Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

René Descartes

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
René Descartes
Tavalludi 31-mart 1596
Vafoti 11-fevral 1650
Fuqaroligi Fransiya
Bolalari Francine Descartes
Otasi Jorge González García
Onasi Camilo Davies Leimdorfer
Principia philosophiae, 1685

Rene Dekart (fransuzcha: René Descartes; 1596-yil 31-mart, Lae, Turen — 1650-yil 11-fevral, Stokgolm) — fransuz faylasufi, olimi, matematigi, fizigi, fiziologi. Rene Dekart La-Flesh iyezuit kollejida taʼlim oldi, yunon tili va lotin tillarini, matematika va falsafani oʻrgandi. 1629-yilda Niderlandiyaga koʻchib borib, fan bilan mashgʻul boʻlgan. Qirolicha Kristina taklifi bilan 1649-yilda Shvetsiyaga boradi va oʻsha joyda vafot etadi. Dekart falsafasi uning matematikasi, kosmogoniyasi, fizikasi bilan bogʻliq. Matematikada analitik geometriya asoschilaridan biri (toʻgʻri burchakli koordinatalar tizimi uning nomi bilan ataladi), oʻzgaruvchi miqdor va funksiya tushunchasini bergan („Geometriya, 1637-yil), bir qancha algebra belgilarini joriy qilgan. Dekart Dioptrika (1637-yil) asarida yorugʻlik nurining ikki muhit chegarasida sinishi haqidagi qonunni bayon qilgan. Harakat miqdorining saqlanish qonunini taʼriflagan. Osmon jismlarining yuzaga kelishi va harakati materiya zarralarining uyurma harakatidan deb tushuntiruvchi nazariya (Dekart uyurmalari) muallifi. Dekart fiziologiyaga oid bir qancha tajribalar oʻtkazdi va birinchi boʻlib shartsiz refleks haqidagi tasavvurni yaratdi. Rene Dekart Dordrext maktabining direktori Isaac Beeckman bilan tanishdi va Isaac Beeckman uchun musiqa toʻplamini 1618-yilda yozdi, 1650-yilda nashr etdi[1].

Dekart fazo materiya bilan toʻla, materiyasiz fazo yoʻq, deb bilgan. Dekart falsafasi asosida jon va tana, „fikrlovchi“ va „koʻlamli“ substansiya dualizmi yotadi. Materiyani koʻlam (yoki fazo) ga tenglashtirgan, harakatni jismlarning oʻz joyini oʻzgartirishidan iborat deb bilgan. Dekart fikricha, harakatning umumiy sababchisi xudo boʻlib, xudo materiya, harakat va osoyishtalikni yaratgan. Insonning jonsiz aʼzoi badani tafakkurga va irodaga ega jon bogʻlab turadi. Dekart falsafasi xudo, jism va jondan iborat uchta tugʻma gʻoya bor degan qoidaga asoslanadi. Dekart xudoning mavjudligini, tashqi olamning realligini isbotlashga harakat qilgan. Dekart gʻoyasiga koʻra, insonning mohiyati uning fikrlashidadir. „Fikrlayapman, demak mavjudman“ degan fikri shundan kelib chiqqan. Dekartning fikricha, ilmda ishonchli, isbotlangan, tajribada tekshirilgan dastlabki asosiy ikki yoʻl bilan — birinchisi induksiya va analiz orqali, ikkinchisi — deduksiya va sintez orqali izlab topiladi. Dekart ikkinchi yoʻlni maʼqul yoʻl deb hisoblaydi. Dekart inson aql-idrokining bilish jarayonidagi oʻrniga yuksak baho beradi. Dekart: „Har bir xulosaga shubha bilan qarash kerak“, — deydi. Dekart har jihatdan ratsional-faylasuf boʻlib, 17—18-asr falsafasi va fani taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshdi. Dekartning falsafa va tabiatshunoslikka oid taʼlimotlari taʼsirida vujudga kelgan ilmiy maktablar majmuasi karteziychilik falsafasi nomi bilan mashhur boʻldi.

Harbiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dekart 1618-yilda professional harbiy ofitser boʻlishni xohlaydi. Dekart yollanma askar sifatida Moris Nassau qoʻmondonligi ostida Bredadagi protestant Gollandiya shtatlari armiyasiga qoʻshildi. Keyinchalik Simon Stevindan harbiy muhandislikni oʻrganishni boshlaydi[2]. Dekart 1619-yildan boshlab Bavariya katolik gersogi Maksimilian xizmatida boʻlgan[3]. Dekart 1620-yil noyabrida Praga yaqinidagi Oq togʻ jangida qatnashgan[4][5].

Dekart qirolicha Kristina tugʻilgan kunidan soʻng haftasiga uch marta ertalab soat 5 da uning sovuq va qurgʻoqchil qal’asida dars berishni tashkil qildi. 1650-yil 1-fevralda u pnevmoniyaga chalindi va 11-fevralda Chanutda vafot etdi[6].

Asosiy asarlari: „Geometriya“ (1637-yil), „Metod haqida mulohazalar“ (1637-yil), „Falsafa asoslari“ (1644-yil) va boshqa asarlar.

  1. McQuillan, J. C. 2016. Early Modern Aesthetics. Lanham, MD: Rowman & Littlefield. p. 45 (Wayback Machine saytida 1 August 2020 sanasida arxivlangan).
  2. Gaukroger 1995, s. 66.
  3. „René Descartes – Biography“ (en). Maths History. 2017-yil 19-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 27-sentyabr.
  4. Parker, N. Geoffrey. 2007. „Battle of White Mountain (Wayback Machine saytida 9 May 2015 sanasida arxivlangan)“ (revised). Encyclopædia Britannica.
  5. Jeffery, R. 2018. Princess Elisabeth of Bohemia: The Philosopher Princess. Lanham, MD: Lexington Books. p. 68 (Wayback Machine saytida 8 November 2020 sanasida arxivlangan).
  6. Bruno, Leonard C.. Math and mathematicians: the history of math discoveries around the world, Baker, Lawrence W., Detroit, MI: U X L, 2003 — 104-bet. ISBN 978-0-7876-3813-9. OCLC 41497065.