Tol
Tol (Salix) – toldoshlarga mansub daraxtlar va buta, chala butalar turkumi. 300 turi maʼlum. Asosan, moʻʼtadil mintaqada, Yevropa va Shimoliy Amerikada tarqalgan. Oʻrta Osiyoda 22 turi bor. Daraxtlarining xodasi yoʻgʻon, poʻsti dagʻal, barglari navbat bilan joylashgan. Baʼzilari bargi yozilguncha, boshqalari bargi yozilgandan keyin yoki bargi yozilishi bilan bir vaqtda gullaydi. Ikki yoshli novdalari kuchala chiqaradi. Gullari ikki uyli, bir jinsli, mart-aprel oylarida gullaydi. Mevasi koʻsakcha. 25-30 kunda yetiladi. Urugʻi mayda, ochiq va nam yerda tez, yaʼni 5-10 soatda unib chiqadi. 15-20 kundan keyin unish qobiliyatini yoʻqotadi. Qalamchasidan, poya (xoda)sidan, parxishdan yaxshi koʻpayadi. Oʻzbekistonda oq tol, qora tol, ignabarg tol, majnuntol, suvtol, turon tollari kabi turlari tarqalgan. Oq tolning (S. alba) balandligi 10–15 m. yogʻoch tanasi poʻstlogʻi toʻq kulrang, sur. tanasining diametri 1,5 gacha, Qora tolning (S. excelsa Gmel.) daraxt novdalari rangi qoʻngʻir qizgʻish. Tez oʻsadi. Issiqqa chidamli, shoʻrxok yerlarda ham yaxshi oʻsadi. Qalamchasi va poyasi ekib oʻstiriladi. Obodonlashtirish va xoʻjalik ehtiyojlari uchun koʻp ekiladi. Ignabargli tol (S. acutifolia) – dare boʻylarida, kichik kichik suv havzalari, ariklar, xonadonlar atrofida usadi. Kuryuqchilikka, shoʻrxokka chidamli. Novdalari nozik va ingichka. Bal. 2–4 m; majnuntol (S. babylonica) – bal. 8–10 m ga yetadi. Manzarali daraxt sifatida oʻstiriladi; suvtol yoki Vilgelms toli (S. wilhelmsiana Bieb.) – buta, novdasi ingichka, uzun, choʻl, adir, togʻ zonalaridagi toʻqayzorlarda uchraydi. Olga toli (S. olgae Rgl.) – yirik buta, novdalari rangi korakizil yoki sariq; Nedzvetskiy toli (S. niedzwieckii Goerz) – past boʻyli daraxt, pishgan novdalari qizgʻish yoki qoʻngʻir. Daryo sohillarida oʻsadi. Turon toli (S. turanica Nas.) – togʻ va tog oldi toʻqaylarida toʻptoʻp boʻlib oʻsadi. Katta buta, balandligi 5–6 m. Barglari uzunligi 12 sm, novdasi och sariq. Novdalaridan har xil savatlar toʻqiladi. Koʻkalamzorlashtirish, obodonlik, ihota oʻrmonzorlari tashkil etish, yogʻoch va xoda olish uchun ekiladi. Qadimdan tol yogʻochidan qurilish materiallari, toqi, ishkom, soʻri, har xil buyumlar, beshik, bolalar oʻyinchoqlari, ketmon va belkurak dastalari yasashda foydalaniladi[1].
Botanik tasnifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tol-Salix L. hayotiy shakllariga koʻra yirik daraxt va butalar boʻlib, balandligi 20-35 m poyasining eni 1 m gacha, baʼzi turlari butalar hisoblanadi. Shoxlanishi simpodial tipda boʻlib, yirik shox-shabbalarni hosil qiladi. Ikki uyli. Poʻstlogʻi kulrang, yoʻl-yoʻl yorilgan. Qari novdalari silliq, yosh novdalari esa tuklar bilan qoplangan. Barglari oddiy, ketma- ket joylashgan, yon bargchali, bandli. Bargi butun, lansetsimon, ustki qismi yashil tovlanadi, bargning ostki qismi esa kumushsimon oqish tovlanadi. Gullari kichik, gulqurgʻonsiz, ayrim jinsli isirgʻalar toʻpgulda toʻplanadi.
Gul va nektardonlarning tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Gullari kichik, gulqurgʻonsiz, ayrim jinsli isirgʻalar toʻpgulda toʻplanadi. Erkak gullari sariq koʻrinishida 2-5 changchili va nektardonlari ikkita bezsimon shaklda. Urugʻchi gullari yashil rangli, ikki mevachibargdan hosil boʻlgan bir bezchali nektardondan iborat. Urugʻchilari silliq, oʻtroq yoki qisqa gulbandli. Bularda nektardonlar urugʻchi gullarda urugʻchining, erkak gullarda esa changchilarning rudimentlashuvidan hosil boʻlgan. Urugʻchi gullarda tuguncha asosida toʻgʻri burchakli shakldagi tuzilma nektardonni koʻrish mumkin. Salix turlarida floral nektardondan tashqari ekstrofloral nektardonlar yaʼni bargda hosil boʻladigan nektardonlar ham mavjud. Tolning nektardonlari, gullashi barglari yozilmasdan oldin boshlanadi. Barg yaproqlarining kattalashuvi va yozilishi bilan gulshira ajralish jarayoni toʻxtaydi. Tol turlarining gullashi aprel oyi oxiri-may oyining boshiga toʻgʻri keladi. Bu vohada togʻ sharoitiga ob-havoning, yaʼni bahorning erta yoki kech kelishiga qarab gullash muddati oʻzgaradi.
Tol-Salix L. turlarning xilma xilligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toldoshlar – Salicaceae oilasining yer yuzida 350-370 turi tarqalgan boʻlib, bu turlar, asosan, oʻrta iqlimli sharoitda oʻsadi. Ular hayotiy shakllariga koʻra daraxt va butalardir. Surxondaryo florasida Salix alba, Salix linearifolia, Salix olgae, Salix capisii, Salix withelmsiana, Salix caesia, Salix niedzwinski, Salix karelinii, Salix turanica, Salix songorica va boshqa turlari Pomir-Oloy togʻ tizimini daryo vodiylarida oʻtkazilgan tadqiqotlarda tavsiflashgan. Sangardak-Toʻpalang suv havzasida Salix blackii, Salix niedzwinski, Salix micaus, Salix oxica, Salix ferganensis, Salix linearifolia turlari 6-8 m daraxt va 2-3 m boʻlgan butalar tavsiflangan[2]. MDH hududida 170 dan ortiq tarqalgan boʻlib, ularni asalshirali oʻsimlik sifatida amaliy ahamiyati taʼriflangan.
Tol oʻsimligining ahamiyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tol turlari amaliy ahamiyatiga koʻra xilma-xildir. Bu oʻsimliklar qadimdan togʻ daryo oʻzanlari, toʻqayzorlarda keng tarqalgan boʻlib, aholi tomonidan manzarali oʻsimlik sifatida koʻp ekilgan va suv havzalari atrofida ekilishi bilan meliorativ vazifalarni bajargan. Tol oʻsimligi ekologik jihatdan suv saqlash, daryo oʻzanlari mustahkamligini saqlashda roli katta oʻsimlik hisoblanadi. Uning yosh novdalari chorva mollari va yovvoy oʻtxoʻr hayvonlar uchun ozuqadir. Sanoatda esa tol poʻstlogʻidan terini oshlash uchun, novdalaridan savat, mebellar tayyorlash uchun foydalaniladi. Mahalliy sharoitda hunarmandlar undan beshik, baʼzi uy jihoz va anjomlari tayyorlashadi. Tol tez oʻsadi va yaxshi soya beradi, uning yigʻloqi shakllari, masalan, majnuntollar dam olish maskanlarida, hovuz, ariq yoqalarida goʻzal landshaftlar hosil qiladi.
