Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Bayoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bayoz (arab. — oq, oqlik) — sheʼrlar toʻplami. B.lar ikki va undan ortiq shoirlar sheʼrlaridan tuziladi. Ilk Bayozlar, asosan, mashhur shoirlarning gʻazallaridan tuzilgan, keyinchalik bunga rioya qilinmagan. Bayozlar deyarli lirik janrdagi asarlardan tashkil topadi, unga nasriy parchalar ayrim hollardagina kiritiladi. Bayozlar biror gʻoya yoki maʼlum davr dunyoqarashini targʻib qilmaydi, umuman saylab olingan asarlarda davriylik ham boʻlmaydi, ular qatʼiy bob va boʻlimga ajratilmaydi, mualliflar ijodi sharhlanmaydi. Kimning sheʼridan qancha kiritish tuzuvchi xohishiga bogʻliq. Bayozlar sarbayoz (soʻz boshi), lirik sheʼrlar (asosiy qism), xotima va ilovadan tashkil topadi. Ayrim Bayozlarda sheʼrlari keltirilgan shoirlar nomi mundarija sifatida beriladi. Baʼzan Bayozlarga xalq ogʻzaki ijodi namunalari: oʻlan, latifa, mutoyiba, maqol, musiqiy asarlar (Buxoro shashmaqomi, Xorazm maqomlari, FargʻonaToshkent maqom yoʻllari, ashula va katta ashulalar) ham kiritiladi. Ilk Bayozlar arab sheʼriyati rivojlangan davr (7501O55)da yuzaga kelgan (qarang Tammom, Saolibiy). Turkistonda bayozchilik 10-15-asrlar sheʼriyati taʼsirida vujudga keladi. 18-19-asrlarga kelib ular mundarija va mazmun jihatdan ancha boyidi. Ayniqsa, Bedil ijodiyoti taʼsirida Bayoz tuzish anʼanaviy tus oldi. Rasmiy va norasmiy Bayozlar bor. Rasmiy Bayoz maxsus kotib, naqqosh, sahhof tomonidan buyurtmaga yoki muayyan shaxs talabiga mos tarzda tuziladi. Norasmiy Bayozda bezak va matnlarning joylashishida muayyan tartib boʻlmaydi. Bundaylari oʻz navbatida yana ikkiga boʻlinadi: a) shoir yoki kotib oʻziga maʼqul shoirlarning asarlaridan tanlab tuzadi; b) tuzuvchining oʻz sheʼriy toʻplamiga boshqa shoirlar asarlaridan namunalar kiritiladi (mas, "Bayozi Miriy", "Bayozi Roziy", "Bayozi Nodim", "Bayozi Kamiy" va boshqalar).

Adabiy taraqqiyot jarayonida B.lar adabiyot namunasigina boʻlib qolmay, haqiqiy sanʼat asariga ham aylandi, oʻziga xos maktablar paydo boʻldi. Fargʻona, Buxoro, Xorazm, Toshkent maktablariga mansub B.lar asosan ikki tilda — oʻzbek va fors tillarida tuzilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Muhammad Rahimxon Soniy (Feruz) tashabbusi bilan rasmiy B.lar tuzish rivoj topdi, yuzlab naqshdor Bayozlar tuzildi va noyoblaridan nusxalar koʻchirildi. 19-asr oxirlarida Turkistonda matbaa ishlarining rivojlanishi bilan qoʻlyozma B.lar tuzish davom etgani holda, Toshkent va Xivada toshbosma B.lar chop etish yoʻlga qoʻyildi. Bayoz Turkiston xalqlari adabiyoti tarixini va devon tuzmagan shoirlar ijodini oʻrganishda muhim manbadir.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Hamidova M., Qoʻlyozma bayozlar — adabiy manba, T., 1981.