Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Aerovokzal

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Aerovokzal — aeroportlarsa havo transporti yoʻlovchilariga xizmat koʻrsatiladigan va yuk operatsiyalari oʻtkaziladigan bino yoki binolar majmui. A. tarkibiga vokzal oldi maydoni (shahar transporti toʻxtab turish maydoni bilan birga), samolyotlar turadigan perron, perron-texnika xizmati koʻrsatish binolari, samolyot bortida yoʻlovchilarga beriladigan oziqovqat tayyorlash sexi, mehmonxonalar, komanda-dispetcherlik punktini oʻz ichiga olgan asosiy inshootlar majmui kiradi. Odatda, bu bino va inshootlar A. binosi bilan birga quriladi. A.ning ichki va xalqaro liniyalarga xizmat koʻrsatuvchi xillari boʻladi. A.da yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish yumushlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi: chiptalar sotish va roʻyxatga olish; reys boʻyicha yuklarni qabul qilish, rasmiylashtirish, komplektlash va uchib kelgan yoʻlovchilarga yuklarini berib yuborish; samolyotlarning uchishi va qoʻnishi haqida axborot berib turish, pochta, maishiy, tibbiy va boshqa xizmatlar koʻrsatish. A.ning oʻlchami aeroportning yoʻlovchilarni tashish hajmidan kelib chiqadi. Toshkent aeroportidagi A. yirik A.lar jumlasiga kiradi (524-betdagi suratga qarang). Yirik shaharlarda aeroportlardagi A. ishini yengillashtirish maqsadida aeroport bilan shahar transporti vositasida bogʻlangan shahar A.i quriladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil