Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Fonema

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Fonema (yun. phonema — tovush) — til tovush qurilishining maʼnoli birliklar — morfemalar tanib olish va farqlash uchun xizmat qiladigan birligi; oʻz navbatida, morfemalarning eng kichik tarkibiy qismi sifatida soʻzlarni ham oʻzaro ajratadi va farqlaydi. U faqat soʻz va morfemalar tarkibidagina muayyan maʼnoga, maʼno farqlash xususiyatiga ega boʻladi. Mas, oʻzbek tilida k Fonemasi yaqin til orqa, portlovchi jarangsiz undosh tovush boʻlib, chuqur til orqa, sirgʻaluvchi, jarangli gʻ, lablab, portlovchi, jarangli b Fonemalaridan farqlanadi. Fonema qandaydir eng sodda element emas, chunki bir paytning oʻzida mavjud belgilardan iborat birlikdir.

Fonemaning belgilari farqlovchi (differensial) va farqlanmaydigan (integral) turlarga boʻlinadi. Farqlovchi belgilariga koʻra, Fonemalar oppozitsiyalar (zidlanishlar) hosil qiladi. Farqlanadigan fonemalar pozitsiya, yaʼni uning oʻz artikulyatsiyasi bilan aniq talqin etish uchun qulay sharoit - kuchli pozitsiya deb nomlansa, farqlanmaydigan fonemalar, boshqa bir Fonema bilan mos tushib qoladigan pozitsiya, sharoit kuchsiz pozitsiya deb ataladi. Kuchli pozitsiyada Fonema morfema va soʻzlarni farqlash vazifasiga (semasiologik vazifaga) ega boʻladi, kuchsiz pozitsiyada esa Fonema bunday vazifaga ega boʻlmaydi. Oʻzbek tilida unlilar oldidan kelgan undoshlar koʻpincha kuchli pozitsiyada (may, bola, mola, qozon, dor, gul), soʻz oxiridagi jarangli va jarangsiz Fonemalar kuchsiz pozitsiyada (tob, sud, maqsad, bugʻ, barg) boʻladi. Kuchsiz pozitsiyada Fonemaning turli variantlari yuzaga chiqadi, kuchli pozitsiyada esa uning asosiy koʻrinishi oʻzining barcha farqlovchi belgilari bilan namoyon boʻladi. Tafovuti, farqi birgina Fonemaga tayangan morfema va soʻzlar juftligida Fonema ayniqsa aniq bilinadi (qoʻl—soʻl, chol— chal—choʻl). Fonemaning mavjudligi yoki yoʻqligi ham morfema va soʻzlarni farqlashi mumkin (darmon—armon, uni—unni).

Fonemaning farqlovchi belgilari juda xilma-xil, lekin har bir tilda ularning toʻplami cheklangan boʻladi. Masalan, rus tilida undoshlarning qattiqlik— yumshoqlik belgisi farqlovchi belgi hisoblansa, oʻzbek va fransuz tillarida bu belgi deyarli ahamiyatsiz, yaʼni farqlovchi belgi emas. Muayyan bir Fonemani roʻyobga chiqaruvchi barcha tovushlar uning allofonlari (yun. allos — boshqa va ...fon - tovush) deyiladi. Ular Fonemaning variantlari oʻlaroq uning asosiy koʻrinishiga oʻxshamasligi mumkin.

Hozirgi termin maʼnosidagi "Fonema" tushunchasi, shuningdek, fonologiya nazariyasi birinchi marta 19-asrning 70—80 yillarida rus-polyak tilshunosi Boduen de Kurtene tomonidan ishlab chiqilgan. Fonemafonologiya va morfonologiyaning oʻrganish obyektidir.

  • Trubetskoy N. S., Osnovi fonologii, M., 1960;
  • Hozirgi oʻzbek adabiy tili, lqism, T., 1980;j
  • Reformatskiy A.A., Vvedeniye v yazikovedeniye, M., 1998.

Abduvahob Madvaliyev, Ibodulla Mirzayev.