Tibbiyotda qoʻllanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Salix L. poʻstlogʻi glikozid salitsin (salitsil kislota), uglevodlar, sellyuloza, lignin, oshlovchi moddalar, antotsian, flavonoidlar, C vitamini saqlaydi. Undan tayyorlangan preparatlar qon oqishini toʻxtatuvchi, ogʻriq qoldiruvchi, tinchlantiruvchi, antiseptik, isitma tushiruvchi, diuretik, shamollashga qarshi kasalliklarda qoʻllanadi. Uning qonning quyuqlashuviga qarshi taʼsiri yurak-qon tomirlari sistemasida tromb hosil boʻlishining oldini olish bilan muhimdir. Tibbiyotda va xalq tabobatida undan damlama va nastoykalar tayyorlab oʻpka shamollashlarida, tomoq ogʻriqlarida, varikozda, terlash hidini yoʻqotishda, bosh ogʻriqlarida ishlatiladi.
Asalarichilikdagi ahamiyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Salix L. turlari erta bahorda asalarilar uchun gulshira va gulchangi beradi. Bunda bir oʻsimlikda 23,4-31 g. shakar yigʻilishi aniqlangan. L.Bulgakova oʻz kuzatishlarida Salix L. turlari gulshira va gulchangi berishi haqida qisqacha maʼlumot bergan[3]. Kraxotin 1991 tol turlari gulchangi beradigan tur sifatida qaraydi. Shu sababdan uning tabiatda va manzarali oʻsimlik sifatida tarqalishi, asalarichilikda oʻz ahamiyatiga ega. Bundan tashqari tol turlarining gullash davri asalarida ozuqa tanqisligi boʻlgan erta bahor davriga toʻgʻri keladi. Salix turlari bahorning erta yoki kech kelishiga qarab turli vaqtlarda gullaydi. Bu esa asalarilar oilasining rivojlanishi davrida maʼlum darajada ozuqa bilan taʼminlaydi. Bu oʻsimlik tuproq-iqlim muhitiga talabchan emas va koʻpaytirish oson. Shuningdek, manzarali va ihota sifatida, xoʻjalik maqsadida ekiladi. Salix carpea L. turi keng maydonlarda ekilganda uning asal mahsuldorligi 150 kg/ga tashkil etgan[4]. Uzoq Sharqda 70 dan ortiq Salix turlari yovvoyi holda keng tarqalgan boʻlib, noqulay sharoitda ham gulshira ajratishi, bularning turlarining birin-ketin gullashi natijasida gullash davri 30-35 kun davom etishi, yalpi maydonlardan 100-120 kg/ga asal olinishi qayd etilgan. Qulay ob-havo sharoitida kontrol uyalari 2 kg.gacha asal toʻplashi aniqlangan. Tol turlarining keng tarqalgani bois birinchi darajali gulchangi va gulshira beruvchi oʻsimlik hisoblanadi. Oʻzbekiston sharoitida tuqayzor, togʻ daryo oʻzanlarida tarqalgan turlarning vaqti biroz choʻzilib 25-30 kun davom etadi. Bu esa erta bahorda arilar uchun ozuqa tanqis boʻlgan davrga toʻgʻri keladi. Changchilari, urugʻchilari ham ikki mevachi barglardan hosil boʻlgan. Gulchangi yopishqoq va hasharotlar yigʻib olish uchun qulay boʻlgan gulchangi beradigan oʻsimlikdir. Gullab boʻlgandan soʻng changchi va urugʻchi shingillari toʻkilib ketadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Tol“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Дробов В.П.. Растительные ресурсы Гиссарского хребта (бассейна реки Тупаланг). Ташкент: Изд.АНУзР, 1951 — 72-bet.
- ↑ Булгакова Л.Л.; Суворин Ф.. Медоносы кочевого пчеловодства. Ташкент: Госиздат УзР, 1961 — 28-31-bet.
- ↑ Аветисян Г.А.. Географическая изменчивость нектаропродуктивности медоносных растений и медосборов. Из материалов XIX международного конгресса по пчеловодству, 1963б, М., Сельхозгиз — 118-bet.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |