Location via proxy:   [ UP ]  
[Report a bug]   [Manage cookies]                
Kontent qismiga oʻtish

Dezoksiribonuklein kislota

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
2024-yil 18-dekabr, 19:53 dagi Muzaffar Turgunov (munozara | hissa) versiyasi
(farq) ←Avvalgi koʻrinishi | Hozirgi koʻrinishi (farq) | Yangiroq koʻrinishi→ (farq)
DNK
kimyoviy tuzilishi

Dezoksiribonuklein kislota (DNK) — nuklein kislotalarining bir turi. Tarkibida dezoksiriboza, azot asoslaridan adenin (A), guanin (G), sitozin (cytosine) (C) va timin (T) hamda fosfat kislota boʻladi. Barcha tirik organizmlar hujayrasida uchraydi va koʻpchilik viruslar tarkibiga kiradi. Tirik organizmlarda irsiy belgilarni saqlash va nasldan-naslga oʻtkazish vazifasini bajaradi. DNK ning nukleotidli tarkibi, yaʼni uning birlamchi strukturasi har bir organizm uchun oʻziga xos va qatʼiy individual boʻlib, biologik informatsiyaning kod shaklda (qarang Genetik kod) yozilishidir. DNK ning genetik ahamiyatini dastlab O. Everi shogirdlari bilan birga aniqlagan (1944, AQSH). DNK tarkibidagi nukleotidlarning oʻzaro munosabati maʼlum qonuniyatlarga boʻysunadi. Bu qonuniyatlar E. Chargaff (AQSH) tomonidan aniqlangan (1950). Bu qoidaga asosan DNK dagi purin asoslarining yigʻindisi pirimidin asoslarining yigʻindisiga teng boʻlib, bunda A ning miqdori T miqdoriga va G ning miqdori C miqdoriga teng . Mazkur qoidalarga asoslanib D. Uotson va F. Krik DNK ning strukturaviy modelini kashf etishdi (1953). Bu modelga koʻra, DNK molekulasi qoʻsh spiral hosil qiluvchi ikkita polinukleotid zanjirdan tashkil topgan va har ikkala zanjir bir umumiy oʻqqa ega. Zanjirning bir oʻrami orasidagi masofa 34 A ga teng va 10 ta nukleotid qoldigʻidan tashkil topgan (V-shakl). Polinukleotid zanjirlarning pentozafosfat guruhlari spiralning tashqi tomonida, azot asoslari esa ichki tomonida joylashgan. Polinukleotid zanjirlar bir-biriga nisbatan teskari yoʻnalgandir. DNK ning bir zanjiridagi nukleotidlarning ketma-ketligi, ikkinchi zanjirdagi nukleotidlarning ketma-ketligini taʼminlaydi yoki ular komplementar (toʻldiruvchi) hisoblanadi. Komshtementarlik nuklein kislotalarning strukturaviy va funksional tuzilishida universal prinsip hisoblanadi. Koʻpchilik tabiiy DNK molekulalari qoʻsh zanjirli va toʻgʻri chiziqli holda uchrasada, biroq, ular juda katta mol. m.ga ega boʻlgan molekulani kichik hajmda joylash uchun buklangan, halqa, superspiral va boshqa shakllarni olishi mumkin. Ayrim viruslar DNK si bir zanjirli boʻladi. Prokariotlar hujayrasida DNK bitta xromosomada mujassamlashgan boʻlib, mol. m.si 10’ dan ortiq va uz. taxminan 1 mm ga teng . Eukariotlar hujayrasidagi DNK asosan yadroda de-zoksinukleoprotein (DNP) shaklda boʻlib, xromosoma yoki xromatinning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Yadrodan tashqari DNK mitoxondriy va xloroplast tarkibida ham uchraydi. Abdukarim Zikiryoyev.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil