Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

It

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
It

It (lotincha: Canis familiaris) — boʻrisimonlar oilasiga mansub uy hayvoni. Hamma mamlakatlarda tarqalgan. Yovvoyi ajdodi boʻri. Mezolit davrida (miloddan avvalgi 15-10 ming yil) xonakilashtirilgan. Itlarning hid bilish, eshitish va koʻrish organlari, shuningdek, miyasi yaxshi rivojlangan. Itlarda 42 tish boʻlib, qoziq tishi nihoyatda mustahkam. Urgʻochisi 7-8 oyda, erkagi 10-12 oyda jinsiy voyaga yetadi, erkak it arlon deb ataladi, qanjiklari (urgʻochilari) yiliga ikki marta kuchuklaydi. Boʻgʻozlik davri 58-65 kun. 1-2 tadan 12-18 tagacha tugʻadi. Itning yangi tugʻilgan bolasi kuchuk deyiladi. Kuchuk bolalar koʻr, kar, tishsiz tugʻiladi. Koʻzi 10-14 kundan keyin ochiladi, 5-8 kundan keyin quloqlari eshita boshlaydi, sut tishlari 20-30 kunda chiqadi. Onasini 1-1,5 oy emadi, soʻngra boshqa ovqatlarni ham yeyaveradi. Itlar 12-15 yil, baʼzi zotlari 17 yilgacha yashaydi. Itlarning boʻyi 16-18 sm dan 100 sm gacha, vazni 600 g dan 90 kg gacha boradi. Uy itlari yovvoyilashishi ham mumkin.Itlarning yovvoyi holda yashaydigan yagona turi dingo iti, asosan, Avstraliyada tarqalgan (Kuril orollarida yovvoyilashgan xonaki itlar uchraydi). Jahonda itning 400 dan ortiq zoti maʼlum. It 3 ta asosiy guruhga: xizmat itlari, ovchi itlar, dekorativ itlarga boʻlinadi.

Xizmat itlari qoʻriqchilik va maxsus xizmatlar (harbiy, qidiruv, qorovullik, yuk tashish)ni bajaradi. Ular boyloq, boʻsh yoki alohida kataklarda (xonalarda) boqiladi. Ularning zotlari koʻp. Masalan, ovcharkalar, doberman-pincher, boksyor, erdelyer, qora teryer, dog, senbernar, nyufaunlend. Bu turdagi itlar boʻychan, sharoitlarga bardoshli, odam buyruklariga va mashqlarga tez oʻrganadi. Ular jang maydonlarida yaradorlarni qidirib topish va olib chiqish, aloqa ishlari, minalarni, narkotik moddalarni topish kabi noyob ishlarni bajarishga qodir. Oʻzbekistonda xizmat itlaridan Sharqiy Yevropa ovcharkalari keng tarqalgan. Inson uchun eng yaqin yordamchi itlar choʻpon itlari hisoblanadi. Bunday itlardan boʻribosar, Kavkaz, moʻgul, shotland ovcharkalari chorva podalarini boʻrilardan qoʻriqlash, podaning tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan "podachilik" vazifalarini bajaradi. Itlar chekka shimolda chanaga qoʻshib, transport vositasi sifatida ishlatiladi (10-12 I. qoʻshilgan chanada 400– 500 kg yukni bir sutkada 80-100 km masofaga yetkazishi mumkin).

Ovchi itlar guruhiga mansub 100 dan ortiq zot mavjud, tozi, laycha, setter, poynter, layka, iskovuch va boshqa. Bular yovvoyi hayvon va parrandalarni topib, ovchilarga yordamlashadi. Ovchi itlar bilan sport musobaqalari ham oʻtkaziladi. Uyda asraladigan dekorativ itlardan uzun junli baroq itlar, jingalak jun baroq itlar, balonka, pakana zotli teryer, pudel, shpits, pekin va yapon itlari, mopelar keng tarqalgan. Ular deyarli xoʻjalik ahamiyatiga ega emas va ularni faqat it ishqibozlari urchitadi va boqadi.

Itlar gijja, gelmintozlar, qirma temiratki, qoʻtir, quturish kabi yuqumli kasalliklar bilan ogʻriydi. Bu kasalliklar itdan odamlarga yuqishi ham mumkin. Shu sababli, itlar hamisha veterinariya nazoratida turadi, har yili ular profilaktika maqsadlarida quturishga, kuchuklar esa oʻlatga qarshi emlanishi lozim (yana qarang Itchilik, Itsimonlar).

Rashid Ganiyev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil