Elektr hisoblagich
Elektr hisoblagich — maʼlum vaqt oraligʻida sarflangan elektr energiyasini hisoblaydigan elektr oʻlchash asbobi. Oʻzgarmas tok va oʻzgaruvchan tok Elektr hisoblagichlari bor. Oʻzgarmas tok zanjirida magnitoelektrik, ferrodinamik, elektrolitik va elektrodinamik sistemalar, oʻzgaruvchan tok zanjirida induksion (aktiv va reaktiv energiyani hisobga oladigan) Elektr hisoblagichlar ishlatiladi. Elektrolitik sistemadan boshqa hamma sistemalarda Elektr hisoblagich mikroelektr dvigateldan iborat boʻlgani uchun ular koʻpincha motorli Elektr hisoblagich deb ataladi. Elektr hisoblagichda tekshiriladigan zanjirga ketmaket va parallel ulanadigan tok hamda kuchlanish zanjirlari boʻladi.
Oʻlchash natijasi (kilovattsoat) disk oʻqi bilan chervyakli uzatma orqali biriktirilgan hisoblash mexanizmidan olinadi. Oʻzgaruvchan tok Elektr hisoblagichlari xonadonlarda, yoritish tarmoqdarida, kommunal xoʻjalikda, oʻzgarmas tok Elektr hisoblagichlari yirik korxonalarda ishlatiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |