Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Yuridik shaxs

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yuridik shaxs — fuqarolik huquqlari va majburiyatlarining konkret subʼekti.

Yuridik shaxs — fuqarolik huquq va majburiyatlarining subʼyektlari hisoblanuvchi korxona, muassasalari, tashkilotlar. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligiga koʻra, Yuridik shaxs oʻz mulkida, xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida molmulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu molmulk bilan javob beradigan, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda daʼvogar va javobgar boʻla oladigan tashkilotdir. Yuridik shaxslar mustaqil balans yoki smetaga ega boʻlishlari kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining FKda Yuridik shaxslarning quyidagi ikkita turi farqlanadi: 1) tijoratchi tashkilotlar, yaʼni foyda olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan tashkilotlar. Masalan, xususiy korxonalar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari; 2) tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar, yaʼni foyda olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan tashkilotlar. Masalan, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari. Yuridik shaxslar fuqaro (fuqarolar) tomonidan (masalan, xususiy korxona, masʼuliyati cheklangan jamiyat, notarial kontora kabi shakllarda), Yuridik shaxslarning oʻzlari tomonidan (masalan, oʻzga aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini sotib olishi yoʻli bilan, Yuridik shaxslar birlashma yoki uyushma ittifoqlariga birlashishi orqali), davlat tomonidan (masalan, operativ boshqaruvga asoslangan taʼlim muassasasini tashkil qilish, davlat molmulki boʻlgan korxona ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotgan paytda aksiyalarning bir qismi davlatning oʻzida qolgan hollar) taʼsis etilishi mumkin. Ular, oʻz navbatida, tashkil qilingan Yuridik shaxsning muassislari (taʼsischilari) hisoblanadilar. Shuningdek, OʻzRda Yuridik shaxsning taʼsischisi chet el fuqarosi, chet el kompaniyasi (Yuridik shaxsi) ham boʻlishi mumkin. Qoidaga koʻra, ustav jamgʻarmasining miqdori taʼsis etilayotgan Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotgan paytda 150000 AQSh dollaridan ortiq va ulushning kamida 30 foizini chetel investorining hissasi tashkil etsa, bunday Yuridik shaxs — qoʻshma korxona, agar yuz foiz ulush chet ellik investorga tegishli boʻlsa, bunday Yuridik shaxs — xorijiy korxona hisoblanadi. Ayni vaqtda bunday mulkiy senzlar mahalliy Yuridik shaxslarga ham oʻrnatilgan. Chunonchi, masʼuliyati cheklangan jamiyatning, xoʻjalik shirkatining ustav fondi jamiyatni, shirkatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytidagi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan kam boʻlmasligi kerak. Ayni vaqtda Yuridik shaxslarning mulkiy mablagʻlari sohasida ayrim cheklashlar ham mavjud. Masalan, Yuridik shaxsning bir turi boʻlgan siyosiy partiyalar xayriya yordamini faqat Oʻzbekiston Respublikasi Yuridik shaxslari va fuqarolaridan oladilar (Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi „Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida“gi qonuni). Oʻzbekiston Respublikasining „Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida“gi qonuni (2000-yil 25-may)ga koʻra, Yuridik shaxslar qonun bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat turi bilan shugʻullanishlari mumkin. Shuningdek, ayrim faoliyat turlari bilan faqat ruxsatnoma (litsenziya) orqali shugʻullanishga yoʻl qoʻyiladi (OʻzRning 2000-yil 25-maydagi „Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida“gi qonuni). Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-maydagi qarori bilan „Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati“ belgilangan. Ularga, jumladan, atom energetikasi obʼyektlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va taʼmirlash, geodeziya va xaritagrafiya faoliyati, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlash, noshirlik, tibbiy, nodavlat taʼlim muassasalari faoliyati kabilar kiradi. Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga koʻra, konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishni maqsad qilib qoʻyuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qiluvchi, xalqning sogʻligi va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek, harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish ham taqiqlanadi.

Yuridik shaxslarning huquq layoqati u tuzilgan paytdan, yaʼni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi va uning faoliyati tugashi (tugatilishi) bilan tugaydi. Yuridik shaxs ustav asosida yoki taʼsis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat taʼsis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot boʻlmagan Yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin. Yuridik shaxs qonunlarga va taʼsis hujjatlariga muvofiq ish olib boradigan oʻz organlari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻladi va zimmasiga fuqarolik burchlarini oladi. Yuridik shaxs organlarini tayinlash yoki saylash tartibi qonunlar va taʼsis hujjatlari bilan belgilanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda Yuridik shaxs oʻz ishtirokchilari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻlishi va fuqarolik burchlarini oʻz zimmasiga olishi mumkin. Yuridik shaxslarning faoliyati qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) yoki tugatish (muassislarning qarori bilan, faoliyat ruxsatnomasiz olib borilganda, bankrot deb topilganda — sudning qarori bilan) orqali bekor boʻladi.

Mamlakatimizda Yuridik shaxslar faoliyatini bevosita tartibga soluvchi bir qancha qonun hujjatlari mavjud: „Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida“ (1991-yil 15-fevral). „Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida“ (1996-yil 26-aprel). „Notariat toʻgʻrisida“ (1996-yil 26-dekabr), „Advokatura toʻgʻrisida“ (1996y-il 27-dekabr), „Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida“ (1997-yil 26-dekabr), „Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida“ (1998-yil 30-aprel), „Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida“ (yangi tahrirda 2004-yil 26-avgust), „Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida“ (1998-yil 30-aprel), „Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida“ (1999-yil 14-aprel), „Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun Yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida“ (2000-yil 15-dekabr), „Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida“ (2001-yil 6-dekabr), „Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshma masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida“ (2001-yil 6 -dekabr), „Xususiy korxona toʻgʻrisida“ (2003-yil 11-dekabr)gi va boshqalar qonunlar.