Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Sayxunobod tumani

Koordinatalari: 40°22′15.6″N 68°15′54.0″E / 40.371000°N 68.265000°E / 40.371000; 68.265000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sayxunobod tumani
tuman
Tarkibida Sirdaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Sayxun
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Sayxunobod tumani xaritada
40°22′15.6″N 68°15′54.0″E / 40.371000°N 68.265000°E / 40.371000; 68.265000

Sayxunobod tumani – Sirdaryo viloyatidagi tuman. 1952-yil Verxnevolinskoye tumani nomi bilan tashkil qilingan. 1959-yil Sirdaryo va Guliston tumanlari tarkibiga qoʻshilgan. 1970-yil 7-dekabrda Voroshilov tumani nomi bilan qayta tashkil etildi. 1984-yildan Sayxunobod nomi bilan yuritiladi. Shimolda Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq, Oqqoʻrgʻon, sharqda Boʻka tumanlari, shimoliy gʻarb va gʻarbda viloyatning Sirdaryo, januba Guliston tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,55 ming km². Aholi 61,9 ming kishi (2003). Tumanda 1 shaharcha (Sayxun), 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Guliston, Istiqlol, Ittifoq, Nurota, Shoʻrazak, Yangihayot, Oʻzbekiston) bor. Tuman markazi – Sayxun shaharchasi.

St. Mirzachoʻlning sharqida joylashgan. Relefi pasttekislik. Grunt suvlari shoʻr. Tuman hududidan „Oʻng tarmoq“ kanali oqib oʻtadi (tuman hududidagi uzinligi 31 km). Undan sugʻorish uchun ekin maydonlariga kichik tarmoqlar chiqarilgan (Shoʻrazak kanali – 15 km va boshqalar). Shoʻr sizot suvlar ariq va zovurlar orqali Bosh Qayir, Shoʻrazak va boshqa kollektorlarga oqadi. Tuman sharqida Sirdaryoga tutashgan. Past joylarda baʼzan kichik koʻllar (Shoʻrkoʻl, Qolgansir, Koʻrkoʻl) uchraydi. Iqlimi kontinental. Oʻrtacha harorat iyulda 28 C°, yanvarda —2 C°dan —4 C° gacha. Yillik yogʻin 200-250 mm. Vegetatsiya davri 195—200 kun. Dastlabki kuzgi sovuq oktabr oʻrtalaridan tusha boshlaydi, aprelning birinchi yarmigacha sovuq boʻlishi mumkin. Tuproqlari lyoss katlam ustida paydo boʻlgan och tusli boʻz tuproq va oʻtloqi allyuvial tuproqlardan iborat. Yovvoyi oʻsimliklar (qamish, yantoq, ajiriq va boshqalar) yoʻl, ariq, zovur va koʻl chetlarida uchraydi. Hayvonlardan yovvoyi oʻrdak, qashqaldoq, ilon, kaltakesak, suv havzalarida baliqlar bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, tatar, rus, koreys va boshqa millat vakilari ham yashaydi. Aholisining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 121,6 kishi (2003). Qishloq aholisi 56461, shahar aholisi 5439 kishi.

Dehqonchilik, asosan, paxtachilik – tuman xoʻjaligining negizini tashkil qiladi. Shirkat xoʻjaliklari paxtachilikdan tashqari gʻallachilik, polizchilik, sabzavotchilik, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Tumanda 5 qoʻshma, 15 kichik, 56 xususiy korxonalar, 24 aksiyadorlik jamiyatlari mavjud. Sanoat, transport, qurilish, aloqa korxonalari bor. Shulardan paxta tozalash zavodi, „Oqoltindon“ korxonasi, MTP, avtokorxona, tuman matlubot jamiyati va ishchilar kooperatsiyasi ishlab turibdi, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud.

Tumandagi ekin maydonlariga paxta, don, sabzavot, poliz, yem-xashak ekinlari, kartoshka, beda ekiladi. Sayxunobod tumanida 11 shirkat, 795 fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, ot, parranda boqiladi. Tuman hududidan Katta Oʻzbekiston trakti oʻtadi. Umumiy taʼlim maktablari, gimnaziya, litsey, kasb-hunar kolleji mavjud. Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, madaniyat uylari, bolalar musiqa maktabi bor. Kasalxona, tugʻruqxona, bolalar va kattalar poliklinikalari va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. „Yangi hayot“ tuman gaz. chiqadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil