Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Kimirakqum

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kimirakqum — Zarafshon daryosi quyi oqimining janubi-gʻarbidagi qumli choʻl. Buxoro viloyatining Qorakoʻl va Jondor tumanlari hududida. Kimirakqum Amudaryoning oʻng sohilidan boshlanib, shimolda qurib qolgan Mohondaryo oʻzanigacha davom etadi. Sharqda Buxoro va Qorakoʻl vohalariga tutashadi. Zarafshon daryosining qadimiy deltasida joylashgan. Relyefi murakkab. Balandligi janubi-gʻarbda 100–105 m, shimolda 203– 226 m. Eol qumlarining barxanli va marzali shakllari uchraydi. Barxanlarning nisbiy balandligi 2–7 m, doʻng qumniki — 2– 5 m. Oʻtmishda choʻldagi buta va yarim butalarni oʻtin sifatida qirqish, tartibsiz mol boqish hududning qum bosishiga sabab boʻlgan. Endilikda harakatdagi qumlarni mustahkamlash natijasida qum koʻchishi bir qadar kamayib bormoqda. Kimirakqumni bir necha quruq oʻzanlar (Zarafshon daryosi tarmoqlari), Mohondaryo va Gurdush sharqdan gʻarbga kesib oʻtgan. Ulardan vohaning tashlama suvlarini Amudaryoga oqizishda foydalanilmoqda (Shimoliy va Porsonkoʻl tashlamalari). Zovur suvlarining toʻplanishi natijasida Shoʻrkoʻl, Qoraqir, Shoʻrxok, Madonkoʻl vujudga keldi, Zamonbobo koʻli suv bilan toʻldi.

Qumdan xoli joylarda yalang qumoqli, pastqamliklarda taqirli, toshloqli, balandroq hududlarda boʻz qoʻngʻir tuproqlar, botiqroq joylarda shoʻrxoklar vujudga kelgan. Shoʻrxoklarning katta maydonlari Mohondaryo vodiysida. Tuproqlarning xususiyatlariga mos ravishda turli choʻl oʻsimliklari tarqalgan. Qumliklarda oq saksovul, cherkez, juzgʻun, qoʻngʻirbosh, iloq va boshqa, shoʻrxoklarda bir yillik shoʻralar, yulgʻun, vohaga tutash joylardagi tuproqlarda qora saksovul, yulgʻun oʻsadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil