
  36. 36,0 36,1 „Iran's Economy“. 2017-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-aprel.„Iranʼs Economy“ (PDF).
  37. „newly-passed Anti-Money Laundering law“. 2022-yil 9-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-aprel.
  38. 38,0 38,1 Sadeghi. „Financial watchdog worries Iranian hard-liners“. Al-Monitor (2016-yil 28-sentyabr). 2017-yil 18-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 26-may.
  39. „Iran's Interior Minister warns of illegal drug profits financing election campaigns“. www.payvand.com. 2015-yil 24-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 24-fevral.
  40. 40,0 40,1 40,2 „Middle East :: Iran — The World Factbook - Central Intelligence Agency“. www.cia.gov. Qaraldi: 2009-yil 6-aprel.
  41. 41,0 41,1 Minister: Iran Facing No Problem in Currency Reserves, Revenues.
  42. „Iran Daily – Domestic Economy – 12/04/08“. 2008-yil 7-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 19-fevral.
  43. „Iran's forex reserve at 4600b: central bank“. tehran times (2010-yil 22-oktyabr). 2011-yil 14-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  44. „Iran reserves: 4720b in foreign notes, 907 tons of gold“. 2012-yil 2-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 5-fevral.
  45. „Iran's economy to grow despite sanctions: Ahmadinejad“. www.dailystar.com.lb. 2012-yil 5-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 5-fevral.
  46. „NameBright - Coming Soon“. www.iranwpd.com. 2012-yil 15-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 20-oktyabr.
  47. 47,0 47,1 „Private homes in Iran hold more gold than Central Bank“. www.payvand.com. 2014-yil 17-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 15-sentyabr.
  48. Wiggin, Addison. „How Gold Helped Iran Withstand U.S. Financial Fury“. Forbes. Great Speculations. 2017-yil 2-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 25-avgust.
  49. „Iran Inflation Rate“. index Mondi. 2010-yil 11-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 29-oktyabr.
  50. „Money and Inflation in the Islamic Republic of Iran“. IMF. 2008-yil 29-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 29-oktyabr.
  51. „Archived copy“. 2011-yil 17-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 6-iyul.
  52. Amir Naghshineh-Pour. „A Review and Analysis of Iran's Current Economic Status“. www.payvand.com. 2008-yil 3-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 30-oktyabr.
  53. „Iranian Banks Under Sanctions: Government Looking Towards Foreign Banks“. Payvand.com. 2011-yil 29-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 8-fevral.
  54. Central Bank of Iran
  55. „Archived copy“. 2010-yil 12-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 19-avgust.
  56. „Iran's inflation rate 21%, liquidity 5874b, Central Bank says“. Payvand.com. 2012-yil 25-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  57. 57,0 57,1 „Iran's Money Supply Skyrockets Parallel to Inflation“.
  58. 58,0 58,1 „Government Debt, Deficit, Money Supply Soar, Iran Central Bank Reveals“.„Government Debt, Deficit, Money Supply Soar, Iran Central Bank Reveals“.
  59. „Archived copy“. 2011-yil 21-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 15-oktyabr.
  60. „World bank report on Iran“. Web.worldbank.org. 2011-yil 12-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  61. „Iran's Third Development Plan: an Appraisal – Science News“. redOrbit (2005-yil 3-oktyabr). 2011-yil 29-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  62. „Iran's Financial Position at IMF“. IMF.
  63. „Iran and IMF|International Monetary Fund“. 2007-yil 10-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 10-oktyabr.
  64. „Iran's foreign debt reach $22m“. tehran times (2011-yil 27-aprel). 2011-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  65. „Iran's foreign assets surpass $62b“. Mehrnews.ir. 2007-yil 12-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  66. „Fars News Agency :: Iran's Assets at Foreign Banks Exceed 685bln“. 2012-yil 14-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 30-sentyabr.
  67. „Seoul, Ankara seeking U.S. waiver on Iran oil“. Tehran Times. 2013-yil 14-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  68. „Fars News Agency :: India Studying Oil Payments to Iran via Russia“. English.farsnews.ir (2011-yil 15-dekabr). 2013-yil 3-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  69. „Despite sanctions, Iran has billions stashed away in European banks: EU advisor“. 2012-yil 7-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 5-fevral.
  70. Marjorie Olster. „Sanctions Biting but Iran Not Budging“. AP (2013-yil 23-avgust). 2013-yil 1-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 24-avgust.
  71. „U.S. froze $2 billion held for Iran in Citibank: report“. Reuters (2009-yil 12-dekabr). Qaraldi: 2022-yil 20-oktyabr.
  72. „Global Investment in Iran“. AEI (2007-yil 9-may). 2011-yil 10-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-yanvar.
  73. „Iran Daily – Domestic Economy – 04/06/09“. 2009-yil 8-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 8-aprel.
  74. „Iran“, Investment regulations. Economist Intelligence Unit, 19 March 2008. 
  75. „Iran President Ahmadinejad condemns US banking sanctions“. BBC News (2012-yil 1-yanvar). 2019-yil 26-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 20-iyun.
  76. „What's Iran doing with Turkish gold?“. Financial Times. 2012-yil 12-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 11-iyul.
  77. „Iran's banks to be blocked from global banking system“. BBC News (2012-yil 15-mart). 2018-yil 29-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 20-iyun.
  78. „Publications“. www.cbi.ir. 2019-yil 26-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 25-yanvar.

 

Vikiomborda Central Bank of Iran mavzusiga oid fayllar bor

Oldingisi Eron Markaziy banki
1960–yildan boshlab
Amaldagi