Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Modern

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
rasm
Bryusseldagi uy

Modern (frans. moderne — eng yangi, zamonaviy) — XIX asr oxiri XX asr boshlarida Yevropa va Amerika sanʼatida mavjud boʻlgan badiiy uslub. Modern turli mamlakatlarda turlicha ataladi: Angliya, Fransiya, Belgiya, AQSH da "ar-nuvo" (Art Nouveau), Germaniyada "yugendstil" (Jugendstil), Avstriyada "setsission" (Sezession), Italiyada "liberti" (Liberty), Ispaniyada "modernizm" (modernismo) va boshqa modern eklektizmdan qutulishga va "yangi uslub" (yagona sintetik sanʼat) yaratishga harakat qilishlar natijasida yuzaga kelgan; industrial jamiyat jadal rivojlanayotgan, ijtimoiy qarama-qarshiliklar oʻtkirlashib borayotgan sharoitda shakllangan. Modern tarafdorlari klassik sanʼat shakllaridan xolis boʻlishga intildilar. Jumladan, meʼmorlikda qatʼiy rejali order tizimi unsurlaridan voz kechildi. Aynan shu meʼmorlikda modern o'zining oʻziga xos tomonlari oʻzining yaqqol ifodasini topdi; meʼmorlar yangi davr yutuklari, yangi qurilish va bezak materiallari (temir-beton, metall, oyna va boshqalar) dan foydalanish, xom ashyolar texnologiyasi, texnika qurilish konstruksiyalari vositalaridan ijodiy foydalanib, binolarni erkin rejalashtirish, simmetriya qonuniyatlaridan chekinish hisobiga yangi oʻziga xos uslub va kompozitsiyalar yaratishga erishdilar, ular yaratgan bino kompozitsiyasi va unsurlari yagona naqsh ritmi va asar gʻoyasining obrazliramziy mazmuniga boʻysunadi.

XIX asrning oxiriga kelib sanoatning jadal rivojlanishi modernning keng koʻlamda rivojlanishi va yoyilishiga ham sabab boʻldi. Dastlab Angliyada, keyinchalik boshqa Yevropa mamlakatlariga keng tarqala boshladi. Modern tarafdorlari barcha sanʼat turlarining yagona majmui (yaʼni sanʼatlar sintezi)nj yaratish orqali goʻzallik muhitini yaratishga harakat qilishdi. Modernistik uslubida qurilgan binolarning konstruktiv tuzilishi va bezak yechimini ajratish qiyin, binoning ichki fazoviy yechimi binoning tashqi koʻrinishini belgilagan. Binoning tashqi koʻrinishi esa shakllar boyligi va egiluvchan chiziqlar moʻlligi bilan ajralib turgan (belgiyalik Anri Van de Vedde, ispaniyalik A. Gaudi, rossiyalik F.O. Shextel va boshqalarning asarlari). Dastgoh va amaliy bezak sanʼati oʻzaro bir-biriga qoʻshilib uygʻunlashishi ham modernga xos: rassomlik asari namoyon tarzida, haykaltaroshlik esa relyef — boʻrtma tasvir shaklida oʻz mustaqilligini yoʻqotib xona (bino) majmuiga qoʻshilib ketadi. Grafikada Modernning rivoji kitobat sanʼati va jurnallar, plakatlar nashr etilishi va keng tarqalishi bilan bogʻliq. Bu davrda grafika (litografiya, ksilografiya, kitob sanʼati) yuksak taraqqiy etdi (grafikada ingliz O. Berdsli, norveg E. Munk va boshqa, rossiyalik A. Benua, K. Somov va boshqa; plakatchi fransuz A.de Tuluz-Lotrek, E. Grasse va boshqalar).

Amaliy bezak sanʼatida modenizm keng rivoj topdi, amaliy sanʼat ustalari buyumlarni ifodali shakllarda yaratishga harakat qilib, bezak va shakllarda egri chiziqlarga eʼtiborni qaratdilar hamda yassi tekis shakllardan foydalandilar (ispan A. Gaudining sopol va metall buyumlari, belgiyalik X. Van de Velde va shotlandiyalik Makentosh mebellari, Rossiyada — Abramsevo va Talashkino ustaxonalarida tayyorlangan buyumlar va boshqalar).

Oʻzbekistonda modern uslubiga xos xususiyatlar XIX asr oxiri —XX asr boshlarida meʼmorlik va rassomlik sanʼatida kuzatiladi. Toshkent, Qoʻqon, Buxoroda qurilgan ayrim binolarda shu xususiyatlar (modern belgilari)ni koʻrish mumkin: Toshkentdagi knyaz N. K. Romanov saroyi (hozirgi Tashqi ishlar vazirligi qabulxonasi va boshqalar); grafikada bu uslublarni 1895-yil nashr etilgan "Oʻrta Osiyo" almanaxida, rangtasvirda esa A. Volkov, Us t a Moʻmin (A. Nikolayev), V. Ufimsev asarlarida koʻrish mumkin.

Neʼmat Abdullayev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil