Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Lad

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lad (rus. — uygʻunlik, tartib), pardalar tuzilmasi, tuzuk — 1) keng maʼnoda, musiqiy-estetik tushuncha sifatida — pardalarning oʻzaro mutanosibligi, turli balandlikdagi musiqiy tovushlarning uygʻunligi; 2) musiqa nazariyasining asosiy tushunchalaridan biri, musiqiy pogʻonalarning bosh parda (yoki asosiy pardalar qoʻshilmasi) atrofida oʻzaro bogʻlanish tizimi. Lad pogʻonalari oʻzining turgʻun (tayanch)ligi jihatidan bir-biridan farqdanadi, turgʻun boʻlmagan pogʻonalar turgʻun pogʻonalarga "tortilib" (intilib) turadi. Lad pogʻonalarining soni va ular orasidagi intervallar sifatiga qarab ekmelika (balandligi oʻzgaruvchan tovushlardan iborat), angemitonika (yarim tonliksiz tovush-qatorlarga asoslangan), diatonika (shu jumladan, major va minor), xromatika kabi Lad turkumlari ajratiladi. Kuy rivojidagi tayanch va notayanch pogʻonalarning almashinuv jarayonining oʻziga xosligi modal (monodik), garmonik, tonallik va boshqa turlarni tashkil etadi. Bir asar davomida boshlangʻich Ladning balandligi (tonalligi) oʻzgarsa, ogʻishma yoki modulyasiya sodir boʻladi.

Sharq musiqa amaliyoti va nazariyasida Ladlar turlicha nomlanib kelgan: arabcha makam, forscha parda, oʻzbekcha maqom, ozarbayjoncha mugʻom va boshqa Ular oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlib, pogʻonalarning oraligʻi 90, 114, 180, 204 sentli intervallarga asoslanadi va koʻp pogʻonali turli L.larni tashkil qiladi. L.lar turli xalqlar musiqa merosi, oʻtgan zamon va hozirgi davr bastakorlari va kompozitorlari asarlarining muayyan asosini tashkil etadi. Shu bilan birga 20-asr baʼzi musiqa yoʻnalishlari (atonal musiqa, dodekafoniya, sonorizm va boshqalar)da aniq bir Laddan chetlanish uchraydi; 3) musiqiy tovush-qatorning turi (mas. Major, minor).

  • Kon Yu., Nekotorie voprosi ladovogo stroyeniya oʻzbekskoy narodnoy pesni i yeyo garmonizatsii, T., 1979. Olimjon Bekov.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil