Vedalar
Vedalar (sanskritcha veda — bilim)— Hindiston yozma adabiyotining qadimiy yodgorligi. Mil. av. 2-ming yillikning oxiri — 1-ming yillikning boshida yaratilib, Veda toʻplamlari deb nomlanadi. Bu madaniy yodgorlikdan bizgacha 4 ta qism (samhita): „Rigveda“ (qasida, madhiya, duolar toʻplami), „Samaveda“ (qoʻshiqlar toʻplami), Ayurveda yoki Yajurveda (qurbonlik qilish yoʻllari), Atharvaveda (sehrli duolar toʻplami) yetib kelgan. Veda adabiyoti bir necha ming yillar davomida shakllanib, qadimgi hindlar tarixidagi turli jamiyatlarning diniy-falsafiy, estetik taraqqiyot darajalarini ifodalaydi. Vedala ichida eng qadimiysi „Rigveda“ hisoblanadi. U 10 kitob (mandala) dan iborat. Bunda tabiatdagi narsa va hodisalar (osmon oʻzgarishi, quyosh, yulduzlar, momaqaldiroq, shamol, yomgʻir, togʻlar, daryolar) ilohiy kuchlar sifatida gavdalantirilib, ular sharafiga qoʻshiqlar, madhiyalar toʻqilgan, ularga qurbonliklar keltirilgan. Insoniyat hayoti, uning baxt-saodati ana shu kuchlarga bogʻliq holda tasavvur qilingan, „Rigveda“ga koʻra, Indra — momaqaldiroq ilohi, Mitra — Quyosh tangrisi, Varuna — Osmon maʼbudi, Agni — Olov maʼbudi, Yama — ajal, oʻlim keltiruvchi, Sama — Oy maʼbudasi, Rita — Koinot tartibini anglatadi. „Rigveda“ qoʻshiqlarini toʻplovchilar rishi (ilohiy qoʻshiqlarni toʻquvchi donishmand)lar deb atalgan. Abu Rayhon Beruniy „Hindiston“ asarida yozishicha, inson boʻla turib, ilmlari sababli farishtalardan afzal va ortiq boʻlgan hikmatshunoslar rishilar, deb atalganlar. Shuning uchun farishtalar rishilardan foydalandilar, chunki rishilar bilim egasidirlar. Rishilardan yuksakda faqat Barohim turadi. „Rigveda“ kitobida qadimgi dunyo falsafiy tafakkurining oʻziga xos badiiy ifodasi koʻrinadi. Unda qadimgi hindlar olam sirlari haqida fikr yuritadilar. Masalan, hech narsaga tayanmagan va yopishtirilmagan Quyosh nega qulab tushmaydi? Kechasi Quyosh qayoqqa ketadi, u qayerda? Shamol qayerda tugʻilib, qayerga boradi? Olamning asosini nima (yoki nimalar) tashkil etadi? Vedada bu va boshqa koʻplab bunday muammolar koʻtarilgan. Sharq faylasuflari toʻrt unsur — suv, olov, havo, tuproqni barcha mavjudotlarning asosi deb bilganlar. Bu jihatdan Veda falsafasi Arastu zamonidagi, keyinroq Forobiy zamonidagi falsafiy tafakkurga taʼsir etgan. Vedagʻar adabiyoti Vedadan tashqari brahmanlar, aranyakalar va upanishadlardan iborat. Qadimgi Hindistonda varna (kasta)chilik jamiyati vujudga kelganida brahmanlar adabiyoti rivojlangan. Brahmanlarda samhitalardagi kohinlarning diniy marosimlari sharhlab beriladi.
„Aranyakalar“ (aynan „Oʻrmon kitobi“) jamiyatdagi jabr-zulmdan, gʻarazli, tuban, mol-dunyoga oʻch odamlardan oʻrmonlarga qochib, yolgʻizlikda yashaganlarga bagʻishlangan.
Upanishad (maxfiy taʼlimot)lar asosan falsafiy-diniy risolalardir. Upanishadlarda falsafiy masalalar ancha keng yoritilgan boʻlib, hindlar tangrisi Brahma (Beruniyda — Barohim) borliqning ibtidosi va intihosi, barcha mavjudotlarning asosi, deb ulugʻlanadi. Upanishadlarga koʻra, moddiy olam, shu jumladan, inson ham Atma-Brahmadan paydo boʻlgan va oʻshanga qaytadi. Bu fikr islomdagi — sufiylar (Ibn Arabiy, Mansur Halloj va boshqalar)ning butun borliq Allohning tajalliysi, jamoli. Yaxshi, pok insonlar haq visoliga yetishib, u bilan qoʻshilib ketadi, degan fikrlariga uygʻundir. Upanishadlarda aytilishicha, inson bunga erishish uchun muayyan axloqiy mezonlarga, karma va dharma taʼlimotiga rioya qilishi kerak. Upanishadlarga koʻra, har bir inson oʻzidagi ilohiy dharmalarga muvofiq yashaydi. Agar inson bu dunyodagi hayotida pokiza, ezgu niyatlar bilan yashasa, qaytadan dunyoga kelishda yana inson boʻlib keladi. Aksincha boʻlsa, odam tuban, hayvoniy ishlar qilsa, keyingi kelishida joni hayvonga koʻchadi. Beruniy „Hindiston“ asarida yozishicha: shu tabaqalar (brahmanlar, kshatriy-harbiylar, vayshya — dehqonlar, chorvadorlar, shudra — quyi tabaqa vakillari)dan kimning xalos boʻlishga tayyor va loyiq ekani haqida hindlarning fikri turlichadir. Baʼzi vedashunoslar brahmanlar va kshatriydan boshqalar qutulish (najot)ga qobil emas, chunki Vedalarni oʻrganishga faqat ular haqli xolos, deydilar.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |