Shamollarda qolgan hislarim
Shamollarda qolgan hislarim | |
Asl nomi | Gone with the wind |
---|---|
Muallif(lar) | Margaret Mitchell |
Til | inglizcha |
Janr(lar)i | Roman |
Nashr etilgan sanasi | 1936 |
Shamollarda qolgan hislarim (inglizcha: Gone with the Wind) — Amerikalik yozuvchi Margaret Mitchell tomonidan yozilgan asar. Roman 1860-yil, AQSh fuqarolar urushi davrida sodir boʻlgan voqealarini oʻzida aks etgan[1]. Asar 1936-yil 10-iyunda chop etilgan boʻlib, Amerika adabiyotining eng mashhur va „best-seller“ kitoblaridan biri hisoblanadi. 1936-yilning oxiriga kelib, bir milliondan ortiqroq miqdorda sotildi. Shu yilning oʻzidayoq, Devid Selznik ismli prodyuser 50 000 dollar evaziga Mitchelldan kitob asosida film suratga olish huquqini sotib olgan. Mazkur filmni suratga olish ishlari 1939-yilda amalga oshirilgan. 1937-yilda Mitchell romani uchun „Pulitser“mukofotiga sazovor boʻgan[2].
Asar tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Roman 1861-yildan 1873-yil orasida sodir boʻlgan voqealarni o‘zida qamrab olgan. Asarda Amerikaning shimolidagi sanoatlashgan va janubidagi yer egaligiga asoslangan shtatlari oʻrtasida fuqarolar urushi voqealari yoritilgan. U davrlarda mamlakatda siyosiy va iqtisodiy ahvol shunday ediki, shimolliklar uchun quldorlikdan hech qanday foyda boʻlmagan. Shuning uchun ular qullikni bekor qilishga ahd qilganlar. Lekin janubliklar bunday qarorga norozilik bildirib, mustaqil davlat boʻlib ajralib chiqishga harakat qiladilar. Shu sababda ham ikki oʻrtada urush boshlanadi[3].
Bosh qahramon Skarlett OʻHara uchratgan barcha erkaklarni o‘ziga maftun qila oladi. Skarlettning fikri boʻyicha, Djonsboro shahrida yashovchi har bir yigit uni sevadi. Shubhasiz, ular qatoriga Eshli Uilks ham kiradi. Lekin kutilmaganda Eshli amakisining qizi Melani bilan unashtiriladi.
Skarlett, Eshli bilan ochiq gaplashib olishga qaror qiladi. U hamma narsa oʻz joyiga tushishiga ishonadi va Eshliga erga tegishni umid qiladi. Ammo Eshli, oʻz vaʼdasining ustidan chiqishi kerakligini va nima boʻlgan taqdirda ham Melaniga uylanishini aytadi. Tasodifan bu suhbatni Rett Batler eshitib qoladi. Birdan sarosimaga tushgan Skarlett xonadan yugurib chiqib ketadi.
Koʻp oʻtmay, Melanining akasi Charlz Gamilton, Skarlettning qoʻlini soʻraydi. Skarlett Eshlidan qasos olish maqsadida, oʻz roziligini bildiradi. Ular Eshli Uilks va Melani Gamiltonlarning toʻyligidan bir kun oldin nikoh quradilar. Urush boshlanadi. Charlz qurolli kuchlar majmuasiga xizmatga ketadi. Lekin jangda ishtirok etishga ulgurmay, janubiy lagerlarning birida qizamiq orttirib halok boʻladi. Skarlettda esa, undan meros evaziga oʻgʻli Ueyd qoladi. Skarlett 17 yoshida bevaga aylanadi. Endi u umrining oxirigacha motam kiyib yurishiga toʻgʻri keladi. Skarlett uchun hayoti goʻyo tugagandek edi. Oldingi oʻyin-kulgular, raqslar va begʻamlik endi ortda qoldi. Hayotining bunday tez oʻzgarib ketishidan ruhiy taʼsirlanib, Skarlett Atlantaga yoʻl oladi. U yerda Charlining xolasi Pitti va Melani yashaydilar. Ularning uyligida turib Skarlett Eshliga yaqinroq boʻlishni umid qiladi[4]. Atlantada Skarlett yana bir bor Batlerni uchratadi. Rett, Skarlett uchun hali hech narsa tugamaganini va hayoti hali oldinda ekanligini aytadi. Jamiyatda qabul qilingan qoidalarga qarshi chiqib, Skarlett motamni yechib tashlaydi.
Janubliklarning turli xil shartliliklarga boʻlgan qatʼiy talabchanligi asta-sekin soʻnib boradi. Chunki urushning oʻz qonunlari mavjud. Avvalgi odatiy hayot butunlay oʻzgarib ketgan. Ilgari qoʻni-qoʻshnilar bir-birlarini bolaligidan tanigan boʻlsa, endi hamma yigitlar begona yurtlarga urushga ketishgan. Atlanta esa yangi chehralar bilan toʻlgan.
Iso paygʻambarning tavalludi bayramida, Eshli taʼtilga uyga qaytib keladi. Koʻp vaqt oʻtmay, Melani homilador ekanligini eʼlon qiladi. Homiladorlik juda ogʻir kechadi. Eshli yana urushga ketib, bedarak yoʻqolib qoladi. Skarlett Eshlini shimolliklar asirga olishganligini tushunadi.
Yankilar Atlantaga yaqinlashadilar. Atlanta aholisi shaharni tark etadi. Lekin Melani ogʻir ahvolda boʻlib, uyda qolishga majbur boʻladi. Skarlett esa Eshliga bergan vaʼdasi bilan bogʻlangan boʻlib, Melani bilan birga qoladi. Atlanta xalok boʻlgan kun Melanining farzandi dunyoga keladi. Endi Eshlining oʻgʻli bor — Boʻ Uilks.
Rett, Melani tugʻganini eshitib ot-arava topib keladi. Ular qamal qilingan Atlantani tark etadilar. Lekin yarim yoʻlda, Rett ayollarni yolgʻiz qoldirishga majbur ekanini aytadi. Chunki uning fikri boʻyicha Konfederatlar qatoriga yozilish uning burchi. Skarlett bunday gaplarni eshitib vahimaga tushadi. U nafrat bilan Rettning bu qilmishini hech qachon esdan chiqarmasligini aytadi. Bundan soʻng uygacha boʻlgan uzoq yoʻl boshlanadi.
Skarlett, Melani, ularning oʻgʻillari: Boʻ va Ueyd hamda xizmatkor qiz Prissi Taraga qaytib keladilar. U yerda, sershovqin dunyodan olisda, jimjitlik boʻlishi kerak. Tara butun. Ammo u hovillab qolgan. Uy yankilarning shtabiga aylangan. Qullar qochib ketishgan. Lekin eng sodiq xizmatkorlar qolgan: OʻHara oilasining enagasi-Mamushka, Djeraldning xizmatkori-Poʻrk va uning rafiqasi Dilsi.
Skarlettga, uning kelishidan biroz avval onasi olamdan oʻtgani haqida xabar berishadi. Singillari esa, terlama kasalligiga duch kelishgan. Otasi Djerald rafiqasidan mahrum boʻlganiga bas kelolmay, ongini yoʻqotib qoʻygan.
Skarlettning esa qaygʻurishga vaqti yoʻq. U yaqinlarining muammolarini yechishga va turli xil qarorlarni qabul qilishga qodir boʻlgan yagona insonga aylanadi. Ekin maydoniga tegishli tashvishlarni ham oʻz boʻyniga oladi. Koʻp oʻtmay Tarani boshqarish butunlay uning qoʻlida qoladi. Skarlett oʻz gʻururiga parvo qilmay, xizmatkorlarning xudbinligiga va singillarining injiqliklariga bardosh berishga harakat qiladi. Skarlettning irodasi tufayli ular hattoki oz miqdorda boʻlsa ham, hosil yegʻishga ulguradilar. Kitobning birinchi jildi Eshlining Taraga qaytib kelishi bilan tugaydi.
Skarlett, Tara uchun soliq toʻlashga puli yoʻqligi sababli, Rett Batlerga murojaat qilishga majbur boʻladi. Biroq Atlantaga kelib Rett qamoqxonada ekanligini aniqlaydi. Uning barcha rejalari birdan barbod boʻladi. Lekin kutilmaganda, u Frenk Kennedini uchratadi. Kennedi Skarlettning singlisi, Syulining kuyovi edi. Ammo Skarlett bunday vaziyatni eʼtiborsiz qoldirib, Tara uchun pul undirish maqsadida, Frenkni oʻziga uylantirib olishga qaror qiladi. Kennedining rafiqasi sifatida, Skarlett oʻzida tadbirkorlikka boʻlgan qobiliyatlarni ochadi. Koʻp oʻtmay Frenkning doʻkonida boshqarish ishlarini oʻz qoʻliga olib, taxta tiladigan zavod ham sotib oladi. Bundan soʻng kambagʻallik, ochlik va Tarani yoʻqotib qoʻyish xavfi ortda qoladi.
Frenk va Skarlett farzandli boʻladilar. Qizning ismini Ella Lorina deb qoʻyishadi. Eshli Shimolda oʻziga ish topadi, ammo Skarlett uni yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqib, Melani bilan Atlantaga koʻchib kelishga koʻndiradi. Skarlett vasiylik qilishda toʻxtamaydi. Hatto oʻzining zavodida Eshliga ish ham topib beradi. U har doimgidek Eshli bilan birga boʻlishni orzu qiladi.
Skarlett taxta tiladigan zavodga ketayotganida unga bezorilar hujum qilishadi. Frenk bu bezorilar erkin negrlar ekanini aniqlaydi va ku-kluks-klan tomonidan uyushtirilgan hujumda ishtirok etadi. Bundan soʻng u erkin negrlar lagerida vafot etadi. Dafn qilish marosimidan soʻng, Rett Batler Skarlettning qoʻlini soʻraydi. Skarlett uchun endi yangi hayot boshlanadi. U yana bir bor ona boʻladi. Boʻnni Blu Skarlettning eng sevimli farzandiga aylanadi. Rett ham qizi uchun hamma narsaga tayyor edi. Lekin Boʻnni 4 yoshga kirishga ulgurmay, toʻpichoq ottan yeqilib olamdan koʻz yumadi. Bu hodisadan soʻng Skarlett va Rett tamomila bir-birlaridan uzoqlashadilar.
Melani esa ikkinchi marotaba homiladorlikni koʻtara olmay, vafot etadi. Ammo oʻlimdan oldin Skarlettga Rett uni sevishini aytadi. Skarlett esa Eshlini hech qachon yaxshi koʻrmaganini, haqiqatda Rettni sevishini tushunib yetadi. Endi hamma narsa boshqacha boʻlishiga ishonib, Rettga oʻz tuygʻularini iqror qiladi. Ammo Rett bu gaplarni eʼtiborsiz qoldiradi. Uning Skarlettga boʻlgan tuygʻulari allaqachon soʻnib boʻlgan. Lekin Skarlettni bunday hol qoniqtirmaydi. U Rettni qaytarish niyatida qoladi: Bularning barchasi haqida ertaga, Tarada oʻylayman. U yerda buning uddasidan chiqaman. Ertaga Rettni qaytarish yoʻlini topaman. Axir ertaga boshqa kun boʻladi.
Qahramonlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ketti Skarlett (OʻHara) Gamilton Kennedi Batler Bosh qahramon. Skarlett tannoz qiz, badavlat uyga merosxoʻr. Doim ota-onasi va xizmatkorlar qaramogʻida. Romanning oxirida (1873-yil) Skarlett yaqinlarining oʻlimini, 1861-65 yillardagi fuqorolar urushini va Janubning qayta qurilishini boshdan oʻtkazadi. U ota-onasini, farzandini, sevgisini va doʻstlarini yoʻqotgan boʻlsa ham taslim boʻlmaydi. Skarlett ertaga boshqa kun boʻlib, barcha xatolarni tuzatish uchun yangi imkoniyat paydo boʻlishiga ishonadi.
- Kapitan Rett K. Batler Jamiyatda qabul qilingan barcha qoidalarni hazar qiluvchi, badavlat inson. Koʻzlagan maqsadlarida muvaffaqiyatga erishish uchun hamma narsaga tayyor. Atlanta va Djonsboro aholisi oldida obroʻ va ehtiromni yoʻqotgan boʻlsa-da, chindan juda aqlli, rahmdil va bagʻrikeng inson. Odamlarda birinchi navbatda ichki goʻzallikni qadrlaydi.
- Mayoʻr Djoʻrdj Eshli Uilks Djordjiyadagi eng yaxshi oʻq otuvchilar, qartabozlar va otliqlar qatoriga kirishidan qatʼiy nazar, uzoq muddat davomida oʻz ichki dunyosida yashaydi. Urush paytida jasur va ishbilarmon zobit sifatida taniladi. Urushdan keyin esa Ku-kluks-klanning mahalliy rahnamolaridan biriga aylanadi. Ammo urush Eshlini hamma narsadan mahrum qiladi. Janubning qayta qurilishi davrida, yangi dunyoga mutlaqo moslashmaganligi sababli sarosimaga tushib qoladi.
Boshqalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Charlz Gamilton Skarlettning birinchi eri. Urush davrida qizamiq orttirib halok boʻladi
- Melani Gamilton Uilks Charlining singlisi. Eshlining rafiqasi. Mehribon, nozik, ochiqkoʻngil va sodda qiz. Melani odamlarga doimo ishonadi.
- Syullin va Kerrin Skarlettning singillari. Kerrinning sevgisi urushga ketib xalok boʻladi. Bundan soʻng u Charlstondagi monastirga ketadi. Syulin esa, Konfederat askari- Uill Bentinga erga tegadi. Uill Tarada qolib xoʻjalik ishlarini oboradi.
- Frenk Kennedi Syulinning kuyovi. Skarlettning ikkinchi eri. Ku-kluks-klan aʼzosi. Erkin negrlar lagerida vafot etadi.
- Boʻ(Boʻregar) Uilks Melani va Eshlining oʻgʻli.
- Ueyd Xempton Gamilton Skarlett va Charlzning oʻgʻli.
- Ella Lorina Kennedi Skarlett va Frenkning qizi.
- Boʻnni Blu Batler Skarlett va Rettning qizi. Aslida uning ismi Yudjini Viktoriya Batler edi. Lekin Melani goʻdakni birinchi marotaba koʻrganda, uning moviy koʻzlari Konfederatlar bayrogʻining rangiga oxshar ekan deydi. (Bu bayroqning nomi "Bonny Blue"). Bunga javoban Rett Yudjinini qoʻliga olib „Boʻnni Blu Batler“ deb kuladi. Bundan keyin qizni faqat shu ism bilan atashadigan boʻladilar. Boʻnni 4 yoshga kirishga ulgurmay, toʻpichoq otdan yiqilib olamdan koʻz yumadi.
Davomi
[tahrir | manbasini tahrirlash]- "Skarlett" Aleksandr Ripli: Skarlett va Rettning hayoti haqidagi roman.
- "Rett Batlerning odamlari" Donald Makkeyg: "Shamollarda qolgan hislarim" asaridagi hodisalar roʻy berayotgan vaqtda, Rettning yondosh hayoti haqidagi hikoya.
- Bundan tashqari norasmiy nashr etilgan kitoblar mavjud. Ularning koʻpchiligi AQSH hududida yozilgan, masalan: „Tara shamollari“ Ketrin Pinotti. Ayrimlari esa MDH davlatlarida: „Rett Batler“, „Skarlettning soʻnggi sevgisi“- bu kitoblar Djuliya Xillpatrik taxallusi ostida yozilgan boʻlib, gʻarbda tanilmagan.
Mualliflik huquqi
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1949-yil, Margaret Mitchellning vafotidan soʻng, uning jiyanlari Djozef va Yudjin Mitchellar mualliflik huquqini teng miqdorda boʻlib olishgan.
- 2012-yil Djozefning vafotidan keyin, uning ulushi vasiyatnoma boʻyicha Atlantaning katolik arxiyeparhiyasiga tegishli boʻldi.
Omillar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Avvalo, muallif asarni "Tote Your Heavy Bag" yoki "Tomorrow is Another Day" deb atamoqchi boʻlgan.
- "Gone with the Wind" nomi Ernest Douson ning "Non Sum Qualis eram Bonae Sub Regno Cynarae" sheʼrining 3 chi bandiga asoslangan:
I have forgot much, Cynara! gone, gone with the wind, Flung roses, roses riotously with the throng, Dancing, to put thy pale, lost lilies out of mind; But I was desolate and sick of an old passion, Yea, all the time, because the dance was long: I have been faithful to thee, Cynara! in my fashion
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Margaret Mitchell, touched by the "far away, faintly sad sound I wanted" of the third stanza's first line, chose that line as the title of her novel Gone with the Wind. https://www.awesomestories.com/asset/view/SOURCE-of-the-TITLE-GWTW-Margaret-Mitchell-Gone-with-the-Wind
- ↑ "Obituary: Miss Mitchell, 49, Dead of Injuries". The New York Times. August 17, 1949. Retrieved May 14, 2011.
- ↑ Part 1, chapter 1
- ↑ Part 1, chapter 6
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- http://www.poezia.ru/article.php?sid=69244 (Wayback Machine saytida 2013-01-19 sanasida arxivlangan)